Aql- Robbisi tomonidan insonga berilgan eng buyuk neʼmatdir.  Alloh taolo inson zotini boshqa mavjudotlardan u sababli ustun qildi. Hayvonlarda kuch, qushlarda parvoz qilish, baliqlarda suzish qobiliyati bo‘lsa, insonning eng ulug‘ fazilati — tafakkur, idrok va aql bilan fikr yurita olishidir. Ilm orqali inson o‘zini va borliqni taniydi, aql orqali esa to‘g‘ri xulosa chiqarib, haqni nohaqdan, yaxshini yomondan, toʻgʻrini notoʻgʻridan ajrata oladi.  Shuning uchun olimlar aqlni “qalbning ko‘zi”, “haqiqatni anglash vositasi” deya ta’riflaganlar.

Qurʼoni Karimda ham Alloh taolo insonlarni aql va fikr yuritishiga oid bir nechta oyatlarni nozil qilgandir. Ulardan  Yunus surasining 100- oyati:

{ويجعل الرجس على الذين لا يعقلون } 

Maʼnosi: Alloh taolo aql yuritmaydigan kishilarga azobni duchor qilur.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Jumladan:

روي عن النبي صلى الله عليه وسلم

لا دين لمن لا عقل له ولا نجاة لمن لا دين له

Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi:

Aqli yoʻq kishining dini yoʻqdir, dini yoʻq kishining najoti yoʻqdir.

            — Ali raziyallohu anhu aytadilar:

«Aql — ilmning aslidir, ilm esa aqlning mevasidir.»

— Imom Shofeʼiy rohmatullohi alayhi ham aql borasida

«Ilm aqldan koʻpdir, ammo aql ilmdan foydaliroqdir»-dedilar.

— Imom Gʻazzoliy rahmatullohi alayhi  

“Ilm — yo‘l, aql esa yo‘lboshchidir. Yo‘lboshchisiz yo‘l kishini manzilga yetkazmaydi”- deb aytganlar.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ilm va aql bir-biridan ajralmasdir. Agar ilm bo‘lsa-yu, aql bo‘lmasa, u zarar keltirishi mumkin. Agar aql bo‘lsa-yu, ilm yetishmasa, u ojiz qoladi. Shuning uchun har bir kishi ilm olish bilan birga, uni aql va tafakkur orqali to‘g‘ri yo‘lda ishlatishi lozim.

Haqiqiy najot — aql va ilmni birlashtirib, ularni Alloh taolo roziligiga muvofiq ishlatishdadir. Kimki aqlini Qur’on va sunnat nuri bilan boshqarsa, ilmni esa amal bilan ziynatlasa, uning dunyosi obod, oxirati esa najot topadi. Alloh taolo bergan  aql va ilm neʼmatini jamiyat ravnaqi yo‘lida sarflab, haqiqiy saodatga erishuvchilardan qilsin. Omin

 

Madaminov Muhammadsharif

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi