BARO IBN MOLIK – O‘LIMGA TIK BOQQAN QAHRAMON

37

Autumn dawn in forest

Tarix sahnasida ba’zi insonlar yashaydi-ki, ularning har bir nafasida jang, har bir duosida shahidlik va har bir qadamida jannat ishtiyoqi mujassam bo‘ladi. Shunday zotlardan biri — Baro ibn Molik al-Ansoriydir. U — Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning suyukli xizmatkori Anas ibn Molik roziyallohu anhuning ukasi, jasorat va fidoyilikning tirik timsoli edi.

Uning sochlari to‘zigan, kiyim-boshi chang bosgan, ozg‘in gavdali, suyaklari chiqib ko‘rinib turgan, unga qaragan kishi uni mensimasdan bir qarab, so‘ngra darrov yuz o‘giradigan holatda edi. Shunga qaramay, u umumiy jang maydonida o‘ldirgan dushmanlardan tashqari yuzga yaqin mushrikni yakkama-yakka jangda bir  o‘zi yer tishlatgan edi.

U –qahramon, dovyurak, jasoratli jangchi edi. U haqida Amirul mo’minin Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni butun viloyatlardagi o‘z amirlariga maktub yozib, unda shunday degan edi: “Baroga musulmonlar qo‘shinidan birorta qo’shinni boshqarishni topshirmanglar! U juda jasur! Shu jasurlik sababli butun qo‘shinini halokatga olib bormasin!” Bu — qo‘rqoqlikning emas, balki jasoratning haddidan oshgan ko’rinishi  edi.

Agar Baro ibn Molik roziyallohu anhuning qahramonliklari haqida barchasini sanab o‘tishga kirishsak, gap cho‘zilib ketadi, vaqt yetmaydi. Shu bois, uning birgina voqeasini keltiramiz, bu voqea qolganlarini ham aks ettirib turadi.

Bu voqea Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafot etganidan  so‘ng boshlanadi. Shunda Arab qabilalari to‘da-to‘da bo‘lib qanday islomga kirgan bo‘lsalar, shunday to‘da bo‘lib undan chiqib ketishga tushdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu og‘ir fitna qarshisida tog‘dek mustahkam turdi. U muhojirlar va ansorlar safidan o‘n bir qo‘shin tuzdi va ularning har biriga alohida sarkardalar tayinlab, o‘n birta bayroq topshirdi. So‘ngra ularni Arabiston yarimorolining barcha hududlariga yubordi. Ularning vazifasi murtadlarni (dindan chiqqanlarni) yana haqiqat va hidoyat yo‘liga qaytarish, va yo‘ldan adashganlarni hatto qilich kuchi bilan bo‘lsada Qur’on va sunnat yo‘liga qaytarish edi.

Murtadlar orasida eng kuchli va eng ko‘p sonli guruh Banu Hanifa bo‘lib, ular Musaylama Kazzobning safdoshlari edi. Musaylama atrofiga o‘z qavmidan va ittifoqchilaridan 40 ming jasur jangchilarni to‘pladi. Ammo ularning aksariyati Musaylamaga e’tiqod tufayli emas, balki qabilaga qarindoshchilik sababli ergashgan edi.

Musaylama ustiga yuborilgan birinchi musulmon lashkari — Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu  rahbarligida bo‘lgan qo‘shin edi. Ular jangda mag‘lub bo‘lib, orqaga qaytishga majbur bo‘ldilar.

Shunda Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Musaylamaga qarshi ikkinchi qo‘shin yubordi, bu qo‘shinga Xolid ibn Valid roziyallohu anhu  rahbarlik qildi. Unda ansor va muhojirlarning kuchli jangchilari bor edi. Ulardan oldingi saflarda Baro ibn Molik ham bor edi.

Ikki qo‘shin Najd mintaqasidagi Yamoma yerlarida to‘qnash kelishdi. Jang boshlangach, ko‘p o‘tmay, Musaylamaning qo‘shini ustunlikka ega bo‘la boshladi va yer musulmon askarlarining oyoqlari ostida larzaga keldi.

Musulmonlar safi orqaga chekina boshladi, hattoki Musaylamaning askarlari Xolid ibn Validning qo‘mondonlik chodiriga bostirib kirib, uni ildizi bilan yulib tashlashdi.

Shu paytda musulmonlar behad xavf ostida qolganlarini anglab yetdilar va agar bugungi jangda mag‘lub bo‘lishsa, unda bu kun Islom dinining Arabiston yarimorolida tugash kuni bo‘lishini angladilar.

Xolid ibn Valid zudlik bilan harakatga o‘tib, qo‘shinni qayta safarbar qildi: Muhojirlar va ansorlarni alohida guruhlarga ajratdi. Shahar aholisini cho‘l aholisi dan ajratdi. Har bir otaning farzandlarini bir bayroq ostida to‘pladi, shunda har bir guruhning jangdagi jasorati aniq ko‘rinib turadigan va musulmonlarga hujum qayerdan kelayotganini bilinadigan bo‘ldi.

Ikki taraf o‘rtasida nihoyatda shiddatli va qattiq jang boshlandi, islom tarixida misli ko‘rilmagan og‘ir jang edi. Musaylamaning qo‘shini tog‘dek sobit turardi, ular o‘zlaridan o‘lgan ko‘p askarga qaramay, chekinmasdilar. Musulmonlar esa mo‘jizaviy qahramonliklar namoyon etishdi, agar bu hodisalar jamlansa, eng buyuk tarixiy dostonlardan biri bo‘lardi.

Baro bu jangda hayotini o‘ylamasdan, joni bilan Islom bayrog‘ini yuksaltirgan zotlardan edi. Baro’ o‘z qavmiga yuzlanib dedi: “Ey ansor jamoasi! Hech kimingiz ortga — Madinaga qaytishni o‘ylamang! Bugundan keyin sizning Madinangiz yo‘q!..Siz uchun endi faqat Allohning O‘zi bor… so‘ng Jannat!..

Shundan keyin u mushriklarga qarshi hujum qildi, ansorlar ham uning ortidan tashlandilar. Baro’ dushman safini yorib o‘tib, Allohning dushmanlari bo‘lmish mushriklarning bo‘yinlariga qilich urishdi. Nihoyat, Musaylama va uning odamlari oyoqlari qaltirab, izdan chiqdilar va oxiri ular tarixda “O‘lim bog‘i” deb nom qoldirgan boqqa qochib kirishga majbur bo‘ldilar. Chunki o‘sha kunning o‘zida u yerda behisob odam halok bo‘ldi.

O‘sha “O‘lim bog‘i” hovlisi keng va devorlari baland bir joy edi. Musaylama va uning yuzlagan lashkarlari darvozalarini berkitib olib, devorlarning balandligiga yashirinib oldilar. Ular ichkaridan musulmonlarga yog‘och yoylaridan o‘q yog‘dira boshladilar. O‘qlar yomg‘ir kabi musulmonlar ustiga tinmay yog‘ilar edi…

Musulmonlarga Musaylamaning mustahkam qal’a ichkariga kirishning iloji bo‘lmadi. Shunda Baro:   “Ey qavmim! Meni bir qalqonga yotqizinglar, qalqonni nayzalar ustiga ko‘taringlar, so‘ng meni bog‘ eshigi yaqiniga otib yuboringlar. Shunda — agar shahid bo‘lsam, bu orzuimga yetaman, agar omon qolsam, sizlar uchun eshikni ochib beraman!” dedi.

Shu zahoti Baro ibn Molik qalqon ustiga o‘tirdi. U o‘ta oriq, yengil gavdali bo‘lgani uchun, uni ko‘plab nayzalar bilan osongina havoga ko‘tardilar va qal’a ichiga — dushmanlar orasiga otib yuborishdi.

Bu – o‘limga ongli ravishda sakrash, jannat sari quvonch bilan uchish edi. U bog‘ ichiga yashindek tushdi. Qilichi bilan dushmanni yorib, o‘nlab kimsani halok qildi, eshikni ochdi, lekin uning tanasida saksondan ortiq qilich va nayzalar qoldirgan jarohat bor edi.

Shunda musulmonlar “O‘lim bog‘i”ga barcha tarafdan bostirib kirishdi. Ular qilichlarini murtadlarning bo‘yniga urishdi, devorlarga yashiringan dushmanlar ham o‘ldirildi. Qariyb 20 ming kishidan iborat dushman qo‘shini qirib tashlandi va oxir-oqibat Musaylama Kazzob ham o‘ldirildi.

Og‘ir yarador bo‘lgan Baro ibn Molikni jang maydonidan olib chiqishdi va Xolid ibn Valid shaxsan bir oy davomida unga qaradi, yaralarini muolaja qildi. Alloh unga shifo ato qildi. Va musulmonlar bu jangda aynan uning qo‘li bilan g‘alabaga erishdilar.

Baro ibn Molik Yamama jangida shahid bo‘lish orzusiga yeta olmagani uchun, keyingi barcha janglarda qatnashdi. Uning orzusi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetishish edi.

Nihoyat u Fors yurtidagi Tustar qal’asiga bo‘lgan yurishda ishtirok etdi. Forslar mustahkam devorli qal’aga yashiringan edilar. Musulmonlar bu qal’ani qamal qilib oldilar. Qamal uzaygach, dushmanlar qal’a devori yuqorisidan temirdan yasalgan, qizdirilgan ilgakli zanjirlarni uloqtira boshladilar. Ular mujohidlar gavdasiga sanchilib, ularni tortib olib o‘ldirishardi.

Shu temir ilgaklardan biri Baroning akasi — Anas ibn Molikning tanasiga sanchildi. Baro bu holni ko‘rib, qal’a devoriga sakrab chiqdi, akasini osib turgan zanjirni ushladi va ilgakni chiqarishga urindi. Zanjir qizib ketgan bo‘lib, Baroning qo‘li kuya boshladi, hatto tutab ketdi. Ammo u og‘riqqa e’tibor bermadi, oxir-oqibat akasini qutqardi, ammo uning qo‘li faqat suyakdan iborat bo‘lib qolgan, go‘shti to‘kilib ketgan edi.

Baro ibn Molik og‘riqqa parvo qilmasdi. Chunki darddan ulug‘roq orzusi bor edi – shahid bo‘lish. Shu jangda Baro Allohdan shahidlik so‘radi. Alloh uning duosini ijobat qildi. U shahid bo‘lib, Alloh bilan ro‘baro‘ bo‘ldi, orzusiga yetdi.

Baro – hayot emas, shahidlik izlagan yigit. Baro hech qachon rohat –farog’atda yashashlikni maqsad qilmagan edi. Uning quvonchi – jang edi, suhbati – shahidlar edi. U o‘z orzusiga yetdi. Alloh unga jannatda yuzining yorug‘ bo‘lishini nasib qilsin! Ko‘zini Rasulimizga yetish bilan quvontirsin! Alloh undan rozi bo‘lib, jannat ne’matlari ila siylasin!

 

“Suvar min hayatis sahoba” asari asosida

Qurbonov Xayrulla Yunusovich tayyorladi

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

Arab tili o’qituvchisi