“BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM”NING FAZILATI

248

Har bir yaxshi ishni “Bismillahir rohmanir rohim” so‘zi bilan boshlash — musulmon hayotining ajralmas qismidir. Bu kalima Qur’onning eng boshida kelgan bo‘lib, Allohning eng go‘zal ismlari — “Ar-Rahman” (cheksiz mehribon) va “Ar-Rahim” (rahmati doimiy) so‘zlarini o‘z ichiga oladi. Shuning uchun u nafaqat tilimizda, balki qalbimizda ham eng muqaddas zikrlardan biridir.

Rasululloh ﷺ dedilar:

«كل أمرٍ ذي بالٍ لا يُبدأ فيه ببسم الله فهو أبتر»

“Har qanday muhim ish “Bismillah” bilan boshlanmasa, bas u kesikdir.”

(Ibn Hibbon rivoyati)

Demak, har bir ishni Allohning nomi bilan boshlash — o‘sha ishga baraka, himoya va muvaffaqiyat olib keladi.

Bismillah — bu kalima shaytonning yomonligidan panoh, rizqning ochqichi, ilm va amalning ziynatidir. U inson qalbiga osoyishtalik, tiliga zikr, hayotiga nur beradi.

Ulamolar aytadilar: kim Bismillahni e’tiqod bilan aytsa, Alloh unga uch narsani beradi:

  1. Har bir ishida baraka,
  2. Har bir qadamida himoya,
  3. Har bir niyatida sadoqat.

Alloh Taolo Iso alayhissalom vahiy qilib aytdi:

“Ey pokiza ayolning o‘g‘li  bilasanmi, Alloh senga qanday oyat nozil qilgan?

U — «Bismillahir rohmanir rohiym» (Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan) oyatidir.

Bas, uni (ya’ni «Bismillahir rohmanir rohiym»ni) ko‘p o‘qi, chunki u sening qiyomingda, o‘tirishingda, yurishingda va qaytishingda (ya’ni har holatingda) senga hamroh bo‘ladi.

Kim uni (ya’ni «Bismillahir rohmanir rohiym»ni) bir marta ixlos bilan o‘qisa va u mo‘min bo‘lsa,  u uchun do‘zaxdan najot beraman va jannatni unga vojib qilaman.

Bas, (ey banda), sening o‘qishingning va namozingning boshlanishi shu oyat bilan bo‘lsin.

Agar banda uni o‘qishni odat qilsa va shunda vafot etsa, unga o‘limning og‘rig‘ini va qabr bosimini yengillashtiraman, hamda Munkar va Nakir savollarini oson qilaman.

Rahmatimni uning ustiga yoyaman, qabri kengaytiraman va qabrini nurlantiraman.

Qabrida ko‘zi yetadigan masofagacha nur yoyaman.

Uni qabridan oq yuz bilan chiqaraman, bas yuzidan nur taraladi.

Uning hisobi oson bo‘lishini amr qilaman, uning amallar tarozisini og‘ir qilaman, unga to jannatga kirguncha sirot ko‘prigidan o‘tishda nur beraman.

Va Qiyomat kunida bir nido qilguvchiga unga saodat va mag‘firat bilan nido qilishini buyuraman.”

 

Shunda Iyso alayhissalom aytdi: Ey Robbim bu narsalar faqat mengami?

Alloh Taolo aytdi: Senga va senga ergashgan kishiga. U sen olgan narsani oladi, seni aytgan narsani aytadi. U kishi sendan keyin keladigan Ahmad va uning ummatidir.

Iso (alayhissalom) o‘z ummatiga bu haqda xabar berdi va dedi:

“U mendan keyin keladigan Payg‘ambar — Ahmad deb ataladi. U Alloh tomonidan sifati, ne’mati va fazli bilan mukarram qilingan zotdir. Alloh uning ummatidan iymon ahdini olgan”.

Iso (alayhissalom) osmonga ko‘tarilganida, (vaqt o‘tib) xavoriylar  tarqalib ketishdi, imonlarini o‘zgartirib, dunyoni afzal ko‘rib ketishdi.

Iso (alayhissalom)ning haqiqiy izdoshlari yo‘q bo‘lib ketganida, Alloh mo‘min musulmonlarning ko‘ngliga iymon oyatini joylashtirdi, bu oyat nasroniylarning ko‘ksida saqlanib qoldi.

Rasululloh ﷺ zamoniga kelganda, bu oyat Surat al-Baqara boshida nozil bo‘ldi.

Alloh taolo Payg‘ambar ﷺga vahiy yubordi, bu vahiy suratlarning boshi va xatlarining ibtidosiga yozilishi buyurilgan oyat edi.

Payg‘ambar ﷺ “Bismillahir rohmanir rohiym” oyati nozil bo‘lganda, bu oyatni ulug‘lab, katta shukr bilan qabul qildilar. U zot dedilar:

“Allohga qasamki, bu oyat faqat menga va mening ummatimga berilgan ne’matdir.

Kim “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ixlos bilan o‘qisa, Alloh uni jannatga kiritadi”.

Shu va’da bilan Alloh Muhammad alayhissalomga bu oyatni maxsus ne’mat qilib berdi.

Rasululloh ﷺ aytdilar:

“Uning avvali “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlangan duo qaytarilmaydi”.

So‘ng dedilar:

“Qiyomat kuni mening ummatim keladi va ular “Bismillahir rohmanir rohiym”ni aytadilar.

Ularning savoblari taroziga qo‘yiladi.

Payg‘ambarlar (boshqa ummatlarga) shunday deydilar:

— Muhammad ﷺning ummati qanday qilib bu qadar og‘ir (ya’ni fazilatli) savoblar bilan keldi?!

Shunda Alloh taolo aytadi:

— Chunki Muhammad ﷺning ummati o‘z ishlarini Alloh Taoloning ismlaridan boʻlgan uch ism bilan yaʼni “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlaganlar.

Agar bu so‘z (ya’ni “Bismillahir rohmanir rohiym”)ni barcha maxluqotning yomon amallari qo‘yilgan tarozining bir pallasiga qo‘yilsa, u (ya’ni Bismillah) ularning yomon amallarini bosib ketardi (ya’ni og‘irroq kelardi).”

So‘ng Rosululloh ﷺ aytdilar:

“Alloh taolo bu oyatni har bir dard uchun shifo,har bir dori uchun yordam, har bir muhtojlik uchun boylik, doʻzaxdan parda va har bir qo‘rquv uchun omonlik qildi.

Kim uni (ya’ni “Bismillahir rohmanir rohiym”ni) o‘qishga odatlanib olsa, Alloh uni yer yutilishidan, tosh yog‘ilishidan, qiyofa o‘zgarishidan (ya’ni azoblardan), qashshoqlikdan, jahannamdan asraydi va qabrida unga omonlik beradi.”

Xulosa qilib aytganda, “Bismillahir rohmanir rohim” mo‘min hayotining bosh harfi va so‘nggi nuri hisoblanadi. Bu oyatni har ish boshida aytish — baraka, himoya va Allohga yaqinlik sababidir. U Odam alayhissalomdan tortib Muhammad ﷺgacha bo‘lgan payg‘ambarlar hayotida ham muhim o‘rin tutgan.

Shuning uchun musulmon kishi har ishida, hatto kichik ishda ham “Bismillahir rohmanir rohim”ni aytishni odat qilsa, uning yo‘li yengillashadi, qalbi xotirjam bo‘ladi va Allohning marhamati unga doimo hamroh bo‘ladi.

Zokirov Izzatulloh
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom  ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi