ALLOHNING RAHMATIDAN NOUMID BO‘LMANGLAR
64

Alloh taolo bizlarni yer yuziga saodatli ummat qilib quydiki biz uchun Alloh taolo rahmatini keng qilib, mag’firat eshiklarini ochib quydi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan.
“Ey Payg’ambar (sollollohu alayhi vasallam) ko’p gunohlar qilgan va nafslarining gapiga kerib, o’z jonlariga jabr-zulm qilgan bandalarimga ayting: Sizlar gunohimiz ko’p, deb Allohning Rahmatidan noumid bo’lmang. Shubhasiz, Alloh har qancha gunoh qilgan kishini ham agar tavba qilsa va gunohlardan qaytsa, barcha gunohini kechiradi. U tavba qiluvchi bandalarining gunohlarini kechiruvchi va ularga rahimli Zotdir”. (Zumar surasi 53-oyat)
Ushbu oyati karimada Alloh taolo “Sizlar gunohimiz ko’p, deb Allohning Rahmatidan noumid bo’lmang” demoqda, demak Allohning Rahmatidan faqat U zotni hamma narsaga qodir bo’lganligini inkor qiluvchi kofirlargina noumid bo’lishadi, mo’min musulmon kishilar esa tavbada bardavom bo’lib doyimo Allohning rahmatidan umidvor bo’lishlari lozim.
Tavba – Allohning rahmat eshigi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Barcha odam bolasi xatokordir, xatokorlarning yaxshisi sertavbalardir«, dedilar».
Termiziy, Ibn Moja va Hokim rivoyat qilishgan.
Bu hadis insonning xato qilishi tabiiy ekanini, ammo chin dildan tavba qilish orqali Allohning mag‘firatiga sazovor bo‘lish mumkinligini ko‘rsatadi.
Oyatning davomida Alloh Subhanahu va Taolo “Shubhasiz, Alloh har qancha gunoh qilgan kishini ham agar tavba qilsa va gunohlardan qaytsa, barcha gunohini kechiradi” dedi. Demak biz har qancha gunoh qilsak ham hatto gunohlarimiz yerdan osmonlargacha yetsa ham modomiki chin ixlos bilan tavba qilar ekanmiz Alloh taolo hech qaysi bir gunohimizga qaramasdan mag’firat qiladi.
Alloh taolo oyatning oxirida “U tavba qiluvchi bandalarining gunohlarini kechiruvchi va ularga rahimli Zotdir” deb, bizga nisbatan bo’lgan rahmatini bayon qilmoqda.
Zero Payg‘ambar alayhissalom safarlarining birida asirlar orasidagi bir ayol asirlarning bolalarini emizayotganini ko‘rib qoladilar. Uni sahobalarga ko‘rsatib: «Mana shu ayol o‘zgalarning bolasini emizyapti, shu ayolga «O‘z bolangni o‘tga tashla!» deb buyurilsa, tashlaydimi?» deya so‘radilar. Sahobalar: «Aslo, o‘zini o‘tga tashlashi mumkin, ammo bolasini tashlamaydi», deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz: «Alloh taolo ham bandasini o‘tga tashlashni istamaydi, bu onaning o‘z bolasiga bo‘lgan mehridan ko‘ra Allohning siz bilan bizga bo‘lgan mehribonligi buyukroqdir«, dedilar. Haqiqatan, Alloh taolo mehribonlarning eng mehriboni, rahmlilarning eng rahmlisidir.
Allohning rahmatining kengligi
Abu Hurayra (roziyallohi anhu)dan rivoyat qilinadi: Rosululloh (sollollohu alayhi vasallam) “ Alloh taolo rahmatini yuz qism qildi. O’ziga 99 tasini olib qolib, bittasini yer yuziga tushirdi. Yaralganlar bir-birlariga rahm qilishlari uchun. Hatto ot tuyoqlari bolasiga tegib ketishidan qo’rqib, tuyog’ini ko’tarib yurishi ham shundan” deb aytganlarini eshtdim.
