Halimlik — bu Alloh taolo muborak kalomida ko‘p bora maqtagan, payg‘ambarlarni bu sifat bilan alohida sifatlagan va xususan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni bu sifati sabab “siz ulug‘ xulq uzradasiz” deb Rosulullohni ulug‘lagan sifatdir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam maxluqotlarga juda ham mehr va halimlik bilan muomalada bo‘lganlar. U zotni ko‘rgan kishi albatta u zotni yaxshi ko‘rib qolgan. Bunga sabab, albatta, u zotning rahimliligi va halimligidir. Alloh taolo u zotni maqtab o‘z muborak kalomida aytadi: “Allohdan bo‘lgan rahmat tufayli ularga yumshoq bo‘ldingiz. Agar siz qo’pol, qalbi qattiq bo‘lganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqab ketgan bo‘lardilar”, — deydi. (Oli imron 159-oyat)

Bundan ma’lum bo‘ladiki, Rosululloh sahobalarga juda ham rahimdil bo‘lganlar. Chunki u zotning oldidagi kishilar doimo ko‘payib borgan. Endi bizning atrofimizda kishilar to‘planmayotgani haqida bir o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bu — bizning ularga qattiqqo‘llik va dag‘allik bilan qilgan muomalamiz sababidadir.

Biz qachonki insonlarga halimlik bilan munosabatda bo‘lsak, Alloh maqtagan va Rosululloh sifatlangan xislat bilan sifatlanamiz.

Rosululloh sollallohu alayhi va sallam nafaqat insonlarga, balki barcha hayvonlarga ham rahimdil bo‘lganlar. Bir kuni bir sahoba bir qushning bolasi bilan o‘ynab yurganida, u zot: “Uni joyiga qo‘yinglar”, — deganlar. Bitta qushning bolasiga shuncha ehtirom — endi insonlar haqida o‘ylab ko‘ring!

Alloh taolo bizlarni halim bandalaridan qilsin.

 

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Shopulatov Muhammadqodir