TILNING POKLIGI – QALBNING OYNASI
33

Insonning kimligi, tarbiyasi va asl qadr-qimmati ko‘pincha uning tilida namoyon bo‘ladi. Til – bu qalbning tarjimoni, insonning ichki dunyosidan xabar beruvchi oynadir. Qalbida adovat, kibr va g‘iybat saqlagan kishining tili ham shunday so‘zlar bilan to‘ladi. Ammo qalbi pok, niyati toza insonning tili doimo ezgulik va samimiyatni taratadi.
Bugungi kunda insonlarni ajratish va yomon tomonini izlash odat tusiga aylanib borayotgani achinarli hol. Aslida esa har birimiz o‘z tilimizni poklab, so‘zimizni yaxshilikka bag‘ishlasak, bu jamiyatda ham birlik, ham mehr ortadi.
Qur’on oyatlarida ham, hadislar sharhida ham tilni to‘g‘ri ishlatish, bo‘hton va g‘iybatdan saqlanish ko‘p bora ta’kidlangan. Chunki og‘izdan chiqqan har bir so‘z insonning iymoniga ham, odobiga ham dalildir.
Shu bois tilni to‘g‘rilash – nafaqat odob, balki dinni to‘g‘ri tushunishning ham asosi. Tili toza bo‘lmagan kishi qalbini ham toza tutishi qiyin. Qalbini pok tutgan esa hech qachon birodarini yomon so‘z bilan ayblamaydi, uni rad qilmaydi, balki yaxshilikka da’vat etadi.
O‘zimizni va boshqalarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashning eng oddiy, eng ta’sirli usuli ham – bu tilimizni to‘g‘ri ishlatishdir. Birgina yaxshi so‘z odamni quvontiradi, birgina samimiy duolar esa butun umrga esdalik bo‘lib qoladi.
Shunday ekan, keling, avvalo tilimizni poklaylik, so‘zimizni yaxshilikka sarflaylik. Chunki til – qalbning oynasi, qalb esa insonning iymonidir.
ALIMARDON KAROMATOV
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi MATBUOT KOTIBI
