Movarounnahr ulamolarining hanafiylik yo‘nalishidagi xizmatlari
28

"Tiled dome of a mosque in Samarkand, UzbekistanMore images of same photographer in lightbox:"
Hanafiy mazhabi IX asrda Imom A’zam Abu Hanifaning iqtidorli va mashhur shogirdi bo‘lgan Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning iste’dodli shogirdlari Abu Sarayman Juzjoniy va Abu Xafs Kabir Buxoriylarning shogirdi Abu Bakr Juzjoniy xizmatlari orqali Movarounnahrga kirib keldi.
Abu Xafs Kabir yirik faqihlarni tarbiyalab Buxoro shahrini, Abu Bakr Juzjoniy esa Imom Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalarni tarbiyalab, Samarqand shahrini islom huquqi markaziga aylantirdilar. Shu bilan Movarounnahr hanafiy mazhabi asosidagi fiqh ilmining asosiy markazlaridan biriga aylandi.
Islomdagi yirik yo‘nalishlardan biri bo‘lgan fiqh bo‘yicha buyuk ajdodlarimiz qoldirgan o‘chmas izlari kelajak avlodlar uchun yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tadi va o‘tamoqda. Ana shunday ulug‘ faqihlardan biri “Hidoya” kitobining muallifi Shayxul islom Imom Buhonuddin laqabi bilan mashhur bo‘lib, kunyasi Abulhasan ismi Alidir. Imom darajasiga erishgan buyuk fiqh olimi, hofizul Qur’on, muhaddis, mufassir, barcha islomiy ilmlarni o‘zida jam qilgan, ilm va fanlarni qalbiga joylagan, hir bir masalani butun nozikliklari bilan egallagan va teran bir qavram bilan tahlil qilgan, o‘tkir nazarli, a’lo darajasidagi taqvo va keng qamrovli bilim sohibi, islomiy ilmlarning har sohasida mohir, ahlo sifatli, usuli fiqhda, she’r va adabiyotda tengi yo‘q, fiqhiy Hanafiyada ustun hukm va keng tafakkur kuchiga ega bo‘lgan zot hanafiy mazhabining keng yoyilishiga o‘zining katta hissasini qo‘shdi.
Markazi Osiyo ulamolaridan yana biri Sirojiddin Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon O‘shiy islom madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan muhaddis, faqih, mutakallim, adib va yetuk shoirlardan biridir. Ul zot o‘sha davridagi nom qozongan olimlardan Burhoniddin Marg‘inoniy, Faxriddin Hasan al-Uzgandiy, Abu Hafs Umar an-Nasafiy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniylar bilan ham asr bo‘lgan. Sirojiddin O‘shiy fiqhga oid “Fatovoi Sirojiya” hamda islom aqoidiga oid “Bad’ul-amoliy” qasidasi bilan katta shuhrat qozongan.
Manbalarda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 300 dan ortiq faqih istiqomat qilib, 150 dan ko‘proq fiqhiy asarlar, jumladan 20 ta fatvo kitoblarini bitganlar, ularning mutlaq ko‘pligi Hanafiy mazhabi asosida yozilgan edi.
Usulul-fiqh (fiqh asalari, manbalari: Qur’on, hadis, ijmo, qiyos va hokazo) Hanafiy mazhabi asosida yuksak darajada rivojlandi. Abu Mansur Moturidiy, Abu Yusr Pazdaviy, Alouddin Samarqandiy, Abu Zayd Dabusiy, Abul Barakot Nasafiy, Sadrush Shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud va Xorazmlik ibn Bazzoziy usul bo‘yicha yirik muvaffaqiyatlarga erishib, o‘zlaridan o‘lmas shoh asarlar qoldirdilar. Ularning ayrim asarlari hozirda ham jahonning ko‘plab universitetlarida darslik sifatida o‘qitiladi.
Furu’ul fiqh (fiqh tariqatlari: ibodat-namoz, ro‘za va hakozo, muamolot-nikoh-toloq, savdo-sotiq va h.k.) bo‘yicha Alouddin Samarqandiy (Tuhfatul-fuqaho) va uning olima qizi Fotima, Abu Bakr Kosoniy (Badi’us-sanoi’), Saraxsiy (Mabsut), Qozixon (Fatvo) va boshqa ko‘p faqihlarning qimmatbaho asarlari bilan hanafiy mazhabini amaliy hayot bilan bog‘lab sohasini kengaytirdilar. Ayniqsa, Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asari bilan jahon miqyosida shuhrat qozondi.
Bulardan tashqari, ayrim ajdodlarimiz o‘z ijodiy faoliyatlari bilan yangi fanlarga asos solishga muvaffaq bo‘ldilar. Masalan, Abu Zayd Dabusiy ilmul-xilof (qiyosiy huquqshuoslik) faniga, Pazdaviy “Ilmul-jadal” (munozara) ilmiga asos soldilar.
Ajdodlarimizning hanafiy mazhabi rivojiga qo‘shgan hissalari shu qadar ulug‘dirki, ularsiz, hanafiy mazhabini tom ma’noda o‘rganish mumkin emas[1]
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi QODIROV OMON
