YOLG‘ONNING BIR KO‘RINISHI
31

Dunyoning hamma fanlari va hayotning barcha sho‘balaridagi holat shuki, xos bir fandan voqif bo‘lmagan kishi “Men bu fanni bilmayman”, deyishdan tortinmaydi. Katta va mohir bir muhandisdan ko‘zni qanday muolaja qilish to‘g‘risida so‘rasangiz, u hech ikkilanmanmay: “Men doktor emasman”, deydi.
Biror doktordan muhandislikka aloqador narsa haqida so‘rasangiz, u ham “Men muhandis emasman”, deb javob beradi. Lekin dinni egasiz narsa deb o‘ylaganlari uchun har bir kishi unga o‘z fikrini suqishga harakat qiladi. U yerda: “Men olim emasman”, demaydi. Bu esa katta xatar va o‘ta johillikdir. Kishini diyn borasida ilmsiz gap so‘z aytishi yolg‘onning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Yolg‘on esa dinimizda og‘ir gunoh hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Albatta, yolg‘onni Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlar to‘qiydilar», deb marhamat qilgan. Shunday bo‘lganidan keyin shariat borasida yolg‘on to‘qish, Qur’oni karim va hadisi shariflarda aytilmagan gapni aytish mislsiz ulkan gunoh sanaladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi unga fatvo bergan kimsaga bo‘ladi. Kimki to‘g‘rilik boshqa tarafda ekanini bilib turib, o‘z birodariga boshqa bir ishni ko‘rsatsa, batahqiq, unga xiyonat qilgan bo‘ladi», deganlar». Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Bir musulmon odam qilmoqchi bo‘lgan ishi shariatga muvofiq bo‘lishini xohladi, deylik. Ammo uni qanday qilsa, to‘g‘ri bo‘lishini bilmay, bir kishidan o‘sha ishning hukmini so‘radi. Chunki o‘sha odam bu hukmni bilsa kerak, deb o‘yladi. Aslida o‘sha fatvo so‘ralgan odam fatvo berishga qodir bo‘lmasa, mazkur ishning hukmini aniq va ishonchli ravishda bilmasa, «Bilmayman» deb aytishi kerak edi. Endi savol tug‘iladi. Fatvo so‘ralgan odam o‘zicha taxmin bilan noto‘g‘ri javob bersa-yu, so‘ragan odam sof niyat bilan Alloh dinining hukmi shu ekan, deb, haligi noto‘g‘ri ishni qilsa, nima bo‘ladi?
«Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi unga fatvo bergan kimsaga bo‘ladi».
Demak, noto‘g‘ri ishning sodir bo‘lishiga o‘sha ilmsiz ravishda fatvo bergan kishi sababchi bo‘ladi. Agar u noto‘g‘ri fatvo bermaganida, haligi odam boshqa biladigan odamdan so‘rab, ishini to‘g‘ri holda amalga oshirgan bo‘lar edi. Noto‘g‘ri fatvoga ishonib, savob niyatida noto‘g‘ri ishni qilgan kishiga esa gunoh bo‘lmaydi. Ammo u kishi fatvoning noto‘g‘ri ekanini bilishi bilan o‘sha ishni to‘xtatishi, ikkinchi bor haligi johil odamdan fatvo so‘ramasligi lozim. O‘zi uchun ishonchli, taqvodor, insofli va bilimdon ustoz topishiga to‘g‘ri keladi.
O‘tkir MAHMUDOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
