USTOZ -ILM YO’LINING YO’LBOSHCHISI

81

 Ilm o’rganish bir lahzalik mashaqqat bo’lib,

 tezda o’tib ketadi. Ammo ilmni mensimaslik,

 johillikning og’rig’i, mashaqqati umr bo’yi

 davom etadi.

 

Inson hayotida yo’l ko’rsatuvchi nurlar bo’ladi. U nurlardan eng yorqinlaridan biri — ustozdir. Ilm yo’li uzun va mas’uliyatli safar. Ana shu safarda ustoz shogird uchun yo’lboshchi, ma’rifat qo’llanmasi va ishonchli rahnamodir.

Ota-ona farzandini dunyoga keltirib, tarbiya bersa, ustoz uni ma’naviyat va ilm maydoniga etaklaydi. Ilm yo’lining boshida turgan har bir inson qo’lida ustozning mehri, aqli va sabri bilan qadam tashlaydi.

Ko’pincha shogird katta maqsadga etishsa, sababini so’raganda: “Meni ustozim ishondi, kuch-quvvat berdi”, deydi. Bu haqiqatda ustozning yo’lboshchilik qudratini ko’rsatadi.

Bir inson doktorlik darajasiga etishgach, minglab kitoblar o’qigani haqida gapirmasdan, birinchi navbatda ustozini eslaydi: “U menga yo’l ko’rsatmasa, manzilga etmas edim”…

Ilm yo’lida ustozning maslahati serqirradir. Ustoz — faqat dars o’tmaydi, balki insonni to’g’ri yo’lga yo’naltiradi. Ilm izlashda sabr, mehnat va izlanish zarurligini o’rgatadi. Uning har bir maslahati shogird uchun hayot yo’l xaritasi kabidir.

Ustoz – nur sochuvchi qudratdir. Ustozning ta’siri bir kunda emas, balki umrbod his qilinadi. Bilimli va ma’rifatli avlod etishishi, jamiyat ravnaqi, millat taraqqiyoti — barchasi ustozning halol mehnatiga bog’liq. Shu bois ustozni ilm yo’lida yo’lboshchi sifatida e’zozlash har birimiz uchun burchdir.

Ilm yo’li yo’lboshchisiz bo’lmaydi. Ustozsiz etishgan insoniy kamolot yo’q. Shuning uchun ustozni ulug’lash — ilmni ulug’lash, ustozga ehtirom — kelajakka ehtirom demakdir. Ustoz — haqiqiy ma’noda ilm yo’lining yo’lboshchisidir.

 

 Nilufar Berdieva

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi