G‘AZAB-INSONNING ICHKI OLOVI
50

G‘azab-har bir insonning qalbida muayyan bir vaqtda qaysidir sababga ko‘ra paydo bo‘ladigan bir tuyg‘u bo‘lib insonni ruhan zaiflashuviga olib keladi. Inson g‘azablanar ekan aqliy salohiyatini hissiy tuyg‘ulari egallab oladi, bu holatda inson nimaniki o‘ylasa uni haq deb biladi. Shu sababdan ham ko‘p hollarda yaqin insonlarini xafa qilib qo‘yadi. Agar g‘azab to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ijobiy natija berishi mumkin, ammo boshqarilmasa turli vayronagarchiliklarni olib keladi. Inson tabiatida quvonch, qayg‘u, qo‘rquv, muhabbat, nafrat shular bilan birgalikda g‘azab ham mavjud. Bu tabiiy holat bo‘lsa ham g‘azabni boshqarish, uni nazorat qilishda inson tajribasi katta ro‘l o‘ynaydi.
G‘azab paytida insonning yurak urushi tezlashadi, nafas olishi o‘zgaradi, fikirlash qobilyati pasayadi. Shuning uhun ham bu paytda qabul qilingan qarorlar ko‘pincha adolatsiz va nato‘g‘ri bo‘lib chiqadi.
“G‘azab vaqtida jim turgan kishi dono so‘zlagan esa pushaymon”.
Dinimizda ham g‘azabni tiyish borasidan Payg‘ambarimiz S.A.V. dan quyidagi hadis rivoyat qilingan.
“Kuchli kishi boshqalarni yengan kishi emas, balki g‘azab vaqtida o‘zini yenga olgan kishidir”.
Bu hadis insonni chidamli bo‘lishga sabrli va matonatli bo‘lishga undaydi. Chunki g‘azab ko‘p hollarda adolatdan, mehrdan, aqlan to‘g‘ri fikrlashdan to‘sadi.
G‘azabni jilovlash uchun inson bir necha oddiy amallarni bajarishi mumkin: jim turish, joyini o‘zgartirish, suv ichish, tahorat olish yoki Allohdan panoh so‘rash. Bu amallar insonning ruhiy holatini tinchlantiradi va salbiy his-tuyg‘ularni kamaytiradi. Xulosa qilib aytganda, g‘azab insonni sinovdan o‘tkazadigan kuchli hisdir. Uni yenga olgan kishi o‘z qalbining sultoni, uni yenga olmagan esa o‘z nafsining qulidir.
Norboyev Hafizullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
