TIL OFATI
28

Albatta, insonning ikki dunyodagi baxt saodatga noil bo‘lishi ko‘p jihatdan uning tiliga bog‘liq. Agar tili to‘g‘ri bo‘lsa, u nafaqat o‘ziga, balki boshqalarga ham yaxshilik olib keladi; agar tili yomon so‘zlar ayta boshlasa, u holda ko‘plab balolarni o‘z boshiga duchor qiladi. Inson birgina tilidan aytiladigan so‘z bilan ham yaxshilik yoki yomonlikka mubtalo bo‘lishi mumkin — agar u so‘z yaxshi bo‘lsa, u bilan yaxshilik keladi, agar yomon bo‘lsa, yomonlik keladi.
Kimning so‘zi muloyim va ma’nosini chiroyli ifoda etadigan bo‘lsa, u aql va hikmat egasi sanaladi. Masalan, odamlar orasida yarashtiruvchi inson yuraklarni yumshatish va nafratni yo‘qotish uchun yaxshi so‘zdan foydalanadi.
Umm Kulsum binti Uqba ibn Abi Mu’ayt roziyallohu anho rivoyat qiladilar:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlar orasida yarashtirish uchun yaxshilikni yetkazuvchi yoki yaxshi so‘z aytuvchi kishi yolg‘onchi emas», deganlar.
Aqlli inson — faqat yaxshi so‘zlarni aytadigan, haqni gapiradigan, rostlikni asos qiladigan insondir. U so‘zni faqat so‘ralganda aytadi, faqat qabul qiladigan kishiga gapiradi, haqoratga haqorat bilan javob bermaydi va yomon so‘zga yomon so‘z bilan javob qaytarmaydi. Uning tili doimo to‘g‘ri so‘z so‘zlaydi, shundagina u aytgan gaplari uchun yomonlikka duchor bo‘lmaydi.
Kundalik hayotda esa ko‘p kuzatiladigan holat — g‘azablangan kishi, uning xohishini darhol bajarilmasa, o‘zini yo‘qotib, haqoratli so‘zlar aytadi. Shu so‘zlar sababidan ularning hayotida tinchlik buziladi, hatto bir biridan arazlash kabi noxush oqibatlarga olib keladi. Agar har bir kishi o‘z tillarini haqorat qilish va fahsh so‘zlardan tiyib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatmalariga amal qilsalar, baxtli hayotga erishgan bo‘lar edilar.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mo‘min ko‘p ta’na qiluvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘z aytuvchi ham va tili haqoratli ham emasdir», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni as’hoblaridan: “Muflis kimligini bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Ular: “Bizningcha, muflis dirhami ham, matohi ham yo‘q odam”, — deyishdi. “Ummatimdagi muflis Qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan, ammo buning molini yegan, uni zinoda ayblagan, uning qonini to‘kkan, bunisini urgan odamdir. Uning yaxshiliklaridan unisiga ham, bunisiga ham olib beriladi, zimmasidagilar bitmay turib yaxshiliklari tugab qolsa, ularning gunohlarini olib, buning (muflisning) ustiga tashlanadi. Keyin Do‘zaxga tashlab yuboriladi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ko‘plab balolar insonni tilning xato so‘zlaridan kelib chiqadi. Aqlli inson hech qachon aldov, xiyonat, yolg‘on va firibga qo‘l urmaydi, hatto ular orqali manfaat topsa ham.
Abu Xotam roziyallohu anhu aytganlar:
«Til — yirtqich hayvon kabidir. Agar uni egasi nazorat qilsa, salomat qoladi, agar bo‘shatib yuborsa, u egasini chaqijarohatlab, halok qiladi».
Ba’zilar shunday deganlar:
«Aqlli inson bilmagan narsasi haqida gapirmaydi, aks holda u bilgan narsalarida ham ishonchni yo‘qotadi. Chunki gunohlarning boshi — yolg‘ondir».
Qancha insonlar yolg‘on sababli o‘zining sevgan do‘stini yo‘qotgan, yaqin kishisinidan ajralgan. Shuning uchun inson eshitgan har bir gapni tarqatmasligi kerak, chunki har narsani so‘zlagan odamning fikri zaif bo‘ladi va ishonchini yo‘qotadi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytganlar:
«So‘z — doriga o‘xshaydi: agar kam ishlatsan — foyda beradi, ko‘paytirsan — zarar qiladi».
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarga chiqqan edim. Bir kuni yurib borayotganimizda u Zotga yaqinlashib: «Ey Allohning Rasuli, menga meni jannatga kiritadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering», dedim.
«Batahqiq, buyuk narsani so‘rading. Zotan u Alloh muyassar qilgan kimsa uchun juda ham osondir. Allohga ibodat qilursan. Unga hech narsani shirk keltirmassan. Hamda namozni qoim qilursan. Zakotni ado qilursan, Ramazon (ro‘zasi)ni tutursan, Baytni haj qilursan», dedilar. So‘ngra: «Seni yaxshilik eshiklariga dalolat qilib qo‘yaymi: ro‘za saqlovchidir. Sadaqa xuddi suv olovni o‘chirgandek xatolarni o‘chiradi. Kishining tun ichida o‘qigan namozi solihlarning shioridir», deb «Yonboshlari yotar joylaridan jafoda bo‘lurlar» oyatini tilovat qildilar.
So‘ngra esa: «Senga ishning boshi, umurtqa pog‘onasi va o‘rkachining cho‘qqisi haqida xabar beraymi?» – dedilar.
«Ha, ey Allohning Rasuli», – dedim.
«Ishning boshi Islomdir. Uning umurtqa pog‘onasi namozdir. Uning o‘rkachining cho‘qqisi esa jihoddir», dedilar. So‘ngra dedilar: «Senga o‘shalarning hammasiga molik bo‘lgan narsaning xabarini beraymi?»
«Ha, ey Allohning Payg‘ambari», dedim.
Bas, u Zot tillarini tutib: «Mana buni tiygin!» dedilar.
«Ey Allohning Payg‘ambari, biz gapirgan narsamiz uchun, albatta, (iqobga) olinamizmi?» – dedim men.
«Onang azangni tutsin, ey Muoz. Odamlarni tillarining mahsuli do‘zaxga yuz tuban (yoki tumshuqlari ila) tushirmasa, nima tushirar edi!» – dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Rivoyat qilishlaricha bir kuni Boyazid Bastomiy xazratlari bir janoza namoziga boribdilar, biroz kutishgan ekan ortidan bir darvesh kelibdi. Halqdan pul to‘plash uchun tilanibdi. Darveshning tilanganini ko‘rib xazratning kayfiyatlari tushib ketibdi. O‘z o‘ziga tilanmasa nima qilar ediya. Qanday ham yaxshi darvesh bo‘lar edi deb ko‘nglidan o‘tkazibdi. Hazrat bu xususda ko‘p ham o‘ylamay zikr bilan mashg‘ul bo‘libdilar, namozlarini o‘qib xilvatga kiribdilar. Tushlarida bir o‘likni xazratni oldilariga olib kelibdilar. Hazratning oldilariga o‘likni qo‘yib, o‘likni ko‘rsatib ye buni debdi. Hazrat o‘rnilaridan turibdilar o‘likni kafanini ochib qarasalar janozada tilanchilik qilgan darvesh turganmish. Bastomiy xazratlari men inson go‘shtini yemayman man inson go‘shtini yeyuvchi emasman deganlarida u kishi janozada buni go‘shtini yegan edingku xozir nega yemaysan debdi. Hazrat shoshib qolibdi, men uni tilim bilan gapirmadim. Ko‘nglimdan o‘tkazdim desa u kishi ko‘nglinga kelgani ham g‘iybatdir debdi. Bastomiy xazratlari darxol borib darveshni topibdilar. Undan rozi rizochilik so‘rabdilar va qaytib ko‘nglida ham g‘iybat qilmaslikga tavba qilibdilar.
Tildan keladigan ofatlar ko‘p va turli — tuman bo‘lib, ular qalbni sarxush qiladi. Odam tabiatida ham ularga moyillik bor. Mazkur ofatlardan qutilishning eng oson yo‘li jim turish orqali bo‘ladi. Bu juda katta fazilatdir. Jim turish himmatni jamlaydi va fikrni soflaydi.
Aqlli odam gapirishdan oldin aytadigan so‘zini yaxshilab o‘ylab, tekshirib, keyin so‘zlaydi. Agar insonning tili to‘g‘riso‘z va tarbiyalangan bo‘lsa, boshqa a’zolar ham sog‘ — omon va xotirjam bo‘ladi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
Yа’ni:» Odam bolasi tong ottirganda, tana a’zolarining hammasi tilga tanbeh berib:» Bizning to‘g‘rimizda Allohdan qo‘rq! Biz ( nima ahvolga tushsak ham), sen sababli ( tushamiz). Agar to‘g‘ri bo‘lsang, biz ham to‘g‘ri bo‘lamiz. Agar egri bo‘lsang, biz ham egri bo‘lamiz» deyishadi»( Imom Termiziy rivoyatlari).
Allohning eng ulug‘ ne’matlaridan bo‘lgan tilimizga ehtiyot bo‘lib, har doim aytadigan yoki yozadigan so‘zlarimizning oqibatini yaxshilab o‘ylab, keyin gapirish yoki yozishimiz kerak bo‘ladi. Dunyo va oxiratimiz uchun hech qanday manfaati bo‘lmagan narsalardan tiyilishimiz dinimizning ham ko‘rsatmasidir.
Alloh taolo tillarimizni O‘zining zikri bilan mashg‘ul qilib, faqat yaxshilikka ishlatish, bekorchi va gunoh so‘zlardan tiyish baxtini nasib etsin!
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
o‘qituvchisi Xalikov Nurullo
