TIL — NE’MAT HAM, SINOV HAMDIR
13

Alloh taolo insonni so‘zlash, fikrlash va aql yuritish ne’mati bilan sharafladi. Til — inson qalbining tarjimoni, iymon va axloqning oynasidir. Ammo aynan shu til orqali inson savobning eng yuksak darajalariga ham, gunohning eng quyi pog‘onalariga ham tushishi mumkin. Shunday og‘ir gunohlardan biri bu — G‘iybatdir.
Bunga dalil qilib Qur’oni karimdagi Xujurot surasi 12- oyatini dalil bo‘ladi:
ولا يغتب بعضكم بعضا أيحب أحدكم أن يأكل لحم أخيه ميتا فكرهتموه واتقوا الله إن الله تواب رحيم
Va bir-biringizni g‘iybat qilmang. Sizlardan birortangiz o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi? Ha, shunday qilasiz. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmlidir.
G‘iybatni harom ekani va katta gunohlardan ekanligini barcha ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar.
Bu ishlar qanday bir qabih ish ekanligini ushbu oyatda kelgan misol bilan ham bilib olsak bo‘ladi. Ma’lumki odam go‘shtini yeyish mumkin emas, qolaversa, u o‘lgandan keyin aslo hayolga ham kelmaydigan ishdir. Bu oyatda o‘likni go‘shtini tanovul qilishni ko‘nglingiz qanday ko‘tarmasa, birovni g‘iybat qilishni ham shunday ko‘tarmasin demoqda.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan ham bir qancha hadislar kelgan. Ulardan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rosullulloh s.a.v.: «G‘iybat nima ekanligini bilasizlarmi»- dedilar. Sahobalar: «Alloh va uning Rosuli biluvchidir»-deb aytganida, U zot: «Birodaringizni o‘zi yomon ko‘radigan narsa ila eslashingizdir»- dedilar. Shunda aytildiki: «Agar men aytayotganim unda bo‘lsachi, fikringiz qanday». Rosulimiz: «Agar aytayotgan narsang unda bo‘lsa — g‘iybat qilgan bo‘lasan, bo‘lmasa buhton qilgan bo‘lasan»- dedilar. Muslim rivoyati. «Mishkotul masobih kitobidan 4828-hadis».
Imom Navaviy rohimahulloh o‘zining «Sharhu sahihil muslim» kitobida mana bunday deb aytdilar: “Bilinki, g‘iybat ba’zan zarurat yoki maslahat sababli joiz bo‘ladi. Bu oltita holatda bo‘ladi…”
- Zulmni shikoyat qilish,
Biror kishi unga zulm qilganni shikoyat qilib qoziga aytsa,
- Gunohni tuzatish yoki nasihat uchun aytish,
Masalan: «Falonchi shunday ish qilyapti, uni qaytaring», deb ogohlantirish- yaxshilikka targ‘ib qilish niyatida aytsa,
- Fatvo so‘rash,
Kimdir muftiydan yoki olimdan bir ish bo‘yicha fatvo olmoqchi bo‘lib aytsa joiz. Masalan: «Erim menga falon ishni qilib zulm qildi, shariatda buni hukmi qanday » — deb aytsa. Ammo, eng ehtiyot yo‘l — aniq ismni aytmasdan «Bir odam, er yoki bir ota»- deb aytmoqligidir.
- Odamlarni yomonlikdan ogohlantirish,
Kimdir bid’atchi yoki fosiq kishidan ilm olayotganinin ko‘rsa, uni ogohlantirish uchun «U kishi ishonchli emas» deb aytish va shunga o‘xshash — nasihat niyati bo‘lsa , joiz.
- Ochiq gunohkorni zikr qilish,
Agar bir kishi ochiqchasiga gunoh qilsa yoki bid’atni yoysa, masalan — aroq ichish, odamlarni haqqini tortib olish, adolatsiz ishlarni oshkora qilsa — u haqida o‘sha gunohini aytish joiz.
- Tanitish uchun aytish.
Agar kimdir ma’lum bir laqab ila tanilgan bo‘lsa: «Ko‘zi ojiz», «Cho‘loq» yoki «Kar» kabilarni kamsitish va haqorat qilish maqsadida bo‘lmasa, aytish joiz. Ammo, undan boshqa taniladigan yaxshi sifatlari bo‘lsa, o‘shani aytish afzaldir.
Demak, g‘iybat — inson sha’niga dog‘ tushiruvchi, jamiyatda ishonchsizlik urug‘ini sochuvchi illatdir. Qur’on va hadislarda u qat’iy man etilgan bo‘lib, musulmon kishining tili ham, qalbi ham birodarlarining hurmatini saqlashi buyurilgan. Rasululloh s.a.v.:
“G‘iybat – birodaringni unga yoqmaydigan narsa bilan eslashdir” -deb ogohlantirganlar.
Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhu Sahihil Muslim” asarlarida ayrim zaruratli holatlarda — zulmdan shikoyat qilish, yomonlikdan ogohlantirish yoki fatvo so‘rash kabi holatlarda — g‘iybat joiz bo‘lishi mumkinligini bayon etganlar. Bu esa Islomning adolat, haqqoniyat va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslanishini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, millatlararo totuvlik va ma’naviy birlik yuksak qadrlanmoqda. Shunday ekan, har bir fuqaro so‘z erkinligini mas’uliyat bilan qo‘llashni, g‘iybat, bo‘hton va fitnadan yiroq bo‘lishni burch deb bilmog‘i lozim.
Tiniq so‘z, halol niyat va pok qalb — jamiyat barqarorligining poydevoridir.
Shunday ekan, har birimiz tilimizni g‘iybatdan asrash orqali o‘zimizni, jamiyatimizni va Vatanimizni obod qilishga hissa qo‘shamiz.
Xoja Buxoriy madrasasi 3 — kurs talabasi Madaminov Muhammad sharif
