ILM — NAJOT VA SAODAT KALITI
60

“Ilm ila qil ichra ziynat,
Ilmsiz odam — jonsiz surat.”
(Alisher Navoiy)
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.
Ilm — bu najotdir. U eng fazilatli amal va ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va ma’rifat bilangina haqiqiy hayotni his etadi, o‘zligini topadi va jamiyatda munosib o‘rin egallaydi.
Ilm — o‘qish, o‘rganish, tadqiqot va tahlil etish orqali egallanadigan bilim va ma’lumotlar jamlanmasidir. Insonni oliy martabalarga yetaklaydigan, uni baxt va saodatga erishtiradigan eng qudratli kuch bu — ilm. Chunki ilm najot kaliti, ilmsizlik esa jaholatdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fanga, ayniqsa yoshlarning ta’lim olishi va hunar o‘rganishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida yoshlar o‘z yo‘lini topib, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilimlarga ega kadrlar sifatida voyaga yetmoqda.
Masalan, 2016-yilda O‘zbekistonda 77 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil 11-yanvar holatiga ko‘ra, bu raqam 208 taga yetdi. Ulardan 108 tasi davlat, 30 tasi xorijiy, 70 tasi nodavlat OTMlardir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, davlat OTMlarida 995 551 nafar, nodavlat OTMlarda esa 515 634 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan 173 788 nafari davlat granti asosida, 1 377 384 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qimoqda. Bu esa ilmga berilayotgan e’tiborning yaqqol isbotidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ
“Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini yuksaltirur.”
(Mujodala surasi, 11-oyat)
Shuningdek, Zumar surasida shunday deyiladi:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ
“Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!”
(Zumar surasi, 9-oyat)
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ham hadislarida ilmga alohida e’tibor qaratib, shunday deganlar:
“Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir.”Shuningdek, ular:
“Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir,” — deb marhamat tanamiz har kuni ozuqa talab qilganidek, ruhimiz ham ozuqa talab qiladi. Ruhning ozuqasi esa — ilm. Odam Ato (alayhissalom)ga farishtalarning sajda qilishi ham aynan ilm sababidan bo‘lgan. Demak, ilm insonni yuksaltiruvchi, jaholatni yenguvchi kuchdir. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) esa ilmning fazilatini quyidagicha bayon qilganlar: “Ilm moldan yaxshidir, chunki ilm seni qo‘riqlaydi, sen esa molni qo‘riqlaysan. Nafaqa qilish bilan mol kamayadi, ilm o‘rgatish bilan esa ilm ziyoda bo‘ladi.”
Ilm — insonni yuksaltiradigan, jamiyatni taraqqiyot sari etaklaydigan eng buyuk boylikdir. Qur’on va Hadisda ilmning ulug‘lanishi bejiz emas. Chunki ilm — jaholat zulmatini yorituvchi nurdir.
Yurtimizda yoshlarning diniy va dunyoviy ilmlarni egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Endi bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ilm olishni va uni hayotda qo‘llashni har birimiz o‘z burchimiz deb bilishimiz zarur.
Zero, ilm egasi — jamiyatni yuksaltiruvchi, jaholatni esa yenguvchi kuchdir.
Jahon ravshan ziyoyi ilmdandur Ko‘ngil sofi safoyi ilmdandur (Anbar Otin )
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3 kurs talabasi Saidahmadov Sirojiddin