Alloh taolo yana boshqa oyati karimasida shunday marhamat qiladi
“Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir.” (A’rof surasi 56-oyat)
Payg’ambarimiz (sollollohu alayhi vasallam) “ Alloh taolo mo’minlar uchun hozirlangan rahmatini Allohga hamd aytmoqlari uchun, ularni o’z rahmatidan ikromli qilib qo’yganiga Allohga shukr etmoqliklari va solih amal qilmoqliklari uchun tayyorlab qo’ydi. Chunki kim Alloh taoloning rahmatidan umid qilsa, u yaxshi amal qiladi va usha rahmatga erishishga harakat qiladi ” deb bayon qildilar.
Allohning rahmatidan umidvor bo‘ling
Alloh taolo Ya’qub (alayhissalom)ning tilidan shunday marhamat qiladi “Bolalarim, Misrga qaytib borib, Yusuf va inisi haqida so’rishtiringlar. Allohning rahmatidan noumid bo’lmanglar. Zero Allohning rahmatidan faqat Uning qudratini inkor qilgan va kofir bo’lgan kimsalargina noumid bo’lurlar”. (Yusuf surasi 87-oyat)
Bu oyat mo‘minlar uchun umid ramzi bo‘lib, qanchalik og‘ir sinovlarda bo‘lmasin, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lish zarurligini eslatadi.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo‘ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog‘lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Abud Dovud va Termiziy rivoyati).
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh taolo aytdi: «Ey Odam farzandi, rahmatimdan umidvor bo‘lar ekansan, sen tarafingdan sodir bo‘lgan narsalarni kechiraman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar gunohlaring osmonga yetsa-da, so‘ng mendan mag‘firat so‘rasang, seni mag‘firat qilaman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar sen Menga yer qobig‘icha xato bilan kelsang, so‘ng Menga biron narsani sherik qilmagan holingda yo‘liqsang, senga yer qobig‘icha mag‘firat bilan peshvoz chiqaman» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
Allohning mag‘firati cheksizdir
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘limi yaqinlashib qolgan bir yigitning oldiga kirib, «O‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘radilar. U: «Yo Rasululloh, Allohdan umid qilyapman va gunohlarimdan qo‘rqyapman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shunday holatda banda qalbida bu ikkisi jam bo‘lsa, Alloh unga umid qilayotgan narsasini berib, qo‘rqayotgan narsasidan omon saqlaydi», dedilar» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis mo‘minning qalbida Allohga umid va gunohlardan qo‘rquv birgalikda bo‘lishi kerakligini, shunda Allohning rahmatiga sazovor bo‘lish mumkinligini ko‘rsatadi.
Alloh taolo Quroni Karimda shunday marhamat qiladi «Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsani) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso surasi, 48).
Bu oyatda Shirk eng katta va kechirilmaydigan gunohdir:
Alloh Taolo O’ziga sherik qilish (shirk)ni hech qachon kechirmaydi. Bu gunoh barcha gunohlarning eng og’iri hisoblanadi va u bilan o’lib ketgan kishi uchun mag’firat yo’q.
Boshqa gunohlar kechirilishi mumkin: Shirkdan tashqari barcha gunohlar Allohning xohishiga ko’ra kechirilishi mumkin. Bu Allohning rahmat va mag’firati cheksiz ekanligini ko’rsatadi
Xulosa
Alloh taolo o‘zining cheksiz rahmati va mag‘firati bilan bandalarini doimo tavbaga chorlaydi. U shunchalik mehribonki, hatto inkor qiluvchilarni ham rizqdan mahrum qilmaydi, ammo mo‘minlar uchun tayyorlagan rahmati bundan ham ulug‘dir. Tavba qilgan banda, qanchalik gunohi ko‘p bo‘lsa ham, Allohning mag‘firatiga sazovor bo‘ladi. Shunday ekan, ey mo‘minlar, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang, chin dildan tavba qiling va solih amallar bilan Uning rahmati va mag‘firatiga intiling.
Foydalangan manbalar:
1)Tafsirul Jalolayn
2)Al Faqih Abu Lays As-Samarqandiy “Tanbihul-G’ofiliyn”
3)Sahihul Buxoriy
ABDUVALIYON KOMRONI ERKIN
4-kurs talabasi
