SUMOMA IBN USOL – ZULMATDAN NURGA O‘TGAN QALB EGASI

44

Hijratning oltinchi yili edi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam islom nuri bilan butun olamni yoritish, zulmatdagi qalblarni uyg‘otish, haqiqatni butun insoniyatga yetkazish niyatida da’vat doirasini kengaytirishga qat’iy bel bog‘ladilar. Shu maqsadda u zot sollollohu alayhi vasallam arab va ajam hukmdorlariga sakkizta maktub yozdilar. Ularning har biri haq yo‘lga chorlovchi, nurli kalom edi. Ana shu maktublardan biri Yamoma yurtining qudratli sardori Sumoma ibn Usolga yuborildi.

Sumoma johiliyat zamonida o‘z qabilasi Banu Hanifaning eng e’tiborli, qudratli, obro‘li yetakchisi edi. Yamoma viloyatida uning so‘ziga, buyrug‘iga bo‘ysunmaydigan kishi yo‘q edi. Uning shon-shuhrati butun Arabistonda yoyilgan, qavmlarning yuragiga haybat solgan edi.

Ammo Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning da’vatiga nisbatan uning qalbida nafrat bor edi. U zotning muborak maktubini olayotganda na hurmat ko‘rsatdi, na ixlos. Balki mensimaslik, kamsitish bilan yuz o‘girdi. Shayton uni aldadi, g‘urur uni chulg‘ab oldi. Haq so‘zga quloq solmay, zulmatda yurishni ixtiyor qildi. Hatto Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga suiqasd qilishni rejaladi. Ammo Alloh o‘z Payg‘ambarini bu fitnadan asradi.

Sumoma sahobalarga qarshi adovatini davom ettirdi. Ularni kuzatib, imkon topib, bir nechtasini qatl etdi. Buning ortidan Rasululloh sollollohu alayhi vasallam uning qonini halol, ya’ni qasos olinadigan hol deb e’lon qildilar.

Oradan fursat o‘tib, Sumoma umra niyati bilan yo‘lga chiqdi. Ammo safar davomida u kutilmaganda Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olindi, uni tanimasdan Madinaga keltirdilar. Sumoma masjidu nabaviyning ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘yildi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam uni ko‘rib tanidilar va asirga chiroyli muomala qilishni buyurdilar.

Unga yaxshi taomlar, ertalab va kechqurun tuya suti keltirilardi, uni urmasdan, ozor bermasdan saqladilar. Bu mehribonlik, bu odob Sumomaning qalbiga ta’sir qila boshladi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bir necha kun kelib, unga “Ey Sumoma qanday fikrdasan” der edilar. U esa har gal: “Agar meni o‘ldirsang, qasos olinishi mumkin bo‘lgan odamni o‘ldirgan bo‘lasan, agar yaxshilik qilsang, shukr qiluvchi kishini topasan, mol istasang, qancha bo‘lsa, beraman”, deb javob berar edi.

Nihoyat uchinchi kuni Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Uni ozod qilinglar”, dedilar. Sumoma masjidni tark etdi. Ammo uzoqqa bormasdan Madina chekkasidagi Baqi yaqinidagi xurmozorga bordi, tahorat olib, poklandi. So‘ng masjidga qaytib, musulmonlar huzurida kalima aytdi:

“Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning elchisi.”

Keyin Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga yuzlanib dedi:

“Ey Muhammad, Allohga qasamki, sening yuzing menga eng yomon yuz edi. Endi esa, menga eng suyukli yuzdir. Sening dining menga eng yomon din edi, Endi esa, menga eng suyukli bo‘ldi. Sening shahring ham menga eng yomon shahar edi, endi menga aziz bo‘lib qoldi!”

Sumoma kechagi adovatini tan oldi, gunohlarini iqror etdi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam esa mehr bilan dedilar: “Ey Sumoma! Senga tana qilish yo‘q! Islom ilgari sodir bo‘lgan gunohlarni o‘chiradi.”

Sumoma shunday dedi: “Men sizning sahobalaringizdan ba’zilarini o‘ldirganman. Endi mushriklarga bundan-da ko‘proq zarar yetkazaman!”

Sumoma ruxsat so‘rab: “Ey Rasululloh! Men umra niyati bilan yo‘lga chiqqan edim. Endi nima qilay?” — dedi.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Umrangni bajargin, lekin Alloh va Uning Rasulining yo‘li bilan!” — dedilar.

U yo‘lga chiqdi, Makkaga yetib kelib, baland ovozda talbiya ayta boshladi. Quraysh buni eshitib, g‘azabga mindi. Uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Ammo kimdir dedi: “Bu – Sumoma! Agar uni o‘ldirsak, Yamomadan oziq-ovqat kelmaydi!”

Ular ortga chekindi. Sumomaga yuzlandilar: “Ey Sumoma! Dinni o‘zgartirdingmi?”

U javob berdi: “Yo‘q, men eng yaxshi dinga – Muhammadning diniga kirdim! Alloh nomi bilan, Muhammadga iymon keltirmaguningizcha, sizlarga bir dona bug‘doy ham yetib bormaydi!”

Sumoma Yamomaga qaytib, qavmiga Qurayshga oziq-ovqat yubormaslikni buyurdi. Unga bo‘ysundilar. Makkada ocharchilik boshlandi. Quraysh Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga xat yozib, yordam so‘radi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam esa Sumomaga yozib, qamalni to‘xtatishni buyurdilar. Sumoma esa bo‘ysundi.

Oradan yillar o‘tdi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam vafot etdilar. Arablar orasida murtadlik kuchaydi. Ana shu paytda Musaylima Kazzob yolg‘onchi payg‘ambar sifatida chiqdi. Sumoma unga qarshi qat’iy turdi.

“Ey Banu Hanifa! Bu zulmat, bu halokat! Alloh nomi bilan, bu yo‘l baxtsizlik yo‘lidir!” “Bir vaqtda ikki payg‘ambar bo‘lmaydi. Muhammad – Allohning elchisidir!” U xalqga Qur’on oyatlarini o‘qib, Musaylimaning so‘zlarining yolg‘onligini ochiq aytdi.

Sumoma islomda sobit qolganlarni yig‘ib, murtadlarga qarshi kurash boshladi. U Alloh yo‘lida, haq yo‘lida jonini, molini fido qildi. Alloh unga rahmat qilsin, uning ismini haqiqat tarafdori, sabr va iymon namunasi sifatida tarix sahifalariga yozib qo‘ydi.

 

“Suvar min hayatis sahoba” asari asosida

Qurbonov Xayrulla Yunusovich tayyorlandi

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

Arab tili o’qituvchisi