Safo va Marva orasidagi sa’yning ilohiy hikmati
36

Ulug‘ va mukammal Zot – Alloh taolo, mo‘minlarga haj yoki umra vaqtida Safo va Marva tepaliklari orasida sa’y qilishni buyurdi. Bu amalni O‘z dinining ramzlaridan, itoat va sadoqatning belgilaridan biri qildi. Shu orqali Alloh taolo insoniyat tarixidagi eng go‘zal va ta’sirli voqealardan birini – Ibrohim alayhissalomning oilasi bilan bog‘liq sahifani abadiy xotira sifatida yod etishni iroda qildi.
Bu voqea – Ismoil alayhissalom va onasi Hojar alayhassalom haqidadir. U iymon va sabrning timsoli bo‘lgan ona edi; ulug‘ sinov sahrolarida ham Allohga bo‘lgan tavakkulini yo‘qotmadi.
Ibrohim alayhissalom Allohning amriga itoat etib, Hojar va kichik farzandi Ismoilni odamsiz, qurg‘oq sahroda qoldirdilar. Bu yerda na bir inson, na bir ovoz bor edi. Biroq bu oddiy hol emas, ilohiy irodaning sirli namunasi edi. Alloh taolo shu hilvat joyni odamlar bilan obod qilishni, shu muborak zaminda O‘zning bayti – Ka’bani qurdirishni, va uni butun insoniyat qalbining mehr qo‘ygan qiblasi qilishni xohladi.
O‘shanda Ismoil hali go‘dak bola edi. Ibrohim alayhissalom ketmoqchi bo‘lganlarida, Hojar uning izlaridan ergashib, shunday dedi:
– Ey Ibrohim, bizlarni bu odamsiz sahroda tashlab ketyapsizmi? Bu yerda na inson bor, na hamsuhbat!
Ammo Ibrohim alayhissalom Allohning amridan og‘ishmaslik uchun orqasiga qaramadilar.
Hojar yana so‘radi:
– Ey Ibrohim, bu ishni sizga Alloh amr etdimi?
U dedilar: – Ha.
Shunda u buyuk iymon bilan shunday dedi:
– Unday bo‘lsa, Alloh hech qachon bizni zoye qilmaydi.
Shundan keyin u xotirjam holda o‘rniga qaytdi. Ibrohim alayhissalom esa yo‘llariga davom etdilar. Oilasi ko‘zdan yo‘qolgan qirlar yoniga yetganda, Ka’ba joylashgan tarafga yuzlanib, quyidagi so‘zlar bilan duo qildilar:
«Ey Robbim, men zurriyotimdan bir qismini Sening muqaddas uying yonida, hosilsiz vodiyda joylashtirdim. Ey Robbim, ular namozni barpo etsinlar. Bandalarning qalblarini ularga mehr qo‘ydir va ularni turli ne’matlar bilan rizqlantir, shoyadki shukr qilsalar».
Shundan keyin u sahrolarni kesib o‘tib, o‘z vatani – Falastin yerlariga qaytdi. Hojar va Ismoyil esa Allohning muhofazasi ostida qoldilar.
Vaqt o‘tib, Hojarning qo‘lidagi suv tugab qoldi. Ismoyil ham chanqab, azobdan tortindi. Onasi uning holidan iztirobga tushib, suv izlab yo‘lga otlandi. Avval Safo tepaligiga chiqib, vodiyga nazar tashladi – lekin hech kimni ko‘rmadi. Shunda u Safodan tushib, butun quvvati bilan Marva tepaligiga yugurdi. U yerda ham hech kimni ko‘rmadi.
Shunday qilib, u Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qildi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
«Shu sababdan musulmonlar haj va umrada Safo va Marva orasida sa’y qiladilar».
Nihoyat, Hojarning quvvati tugab, umidi so‘nayozganda, u uzoqdan bir ovoz eshitdi va: «Men seni eshitdim, agar yordaming bo‘lsa, bizga yordam ber!» – dedi.
Shunda u nazar soldi – joyi Zamzam bo‘lgan yerda go‘zal qiyofali bir kishini ko‘rdi. Uning sari shoshildi, uni inson deb o‘yladi, ammo u farishta edi. Farishta qanotini yerga urib, uning ostida suv jo‘sh urib chiqdi. U Zamzam suvi edi, Allohning buyuk oyatlaridan biri.
Farishta Hojarga dedi:
– Qo‘rqma, sen yo‘qolmaysan. Bu yerda Allohning uyi quriladi, bu bola va uning otasi uni bunyod etadilar. Alloh o‘z ahlini hech qachon zoye qilmaydi.
Shu tariqa, bu voqea abadiy tarixiy xotira sifatida qoldi. Alloh taolo shu voqea orqali O‘z bayti – Ka’bani obod etishni, va u orqali insonlarga ibodat ramzlari hamda islomiy manosiklar (haj manosiklari)ni joriy etishni iroda qildi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Alimov Abdulmalik
