YOLG‘ON — INSON AXLOQINI YEMIRUVCHI ILLAT
16

Yolg‘on — inson axloqini yemiruvchi eng xatarli illatlardan biridir. U nafaqat insonning ishonchini yo‘qotadi, balki jamiyatdagi totuvlik, mehr-muhabbat va ishonchni ham barbod etadi. Yolg‘on — bu insonni ezgulikka emas, halokatga boshlovchi illatdir. Go‘yoki u faqat bir og‘iz so‘zdek tuyulsa-da, aslida jamiyatda ishonchsizlik, adovat va buzuqlik urug‘ini sochadi. Haqiqatdan uzoqlashgan kishi nafaqat boshqalarni, balki o‘zini ham aldaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
«Yolg‘on so‘zlarni ham faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qirlar. Ana o‘shalar yolg‘onchidirlar».
(Nahl surasi, 105-oyat)
Rasululloh ﷺ esa bunday deganlar:
“Munofiqlikning belgisi uchta: u gapirsa — yolg‘on gapiradi, va’da qilsa — va’dasida turmaydi, omonat topshirilsa — xiyonat qiladi.”
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
“Rasululloh ﷺ dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik
ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirishda davom etsa, Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘ondan saqlaninglar, zero yolg‘on fojirlikka, fojirlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on gapirishda davom etsa, Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi.’”
(Buxoriy, Muslim, Termiziy)
Kundalik hayotimizdagi “odatiy” yolg‘onlar
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda, ish joylarida, o‘qishda yoki kundalik hayotda yolg‘on gapirish ko‘p hollarda odatiy holga aylanib bormoqda. Ba’zan bunday yolg‘onlar “kichkina”, “zararsiz” yoki “odob uchun” aytilgandek tuyuladi. Ammo ular ham inson qalbini bulg‘aydi, ishonchni yemiradi.
Misol uchun:
“Hozir chiqaman” — aslida hali kiyinmagan.
“5 daqiqada yetaman” — aslida yo‘l hali uzoq.
“Kechga qo‘ng‘iroq qilmoqchi edim” — aslida eslamagan.
“Pulim yo‘q edi” — aslida bermoqchi bo‘lmagani uchun.
“Uyda hech kim yo‘q” — aslida mehmon qabul qilgisi kelmagan.
“Telefonim o‘chib qolgan” — aslida qo‘ng‘iroqni ko‘rgan, lekin javob bermagan.
“Vaqt topolmadim” — aslida istamagan yoki unutgan.
“Juda chiroyli kiyingansiz!” — aslida shunchaki odob uchun.
“Ovqatingiz juda mazali ekan” — aslida yoqmagan.
“Sizni juda hurmat qilaman” — aslida ichidan xafa.
“Hujjatni yubordim”, “tayyorlab qo‘ydim” — hali boshlanmagan.
“O‘qituvchi aytmagan”, “internet ishlamay qoldi” — vazifa bajarilmaganda.
“Ertadan o‘qishni boshlayman”, “keyingi haftadan sportga chiqaman”, “telefonni kam ishlataman” — ammo amalda o‘zgarmaydi.
Bunday “mayda yolg‘onlar” bizning hayotimizning deyarli har bir jabhasiga singib ketgan. Ularni odatiy deb bilish — yolg‘onning eng xavfli bosqichidir. Chunki bir yolg‘onni yashirish uchun yana boshqasi kerak bo‘ladi, keyin yana boshqasi… Shunday qilib, inson o‘zi bilmagan holda yolg‘on zanjiriga bog‘lanadi.
Hazrati Ali (r.a.): “Yolg‘onning izzati — lahzalik, Ammo xorligi — abadiy.”
Kichik yolg‘on — bu kattaroq rostlikdan bir bo‘lakni yo‘qotishdir.
Yolg‘on ba’zan boshqarish vositasi, ba’zan himoya, ba’zan esa “muloyimlik” sifatida ko‘riladi. Aslida esa u insonning poklik va rostlik sifatlarini so‘ndiradi.
Shuning uchun har bir inson o‘ziga quyidagi savolni berishi kerak:
“Men bugun nechta yolg‘onni ishlatdim?”
Yolg‘on — nafaqat tilni, balki qalbni ham bulg‘aydi. Rostgo‘ylik esa insonni yuksaltiradi, qalbga osoyishtalik baxsh etadi.
Har birimiz har kuni o‘z so‘zimiz, harakatimiz va niyatimizni rostlik bilan bezasak, jamiyatimizda ishonch, mehr va totuvlik mustahkamlanadi.
Alloh taolo bizni yolg‘on so‘zlardan, ikkiyuzlamachilikdan va o‘zimizni aldagan holatlardan asrasin.
Rostlik — jannat sari yo‘l, yolg‘on esa halokat sari …
“Yolg‘on bilan topgan obro‘ — shamday so‘nar,
Rostlik bilan yongan yurak — quyoshday porlar.”
Sa’diy Sheroziy (Gulistondan mazmunan*)
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi SAIDAHMADOV SIROJIDDIN
