Ota-onaga yaxshilik qilish
28

Ota-onaga yaxshilik qilish – insonning eng ulugʻ burchlaridan biridir. Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini unga shirk keltirmaslikdan keyin ota-onaga yaxshilik qilishga buyuradi. Demak, ota-onaga hurmat va ehtirom qilish ibodatdan keyin turadigan buyuk amal hisoblanadi.
Bu mavzuni eshitgan insonni zehniga mashhur tobein Uvays ibn Omir Qaraniy keladi. Bu zotni doim zarbul masal qilinishiga sabab bitta, onasini xizmatini qilganligi. Umar roziyallohu anhu Yamandan har gal karvon kelsa: “Ichingizda Uvays bormi?” deb so‘rar edilar. Nega desangiz, Umar ibn Xattob Rosululloh sollollohu alayhi vasallamdan mazmuni quyidagicha bo‘lgan so‘zlarni eshitgan edilar: “Sizlarni huzuringizga Yamandan Uvays keladi. Unga mohov kasalligi tegib, so‘ng tuzaladi. Lekin tanga miqdoricha mohov izi qoladi. Xizmatini qilgan onasi bo‘ladi. Agar Alloh nomiga qasam ichsa, so‘zsiz bajaradi. U Allohdan seni mag‘firat qilishini so‘rab duo qilib berishini so‘rashga imkoning bo‘lsa, shunday qilib qolgin!” Nihoyat Uvays Qaraniy kelganida Umar ibn Xattob uni mashhur savollari bilan kutib olib duo olishga musharraf bo‘ldilar.
Yuqoridagi misoldan ota-ona inson kamolatga yetishida eng birinchi zotlardan ekanligi oydek ravshan bo’ldi. Demak biz farzandlar ul muboraklarni ehtirom qilib, duolarini olishga intilishimzi kerak. Alloh O‘zi tavfiq bersin!
Anasxon TURDIBAYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
