Usmoniylar davrida qonunchilik islohoti
58

Islom dunyosida qonunlar tizimini tartibga solish Usmoniylar imperiyasida Sulton Sulaymon Qonuniy (1520-1566) davrida boshlandi. O‘sha davr shayxul-islomi, buyuk faqih Imodiy Muhammad Abu Suud Afandi keng ko‘lamli faoliyat olib borib Sulton Sulaymonning eng mashhur qonunnomasi (qonunlar majmuasi)ni to‘pladi. Manbalarda ta’kidlanishicha, o‘sha davrda Abu Suud Afandining yordami va rahbarligida tuzilgan qonunlar shariatdan olingan bo‘lsa ham, ularning bir qismi, ayniqsa, davlat yerlariga tegishli usullar ko‘pincha mahalliy urf-odatlardan olingan edi.
“Islomda huquq” kitobida yozilishicha, Usmoniylar davrida amaldagi to‘plangan va to‘planmagan qonunlarni to‘rt turga bo‘lish mumkin:
- Shar’iy qonunlar.
2.Shar’iy usullarga muvofiq bo‘lmagan nizomnomalar va usullar, ya’ni shariatga tegishli bo‘lmagan mavzular yoki urf-odat asosida chiqarilgan usullar.
- Ehtiyoj va ijtimoiy muhit taqozosi asosida berilgan rasmiy tafsirlar.
- G‘arbiy Yevropaning turli davlatlari qonunlari to‘plamidan olingan barcha usul va qoidalar.
Hukumat rahbarlari shariat tomonidan hukm berilmagan o‘rinlardagina urf-odat yoki o‘z shaxsiy aqidalariga asoslanib ish olib borardilar.
Usmoniylar imperiyasida qonunlarni tartibga solish 1839 yili islohot (tanzimot) bo‘yicha saltanat farmoni nashr etilishi bilan boshlandi. Farmonga binoan eski uslub tark etilib, o‘rniga yangi uslub qo‘llanilishi kerak edi. Farmonda G‘arb o‘lkalari ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, valyuta qimmatini ko‘tarish, transport yo‘llari va kanallar qazish, tijorat va qishloq xo‘jaligi rivoji oldidan barcha to‘siqlarni olib tashlash uchun Yevropa madaniyati, ilmu fani va sarmoyalaridan foydalanish farmonda ta’kidlanadi.
1839 yildan oldin mamlakatda faqat bitta huquqiy tizim, ya’ni shar’iy tizim mavjud edi. Ammo undan keyin o‘lkada ikki xillik huquqiy tizim yuzaga keldi. Biri islom huquqi asosida, ikkinchisi Yevropa, ayniqsa Fransiya qonunlari asosida amal qildi.
Majalla buyuk adib va siyosat arbobi Ahmad Javdat Posho rahbarligidagi rasmiy hay’at tomonidan tuzildi. 1851 moddani o‘z ichiga olgan ushbu kodeks bir muqaddima va 16 kitobdan iborat bo‘lib, har bir kitob bir muayyan mavzuga bag‘ishlangan edi. Masalan, oldi-sotdi, ijara, kafolat, havola, garov, omonat, hadya, davlat mulkini suiiste’mol qilish, mulk egaligi, vakolat, da’vo qilish, hujjatlar, sudda adolatni ijro etish kabi mavzularni o‘z ichiga olardi.
Muqaddimada umumiy fiqxiy qoidalarga ta’riflar berilgan va ular huquqiy tamoyillarni yoritishga qaratilgan.
Majalla keng ko‘lamda tarqaldi. Hatto g‘arb olimlari tomonidan ham yaxshi kutib olindi. Lekin uning kamchiligi unda qattiqqo‘llikka va ba’zan qo‘pollikka yo‘l qo‘yilganligi va faqat hanafiy mazhabi bilan chegaralanib, boshqa mazhablardan foydalanilmaganida edi. Shuning uchun imperiyadagi barcha ehtiyojlarga javob berishga qodir emasdi. Shu sababli 1908 yilda Turkiyada Mashruta (Konstututsiyaviy saltanat) yuzaga kelgandan keyin Majalla tanqid ostiga olindi.
Majallani isloh qilish bo‘yicha faoliyatlar olib borilgan bo‘lsa ham, biror natijaga erishilmadi. 1926 yilda davlat qarori asosida Shveytsariya qonunlari iqtibos qilinib, Majalla bekor qilindi[1].
[1] Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va o‘rta osiyo faqixlari. “TIU”, T.: 2002. B: 25-29..
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi QODIROV OMON
