GUNOHLARNI DARAXT BARGI TO‘KILGANI KABI KETKAZADIGAN NABAVIY SUNNAT

24

Salomlashish insonlar o‘rtasida o‘zaro totuvlik, do‘stlik, birdamlik va muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi va salomlashuvchilar esa hadislarda aytilgani kabi ko‘plab savobga ega bo‘lishga ham sabab bo‘ladi.

Salomlashishni yanada mustahkamlaydigan ish qo‘l berib ko‘rishishdir. Bu haqda

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Salomlashishning batamom bo‘lishi qo‘l berib ko‘rishish bilandir”, deganlar”.

Termiziy rivoyat qilgan.

Bu hadisdan bizga ma’lum bo‘ladiki qo‘l berib ko‘rishish nafaqat salomlashuv jarayoni, balki insonlar o‘rtasidagi hurmat, ehtirom, mehr-muhabbat va samimiyatni ifodalaydi. Bir kishi boshqa bir kishiga qo‘l uzatsa, u o‘zining ochiq niyatini, do‘stona munosabatini namoyon etadi. Shu boisdan ham qo‘l berib ko‘rishish odobi jamiyatimizda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Yana boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘l berib so‘rashishning boshqa foydali jihatlarini bayon qilmoqdalar.

عن حذيفة بن اليمان رضي الله عنه أنَّ النبي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال: «إِنَّ الْمُؤْمِنَ إِذَا لَقِيَ الْمُؤْمِنَ فَسَلَّمَ عَلَيْهِ وَأَخَذَ بِيَدِهِ فَصَافَحَهُ، تَنَاثَرَتْ خَطَايَاهُمَا كَمَا يَتَنَاثَرُ وَرَقُ الشَّجَرِ» أخرجه الطبراني في «المعجم الأوسط»

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Albatta mo‘min boshqa bir mo‘minga yo‘liqqanida unga salom bersa va qo‘lidan ushlab ko‘rishsa u ikkisining gunohlari daraxt bariglari to‘kilgani kabi to‘kiladi”, dedilar”.

Tabaroniy “Mo‘jamil avcot” kitobida rivoyat qilgan.

Bu hadisda salomlashish va qo‘l berib ko‘rishishning faqatgina odob yoki ijtimoiy muomala emas, balki ruhiy va ma’naviy jihatdan ham foydasi borligi ta’kidlanmoqda. Alloh taolo ikki mo‘min bandaning bir-biriga bo‘lgan samimiyati, salomlari va mehribonlik bilan qo‘l berib ko‘rishishini yaxshi ko‘radi va shu sababli ularning gunohlarini kechiradi.

Hadisda daraxt barglari misoli bu nihoyatda go‘zal tashbeh bo‘lib bu orqali insonlar o‘zaro salomlashib, mehr bilan qo‘l berib ko‘rishganlarida qanday qilib yengillik va poklanish hosil bo‘lishi ko‘rsatilmoqda. Bu holat ayni paytda qalblarni yaqinlashtiradi, nafsdagi g’illi-g’ashni ketkazadi va birdamlikni mustahkamlaydi.

 

عَنِ الْبَرَاءِ ابن عازب  رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ :مَا مِنْ مُسْلِمَيْنِ يَلْتَقِيَانِ فَيَتَصَافَحَانِ إِلَّا غُفِرَ لَهُمَا قَبْلَ أَنْ يَفْتَرِقا.رواه أبو داود والترمذي وابن ماجه وأحمد

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Ikki musulmon uchrashganlarida qo‘l berib so‘rashsalar, ular bir-birlaridan ajrashlaridan oldin mag‘firat qilinadi”, dedilar”.

Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Imom Ahmadlar rivoyat qilishgan.

Hadisdagi  “Ajralishlaridan oldin mag‘firat qilinadi” iborasining ma’nosi

agar qo‘l berib ko‘rishish samimiyat bilan, chin qalbdan bo‘lsa, Alloh taolo bu amal orqali ularning gunahlarini mag‘firat qiladi. Bu jarayon ular bir-biridan ajralishidan oldin ro‘y beradi. Ya’ni, ular hali birga turgan chog‘laridayoq Alloh ularning gunohlarini kechiradi.

عن أنس ابن مالك رضي الله عنه كانَ رسولُ اللهِ صلَّى اللهُ عليهِ وسلَّمَ إذَا استقبلَهُ الرجلُ صافحَهُ لا ينزِعُ يدَهُ حتَّى يكونَ هو الذِي يَنزعُ ولا يصرفُ وجهَهُ عَنْ وجهِهِ حتَّى يكونَ الرجلُ هو الذي يصرفُه . رواه الترمذي وابن ماجه

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kishi u zotga yo‘liqib qo‘l olib ko‘rishsa, o‘sha odam o‘zi qo‘lini tortmaguncha u zot qo‘llarini tortib olmas edilar. Uning o‘zi yuzini o‘girmaguncha u zot yuzlarini o‘girmas edilar”.

Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.

Qo‘l berib ko‘rishish – milliy qadriyatimiz, insoniylik belgisi, mehr va do‘stlikning ko‘zgusi. Bu oddiygina harakat orqali inson qalbining pokligi, samimiyati va hurmati namoyon bo‘ladi. Shu bois, qo‘l berib ko‘rishish odobini qadrlash va uni yoshlarimizga o‘rgatishimiz barchamizning burchimizdir.

Alloh taolo bizni salomni yoyadigan, mehrni kuchaytiradigan, gunohdan pok bo‘lishga harakat qiladigan bandalaridan bo‘lishni nasib aylasin!

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

o‘qituvchisi, Xalikov Nurullo