BILIM QASRINING ME’MORLARI

18

Har qanday taraqqiyotning zamini – ilm hisoblanadi. Ilmning chirog‘ini yoqadigan, unga mehr qo‘yadigan va uning qasrini qurib, asrab-avaylaydigan insonlar bor. Ular – ustozlar, o‘qituvchilardir.

Ustoz – faqatgina kitobdan dars beruvchi shaxs emas, balki insonning butun hayotiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, qalbiga nur va ma’naviyat soluvchi buyuk shaxsdir.

Bir kichik qishloq maktabidagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi haqida eshitganman. U kishi qishning qattiq sovuq kunlarida ham har bir bolaga uyidan maktabgacha yo‘l-yozuv qilib, ularni bilimdan qolmaslikka undar ekan. Har bir o‘quvchiga o‘z farzandiday mehr bilan yondashib, ularning bitta harfni to‘g‘ri yozishidan quvonardi. Bugun ana shu shogirdlardan biri shifokor, biri muhandis, yana biri esa o‘qituvchi bo‘lib, jamiyatga xizmat qilmoqda.

Tanishim aytgan edi: “Mening matematikadan ustozim bizga hisob-kitobni emas, balki hayotni o‘rgatgan. “Har qanday muammoning yechimi bor, sabr va izlanish bilan topasiz”, derdi. Shu gaplari hayotdagi qiyinchiliklarda kuch-g‘ayrat berdi”. Shu o‘qituvchining maslahatlari bilan u kishi keyin universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, o‘zi orzu qilgan kasbni egalladi.

Bir o‘qituvchi haqida aytishardi: u sinfida o‘qigan bolalardan biri oilaviy qiyinchilik tufayli o‘qishdan qolib ketay deb turgan ekan. Ustoz uning uyiga borib, ota-onasi bilan suhbat qurgan, bolaga e’tibor va mehr bergan. Keyinchalik o‘sha shogird nafaqat maktabni, balki oliygohni ham a’lo darajada tugatgan.

Ta’lim-tarbiya berishni eng oliy maqsad deb butun umrini shu sohaga bag‘ishlagan, sochlariga tushgan oqdan, yuzlariga chizilgan ajinlardan afsuslanmay mamnuniyat va iftixor bilan kasb bayramlarini kutib olayotgan o‘qituvchilarga bir kun uchun e’tirof etilishlari emas, balki har kuni e’tirofga, ehtiromga, hurmatga, e’tiborga loyiqdirlar!

O‘qituvchilar — bilim qasrining haqiqiy me’morlari. Ular har bir bolaning qalbida ilm devorini quradi, ma’naviyat ustunlarini mustahkamlaydi, orzu va intilishlariga eshik ochadi. Bugungi taraqqiyotimizning asosida ana shu vijdonli, mehnatsevar ustozlarning kundalik sa’y-harakatlari yotadi.

Ular hamisha hurmatda, e’tiborda, e’tirofdadirlar. Ularning umr deb atalmish hayot yo‘llari halovatda, rohatda bo‘lsin doim. Ana shunday sharafli va mashaqqatli mehnatlari ajrini Allohim yaxshilik va ezgu amallar bilan qaytarsin-ki, egallagan kasblaridan faxrlanib, e’zozlanib yashash zavqini bersin.

Shu bois, har yili 1-oktabr kuni nafaqat bayram sifatida, balki ustozlarga minnatdorchilik izhori kuni sifatida ham katta ahamiyatga ega. Ustozlar — bilim qasrining me’morlari, kelajakning haqiqiy bunyodkorlaridir.

Ustoz va murabbiylar kuni barchangizga muborak bo‘lsin!

 Nilufar BERDIYEVA

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi