Sharh surasining fazilati
1 328

Qur’on — insoniyat uchun nafaqat hidoyat manbai, balki ruhiy va jismoniy shifo hamdir. Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:
“Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat qilib nozil qildik..”(Isro surasi, 82-oyat).
Bu oyatdan tushuniladiki, Qur’onning har bir so‘zi, har bir surasi inson qalbi va tanasiga taskin beradi. U insonni g‘am, tashvish, qo‘rquv va gunohlardan poklaydi, qalbga tinchlik olib kiradi.
Demak, Qur’on oyatlari inson qalbidagi g‘amni ketkazadi, yurakka sokinlik va ishonch bag‘ishlaydi. Shu jumladan, Qur’ondagi ayrim suralar bevosita taskin va shifo manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shunday suralardan biri — Sharh surasidir.
Bu sura Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalblarini kengaytirish, ul zotni ruhlantirish va sabrga da’vat etish maqsadida nozil qilingan. Uning mazmunida insonni siqilish, g‘am va tashvishlardan xalos etadigan ruhiy shifo mujassam.
Ba’zi solih kishilar bu suraning xususiyatlari haqida shunday deganlar:
Kim uni shishadan yasalgan idishga yozsa, keyin atirgul suvi bilan o‘chirsa va o‘sha suvdan ichsa, u kishidan g‘am, tashvish va ko‘ngil torligi ketadi.
Uni istalgan idishga yozib, o‘chirib ichish — yod olish va tushunishni osonlashtiradi.
Kim uni har besh vaqt namozdan so‘ng o‘n marta o‘qishni odat qilsa, unga rizqda yengillik va ibodatda muvaffaqiyat nasib bo‘ladi.
Bandaga muhim bo‘lgan bir ishni bajarish uchun: ikki rakat namoz o‘qib, tahoratli holda qiblaga yuzlanib o‘tirib,so‘ng suraning harflari sonicha — ya’ni 103 marta o‘qib, keyin o‘z muhim ishini duo qilib so‘rasa, In shaa Alloh, duosi ijobat bo‘ladi. Bu tajriba bilan sinab ko‘rilgan, to‘g‘ri natija bergan amaldir.
Xulosa qilib aytganda, Qur’on suralarining barchasi Allohning kalomi bo‘lib, ularda badan va qalb uchun shifo, hayot yo‘liga nur va baraka mavjuddir. Ba’zi solih kishilar ayrim suralarning tajribaga asoslangan foydalarini zikr etgan bo‘lsalar-da, mo‘min kishi ularni Allohning roziligi va iymon mustahkamligi uchun o‘qishi lozim. Chunki Qur’on tilovat qilishning eng buyuk foydasi — qalbni poklash, ilmni ziyoda qilish va bandani Robbisiga yaqinlashtirishdir.
Shuning uchun har bir musulmon Qur’on bilan do‘st bo‘lishi, uni nafaqat o‘qishi, balki ma’nosini tushunib, hayotida tatbiq etishi kerak. Shunda u dunyoda ham, oxiratda ham saodat topadi.
Abdugʻofurov Bilolxon
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus, islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi
