FITNA – QALBNI ZAHARLOVCHI ILLATDIR
35

Fitna – so‘zi lug‘at jihatidan tarjima qilinsa imtihon, sinov degan ma’nolarda ishlatiladi. Qur’oni karimda ham bu so‘z aynan shu mazmunda ham kelgan. Demak, fitna yomon, ko‘ngilsiz holat bo‘lish bilan birga, u insonlarni imtihon qiladi, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Bu ham ilohiy iroda, imtihon dunyosining qonuni. Fitna paytida odamlarning asl holati oshkor bo‘ladi, qalbidagi yashirinib yotgan cho‘kindilari yuzaga qalqiydi, bor surati namoyon bo‘ladi. Alloh taoalo O‘z kalomida “Biz ularni (insonlarni) ba’zisi ba’zisi bilan sinaymiz” deb, marhamat qilgan.
Fitna – ma’naviy illatlardan biri bo‘lib, bugungi kunimizda avj olganligi, paydo bo‘layotgan fitnalarga aldanib qolish, ularga ishonish afsuslanarli holat. Bugungi kunimizda ayrim nobakor kimsalar o‘z maqsadlariga erishish uchun musulmonlar orasida turli yo‘llar bilan fitna qo‘zg‘ash, musulmonlarni birdamligiga rahna solishga harakat qilmoqda va ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zi o‘rinlarda o‘z niyatlariga ham erishmoqdalar.
Insonni boshida shunday musibatlar, fitnalar bor ekan va Alloh taolo bu dunyoni imtihon dunyosi qilib yaratgan ekan – biz nima qilmog‘imiz kerak degan haqli savol bo‘lishi tabiiy. Alloh taolo o‘z banlariga mehribon zot. Bu fitnalardan qutilish yo‘llarini yoki fitnaga yaqin yo‘lamaslik choralarini O‘z kalomi sharifida bildirgan hamda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ham o‘z hadislarida bayon qilib o‘tganlar.
“Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz shunday marhamat Kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U fitnalar kelganda, o‘tirgan kishi turgan kishidan yaxshidir, yurgan kishi (fitnaga qarab) yugurgan kishidan yaxshidir. Kim fitnaga qiziqib, unga intilsa, (fitna) uni o‘ziga tortib olib halok qiladi. Kim fitnadan qochib qutiladigan joy topsa, o‘sha yerdan panoh topsin (fitnaga aralashmasin)” (Imom Buxoriy rivoyati)
Fitna – yomon narsa ekanligi, undan doim ehtiyot bo‘lish kerakligini bilish uchun Alloh taoloning birgina oyatini tushunib yetish kifoya qiladi. “Fitna – qatl etishdan ham yomonroqdir. Chunki, qotil bir kishini hayotiga qasd qiladi, fitna sabab esa bir qabila o‘rtasida sovuqchilik tushadi, fitna sabab bir tanu bir jon bo‘lib yashab kelayotgan millat parchalanib ketadi.
Bugun axborot urushi asri. Fitnachilar ataylab, g‘arazli niyatda xal-xil ma’lumotlarni tarqatadi. Biz esa bilib-bilmay ularni ulashib, dushman tegirmoniga suv quyamiz. Aslida bu yerda ham ulkan fitna bor ekanligini yaxshi anglab yetimishimiz kerak. Biz avvalo o‘sha xabarni qanchalik rost ekanligini aniqlab, keyin u haqda so‘z ochishimiz kerak. Qolaversa o‘zimizga savol berib ko‘raylik: “Bu habarni yetkazishimdan maqsadim nima?, da’voda savob istaymiz, xo‘sh, shu xabarni yoyish ushbu maqsadga javob beradimi? kimga manfaat bor, shar’iy nuqtai nazardan bu ishning zarurati bormi?”. Ushbu savollarga yetarlicha javob topgachgina tarqatishni o‘ylab ko‘rish mumkin.
Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” (Hujurot surasi,6-oyat). Bugunlik kunda ko‘pchilik tushunmaydigan diniy masalalarni, ayniqsa aqidaga oid bo‘lgan masalalarni mo‘min-musulmonlar orasida qo‘zg‘ashi ham ayni fitnani o‘zginasidir. Ulamolarimiz aytadilarki, agar tortishuvli masala dinga oid bo‘lsa, uni mutaxassisiga murojaat qilinadi. Ayniqsa aqoid masalasiga oid bo‘lsa, aqida ilmi mutaxassisi masalani yechib beradi qolganlar uni eshitadi. Agar o‘rtadagi tortishuvli masala dunyo uchun bo‘ladigan bo‘lsa, har ikki tomon ham jim bo‘lishi kerak, chunki dunyo uchun tortishuvda hech kimga foyda yo‘q.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam fitnadan saqlashini so‘rab Allohga duo qilgani haqida sahih rivoyatlar bor. Shu sunnatga ko‘ra biz ham fitnadan saqlashini so‘rab Rabbimizga duo qilamiz. Alloh taolo har birimizni fitna va fitnachilik balosidan asrasin.
O‘tkirxon Mahmudov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim
muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari
