MAZHABDA BO‘LISHNING O‘NTA SABABI
26

Zamonamizda ba’zi kimsalar “mazhablar shart emas, faqat Qur’on va hadis kifoya” deb da’vo qilishmoqda. Lekin, azizlar, bu gaplar na tarixga, na ilmga, na aqlga to‘g‘ri keladi. Shu bois, bizning bugungi so‘zlarimiz — ummat birligini saqlash, va eng muhimi — dinni to‘g‘ri anglash yo‘lida ahamiyatlidir.
Mazhabda bo‘lishning ko‘plab sabablari bor bo‘lib, shulardan 10 sababi keltirib o‘tamiz.
📌 1. Qur’on va Sunnatni to‘g‘ri tushunish uchun
Har bir odam Qur’on va hadisni o‘qib, to‘g‘ri hukm chiqara olmaydi. Mujtahid ulamolar (ya’ni mazhab imomlari) esa Qur’on, sunnat, ijmo’ va qiyos asosida hukm chiqaradi. Demak Mazhab — shariatni to‘g‘ri anglashda vosita hisoblanadi.
📌 2. Ibodatlarni to‘g‘ri va mukammal ado etish uchun
Tahorat, namoz, ro‘za, zakot kabi amallarni har kim o‘zicha qilish — fitnaga sabab bo‘ladi. Mazhabda esa har bir amalning dalili, qoidasi va sharhi bor.
📌 3. Islomda barqarorlik va birlikni saqlash uchun
Mazhab bo‘lmasa, har kim o‘zini “haq” deb bilsa, ixtilof, tafriqa, xusumat paydo bo‘ladi. Mazhablar esa ummatni bir yo‘lga soluvchi tizimdir.
📌 4. Ilmsizlikdan himoya bo‘lish uchun
Agar mazhab bo‘lmasa, har bir noto‘g‘ri fatvo «hadis» deb aytilaversa, ilmsizlik kengayadi. Mazhab esa turli hadislarni ilmiy tanlab, ishonchli hukmlar beradi.
🔹 Ulamolar: “Hadis – ilm emas, fiqh bilan tushunilmasa, odamni adashtiradi.”
📌 5. Ilmiy merosni saqlash uchun
Har bir mazhabda yuzlab kitoblar, shogirdlar, ijtihodlar va asrlar davomida to‘plangan bilimlar bor. Mazhabda bo‘lish — ummatning 1400 yillik ilmiy merosini himoya qilishdir.
📌 6. To‘g‘ri fatvoga ega bo‘lish uchun
Fiqhiy masalalarda hukm chiqarish juda mas’uliyatli. Mazhab ulamolari har bir hukmni yuzlab hadis, ijmo’ va qiyoslar asosida chiqaradi. Har kimning o‘zicha fatvo berishi fitnadir.
📌 7. Ummat ulamolari birdamligini davom ettirish uchun
Hech bir buyuk olim “men mazhabsizman” demagan. Ular mazhabda bo‘lishni zarur deb bilgan:
🔹Ulamolar: “Har bir kishi bir mazhabda bo‘lishi shart.”
🔹 “Mazhabga ergashish – diningni mustahkam saqlashga yordam beradi.” Deganlar.
📌 8. Mazhabsizlik fitnasidan saqlanish uchun
Mazhabsizlik aqidasizlikka olib borishi mumkin. Ilmsiz «hadis» deb yolg‘on gapirganlar ko‘paysa, ummat adashadi. Mazhab esa ilmiy chegara va ehtiyot yo‘li hisoblanadi.
📌 9. Mazhab ixtiloflari rahmat ekanini tushunish uchun
Ixtilof — agar ilmiy bo‘lsa, bu rahmatdir. Mazhablar ixtiloflari — nafrat uchun emas, balki yengillik va hakimlik uchundir.
🔹 Ibn Obidin: “Mazhablar orasidagi ixtilof — Allohning fazlidir.” deganlar
📌 10. Rasululloh ﷺ sunnatiga amal qilish uchun
Mazhablar — Rasululloh ﷺning sunnatlarini turli sanad va darajada ilmiy tarzda yetkazadi. Mazhabda bo‘lish — sunnatni muhofaza qilishdir.
✅ Xulosa qiladigan bo‘lsak,
🟢 Mazhabda bo‘lish – Qur’on va Sunnat asosida ilmli imomlarga ergashish, to‘g‘ri ibodat qilish, ixtilofdan qochish va ummat birligini saqlash demakdir.
❌ Mazhabsizlik esa – ilmsizlikka, adashishga, tafriqaga va jamiyatda dindan yiroqlashishga olib keladi.
ALIMARDON KAROMATOV
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi MATBUOT KOTIBI
