PAYG‘AMBARIMIZGA MUHABBAT
21

Barchamizga ma’lumki hozirgi zamonda san’at sohasida ijod qiladiganlar “aktyor, qo‘shiqchi va hokazolar”ning yildan yilga soni oshib bormoqda. Ba’zi musulmonlar orasida esa ushbu ijodkorlarga taqlid qilish va ularga qattiq muhabbat qo‘yish hozirgacha to‘xtab qolgani yo‘q. Ulardan ushbu ijodkorlar haqida ma’lumot so‘ralsa, bir necha ma’lumotlarni aytadi, hatto ularni bema’ni qo‘shiqlarini hirgoya qilib berishi ham mumkin, lekin bundan na foyda bor, na bir manfaat. Aslida musulmonlar kimga taqlid qilishi kerak va kimga qattiq muhabbat qo‘yishi kerak. Aqli raso bo‘lgan musulmon ikki olam sarvari bo‘lgan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga muhabbatli bo‘ladi, u zotga taqlid qiladi va sunnatlariga ergashadi. Rosululloh solallohu alayhi va sallam bizga har bir narsani ilmini o‘rgatib ketganlar. Shu sababli bizning ustozimiz va yo‘lboshchimiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rosulimiz sollallohu alayhi va sallam bizga haqni yetkazishlikda va bizga ta’lim berish yo‘lida juda ko‘p zulm va qiyinchiliklar ko‘rdilar va biz haqimizda juda ko‘p qayg‘urdilar. Xatto olamdan o‘tayotganda jon kindiklariga kelganda azroil alayhissalomga: “Ey azroil ummatimni jonini ham shunday qiynab olasanmi” deganlarida, Azroil alayhissalom: “Ey Rosululloh ummatingiz jon berishda sizdan ko‘proq qiynaladi” deb javob berdi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Azroil meni jonimni qiynab olgin lekin ummatimni jonini qiynamasdan olgin” deganlar.
Hozirgi kunda ba’zilarimizni Rosulullohga muhabbatimiz bo‘lishi mumkin lekin bu yetarli emas. Bizning muhabbatimiz qalbda emas balki, tilda bo‘lib qolgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning biringiz haqiqiy mo‘min bo‘lmaydi, hatto men unga ota — onasidan va bolasidan va barcha insonlardan suyukliroq bo‘lmagunimcha” dedilar.
Demak, biz haqiqiy mo‘min bo‘lishiligimiz uchun Rosulullohni ota-onamizdan va boshqa yaxshi ko‘rgan insonlarimizdan ham ko‘proq yaxshi kurishimiz zarurdir.
Qudratov Muhammad Yusuf
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi
