XULQ – INSON KAMOLOTI ASOSI
12

Yaxshi xulqning foydasi ko‘pdir, yomon xulq esa aslo unday emas. Xulq tug‘ma yoki kasbiy (keyin shakllanadigan) bo‘lishi mumkin. Ba’zilar: “Inson yangidan xulq o‘zlashtirishining imkonsizdir!” deyishadi. Ammo bu gap bekorchi, botil gap hisoblanadi. Agar bu gapni botil demasak, u holda ta’lim-tarbiyaning foydasi yo‘q, degan gap kelib chiqadi. Buning natijasida esa payg‘ambarlar yuborilishidan ham ma’no yo‘q degan xulosaga kelish mumkin. Axir u zotlar go‘zal axloqlarga chorlash uchun kelmagan edilarmi?!
Albatta, insondagi tabiiy xulqlar borki, uni tag-tomiri bilan uzib tashlamaguncha bir marta tark qilish to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Tabiiy xulqlarni ketkazish, uni inkor etish bilan bo‘lmaydi. Balki, nafsni yaxshi ishlarga odatlantirishga undash yo‘li bilan bo‘ladi. Ayrim mashoyixlar shunday deyishgan: «Makorimul axloqdan maqsad – shahvat, g‘azab kabi razil va yomon xulqlarni ketkazishdir. Chunki ularning asl ildizi hamda atvori nafs bor ekan batamom yo‘qolib ketmaydi. Alloh taoloning yaratiqlariga o‘zgartirish kiritish imkonsiz. Zotan Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilingan quyidagi hadisda shunga ishora qilingan: Rasululloh alayhissalom: “Biror banda yo‘qki, uning shaytonlardan bo‘lgan biron bir hamrohi bo‘lmasa”, deganlarida, shunda sahobalar: “Sizda ham bormi?” deb so‘rashadi. U zot alayhissalom: “Menda ham. Biroq, Alloh taolo meni uning ustidan g‘olib qildi, shu bois men undan omondaman”, deb javob berdilar.
Aslida axloq o‘zi yomon bo‘lmaydi. Faqat u yomon o‘ringa tushib qolishi mumkin. Namoz, ro‘za va shu kabi boshqa ibodatlar ham nomaqbul o‘ringa tushsa, ular ham qoralanadi. Xulq nafsning botiniy sifati bo‘lganidan keyin uning o‘zi emas, ta’sirlari orqali ko‘rinish beradi. Shuning uchun ham bir odamning beradigan moli bo‘lmasa ham saxovatpeshaligi uchun saxiy kishi deb atalaveradi.
Burhoniddin an-Nasafiyning “Go’zal xulqlar” asari asosida
O‘TKIR G‘UZAROV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri tayyorladi.
