BIR KUNLIK EMAS, UMRLIK BAYRAM SOHIBLARI
24

O‘qituvchi mehnati — umrbod nur!
O‘qituvchi — orzu qurilishchisi!
Har yili 1-oktabrda yurtimizda katta bir bayram nishonlanadi — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni. Bu kun — ustozlarga minnatdorchilik, ularning mehnatini e’zozlash va xizmatlarini ulug‘lash kunidir. Ammo o‘qituvchi mehnati shunchaki bir kunlik emas. Uning mehnati butun umr davomida samara beradi, kelajakka yo‘l ochadi.
O‘qituvchi mehnati nihoyatda nozik va shu bilan birga muqaddas. U kishi bir kun dars o‘tsa, uning samarasi yillar davomida shogird qalbida yashaydi. Masalan, boshlang‘ich sinfda harf o‘rgatgan o‘qituvchiga qarang: u bolaga savod beribgina qolmay, ilmga muhabbat uyg‘otadi. Shu kichik ko‘rinishidagi mehnat butun umr yo‘ldoshlik qiladi.
Agar hayotimizga nazar tashlasak, o‘qituvchilarning o‘quvchilariga nisbatan ko‘plab ilm mayog‘i bo‘lganliklariga misollar keltirishimiz mumkin.
— Bir olim o‘z xotirasida shunday degan ekan: “Men birinchi kitobimni yozishga kirishganimda, bolaligimdagi ustozimning “Har bir bilim insonga qanot beradi” degan so‘zlari ko‘z oldimga keldi. Ana shu so‘zlar meni butun umr ilhomlantirdi”.
— Yana bir yosh shogird universitetga kirganda, ustozining qo‘llab-quvvatlovchi gaplari esga tushib, qiynalgan paytda kuch olgan. Bu esa o‘qituvchi so‘zining qanchalik uzoq yillar ta’sirli ekanini ko‘rsatadi.
Ha, haqiqatda ustoz – o‘qituvchilar har bir shogirdning hayotida orzular qurilishchisi hisoblanadi. Ular faqat bilim beribgina qolmay, mehr-muhabbat, insoniylik, hurmat, odob-axloq saboqlarini ham o‘rgatadilar. Shu bois, ustoz mehnati — faqat bir kunlik emas, umrlik bayramga arziydigan xizmatdir.
O‘qituvchilarni e’zozlash faqat 1-oktabrda emas, balki har kuni, har bir yutuq va muvaffaqiyatda ham ularning mehnatini yod etish bilan bo‘ladi. Chunki ular — bir kunlik emas, umrlik bayram sohiblaridir.
Nilufar BERDIYEVA
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
