ILM NURINI TARATAYOTGAN ZIYOLI INSONLAR
22

Deydilar, dunyoda asli kim Aziz,
Aytdilar ustozdir, ustoz begumon,
Tag‘in aytdilarki, Aziz shubhasiz,
Ustozlar qadriga yetolgan inson.
Jamiyat ravnaqi, millat taraqqiyoti va inson kamolotining asosiy ustuni — ilmdir. Ilmning qadri shundaki, u insonni ma’naviyatga yetaklaydi, uning dunyoqarashini kengaytiradi va haqiqiy inson qilib tarbiyalaydi. Ilmni yoyish, uning nurini keng ommaga yetkazish esa ziyoli insonlarning muqaddas vazifasidir.
Xo‘sh, ziyoli insonlar aslida kim?
Ziyoli inson — kitob o‘qigan yoki ma’lumotga ega shaxsgina emas. U — o‘z bilimini hayotda qo‘llaydigan, atrofdagilarga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan, xalq va millat manfaati yo‘lida xizmat qiladigan shaxsdir. Uning so‘zida ilm, ishlarida ma’naviyat, qalbida esa vatanga mehr yotadi.
Bir ustozning shogirdlari turli sohalarda muvaffaqiyat qozonib, ilmiy maqolalar yozib, kashfiyotlar qilmoqda. Ular qaysi sohada bo‘lmasin, o‘zlari bilan ustozining nurini, ziyosini olib yurishmoqda. Bu ustozning hayotiy ildizi qanchalik keng yoyilganidan dalolatdir.
Yana bir ziyoli inson borki, u faqat dars beribgina qolmay, mahallada kitobxonlik anjumanlari tashkil etadi, yoshlarga ijodiy tanlovlar o‘tkazadi. Uning tashabbusi bilan o‘nlab bolalar kitobga, ilmga qiziqib qolgan va h.k…
Bu turdagi misollarni jamiyatimiz hyotining har qaysi jabhasidan ko‘plab keltirib o‘tishimiz mumkin. Chunki davlatimizning qaysi sohasiga nazar tashlasangiz albatta u yerda, bir ziyoli inson boshqaruvi va uning qo‘l ostida yuzlab ishchi-xodimlarni ko‘rasiz. Xo‘sh, ular u yerda shunchaki faoliyat yuritishayaptimi? Yo‘q, albatta ular va ular kabi barcha jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotganlar ustoz ilmidan ziyo olgan o‘qimishli insonlardir!
Ziyoli insonlar — jamiyatning ma’naviy shamchiroqlari. Ular nurini faqat sinfxonada emas, balki hayotning har jabhasida taratadilar. Ularning so‘zi yoshlarning qalbida ilhom uyg‘otadi, ishlari esa xalqqa namuna bo‘ladi.
Ilm nurini taratayotgan ziyoli insonlar — kelajakning haqiqiy kafolatidir. Chunki nur qorong‘uliksiz bo‘lmaydi, ilm esa ziyoli insonlarsiz taraqqiy etmaydi. Ular jamiyatning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan, millatni ulug‘ maqsadlarga yetaklaydigan USTOZlardir.
Nilufar Berdiyeva
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
