QALBDAN O’TGAN MEHR – SHOGIRD QALBIDA UMRBOD YASHAYDI

29

             Inson hayotida ilm, ma’rifat va tarbiyaning o’rni beqiyos. Ilm egallagan shaxs esa uni faqat o’zi uchun emas, balki shogirdlari uchun ham manfaatli qilib etkazishi kerak. Zero, qalbdan berilgan mehr va sidqidildan o’rgatilgan ilm shogird qalbida abadiy iz qoldiradi.

Qur’onda ustoz va ilm ahli maqtovi to’g’risida Alloh taolo Qur’on karimda shunday marhamat qiladi:

“Alloh sizlardan iymon keltirganlar va ilm berilganlarni martaba jihatdan yuksaltirur”. (Mujodala surasi, 11-oyat).

Bu oyatdan anglashiladiki, ilm ahli – insonlarning qalbida nur uyg’otuvchi ustozlar Alloh huzurida ham yuksak darajaga ega. Ularning mehr bilan o’rgatgan har bir so’zi, qilayotgan har bir sa’y-harakatlari shogird qalbida umrbod saqlanadi.

Rasululloh ﷺ sunnatlarida ustoz mehri o’ta beqiyosdir. Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ shunday deganlar:  “Sizlarning yaxshilaringiz – Qur’onni o’rgangan va uni boshqalarga o’rgatgandir”. (Buxoriy rivoyati).

Demak, ilmni o’rgatish faqat bilim berish emas, balki qalbga mehr, ruhga quvvat va hayotga ma’no bag’ishlash demakdir. Rasululloh ﷺning o’zlari ham shogirdlariga mehr bilan munosabatda bo’lar, ularning qalbini tarbiya qilishga katta e’tibor berganlar.

Ustozning qalbidan chiqqan mehr so’zi, ibratli amallari shogird qalbida umrbod iz qoldiradi. Shogird yillar o’tsa-da ustozning mehrini unutmaydi, uning duosini eslab yuradi. Bu hol haqiqiy ustoz va shogird munosabatining buyuk ramzidir.

Hazrati Ali (r.a.)ning shunday so’zlari bor:

“Kim menga bir harf o’rgatsa, men unga umrbod g’ulom bo’lishga tayyorman”.

Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog’imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida ettita ko’cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so’ng qachon namoz o’qisam, har safar albatta ota-onamga qo’shib, u zotga ham Allohdan mag’firat so’raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o’rgangan bo’lsam yoki kimdir menga nimadir o’rgatgan bo’lsa, albatta o’sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag’firat so’rayman”.

Bu hikmatli so’zlar ustoz mehrining qimmatini, ilm o’rgatishning abadiy qadrini yorqin namoyon qiladi. Ustozga bo’lgan ulkan hurmat va buyuk muhabbatni ko’rsatadi.

Mehr – ustoz merosidir. Inson hayotida moddiy meros qolishi mumkin, lekin eng buyuk meros – qalbga qo’yilgan mehr va ilmdir. Ustozning qalbidan chiqqan mehr shogird qalbida nur bo’lib yonadi, nasldan-naslga o’tib, insoniyatning ma’naviy boyligini oshiradi.

Qalbdan o’tgan mehr – kitob sahifalarida qolmaydi, balki shogird qalbida mangu yashaydi. Qur’on oyatlari va Payg’ambarimiz ﷺ sunnatlari shuni ta’kidlaydiki, ilm ahlining mehri va qalbdan chiqqan ta’limoti dunyo va oxirat saodatiga yo’l ochadi. Ustoz mehri bilan nur topgan shogird esa umr bo’yi duo va e’zoz bilan ustozini eslab yashaydi.

 

Qalbimiz izhorin so’zlolsak agar,

So’z etmas, poyoni yo’qdir mehrimiz.

Buning sababini so’rasangiz gar,

Allohni tanishda sababchimiz siz.

 

Biz edik ilmsiz, nursiz, toliqqan,

Ekanmiz Robbimning nazari boqqan.

Jaholatdan nurga etkazdi bizni,

Bizga ustoz etib tanladi sizni.

 

Allohim buyukdir, rahmat egasi,

Biz ojizlariga rahmat ayladi.

Rasululloh ﷺ Allohning mahbub bandasin,

Ustozlar boshi deb Alloh sayladi.

 

Rasululloh aytdilar: “Muallimman men,

Din-u, ilm o’rgataman, sahobiylarim.

Siz ularni yoyib butun dunyoga,

Tarqatasiz, etkazasiz omonatlarim”.

 

Yana aytdilarki, bot-bot ta’kidlab:

“Mendan boylik, mansab qolmagay meros.

Illo dinni omonat etdim sizlarga,

Bir oyat bo’lsa ham etkazing meros”.

 

Sahobiylar toki tirik ekanlar,

Dunyo kezib, ilm-u irfon ulashib o’tdi.

Kurrai zaminning barcha eriga,

Merosxo’rlar sabab din, ilm etdi.

 

Rasulullohga ﷺ chin merosxo’rlikni

Allohim sizlarga nasib aylasin.

U Zotning va’dasi: ilm ahlini

Adn jannatida birga jamlasin.

 

Sizlar bizga go’zal ibrat, o’rnaksiz,

Xulq-atvoringizdan olamiz andoz.

Ilm yo’li qancha mushkul bo’lsa ham,

Etagingizdan biz tutamiz, Ustoz.

 

 

Allohim ne’mati – Ustozlarimiz,

Taqvoda, amalda go’zal maqomda.

Mubolag’a emas, chindan guvohmiz,

Havas qilamiz sizga har onda.

 

Darsingizda fayzu sakinat topib,

Nuqsonlarimizni bilib olamiz.

Qalbimiz dardiga davo yo’llarin

O’rgatasiz echimni, o’ngu so’llarin.

 

Dunyoda sizlarni uchratdi Robbim,

Umrimiz so’ngigacha qalbimizdasiz.

Alloh Firdavsul a’lo jannatida ham

Bizni jam aylashi umididamiz.

 

Hech ham Haq yo’lida xizmat qilishda

Charchamangiz, Robbim kuch-quvvat bersin.

Bizga sarf qilgan vaqtlaringizning

O’rnini Allohim to’ldirib bersin.

 

Allohim azizu mukarram etsin,

Barcha yaxshiliklar sizlarga etsin.

Sizga mehr qo’ydik, Alloh yo’lida,

Sobit qilsin Robbim rizosi yo’lida.

 

Aziz murabbiy, muallimlar ayyomi,

Muborak aylasin Qodir Rahmonimiz.

Sizlar bor dunyoda nurlar so’nmagay,

Ruhlar ham o’lmagay, tirikdir jonimiz.

 

Qutlug’, go’zal bayram, sharafli kun bu,

Robbim rozi bo’lsin abadiy mangu![1]

 

Nilufar Berdieva

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

 

[1] Ушбу шеър интернет сайтидан олинган бўлиб, муаллифи номи келтирилмаган.