ROSULGA ITOAT ALLOHGA ITOATDIR  

23

Alloh taolo insoniyatga ularning o’z naslidan bo’lgan payg’ambarlarni elchi qilib yubordi. Insonlarga yuborilgan ushbu payg’ambarlarga itoat qilishlari lozim bo’ladi. Chunki payg’ambarlar Alloh taolo tomonidan ularga yuklatilgan risolat deb atalmish vazifani yetkazishadi. Demak, Alloh taoloni butun borliqning yagona Robbisi deya iymon keltirgan kishiga payg’ambarning ham haqq ekanligiga iymon keltirishi lozim bo’ladi. Alloh taolo bizning zimmamizga payg’ambarimiz alayhissalomga itoat qilishni yukladi va dedi:

﴿وَ أَطِيْعُوا اللهَ وَ أَطِيْعُوا الرَّسُولَ وَ احْذَرُوا فَإِنْ تَوَلَّيْتُمْ فَاعْلَمُوا أَنَّمَا عَلَى رَسُولِنَا الْبَلَاغُ الْمُبِيْنُ﴾

“Allohga va Uning Payg’ambariga itoat qiling va hazir bo’ling! Agar yuz o’giradigan bo’sangiz, bilingki, Payg’ambarimiz vazifasi aniq yetkazish, xolos..” (Moida surasi 92-oyat)

Alloh taolo Payg’ambarining itoatini o’zining itoati ekaligini xabarini berib,           ﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللهَ وَ مَنْ تَوَلَّى فَمَا أَرْسَلْنَاكَ عَلَيْهِمْ حَفِيْظًا﴾

“Kim Payg’ambarga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo’ladi. Kim yuz o’girsa, Biz seni ularga qo’riqchi qilib yuborganimiz yo’q” (Niso surasi 80-oyat)

Musulmon toki Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni yaxshi ko’rmagunicha va U zot unga o’zi, ota-onasi, farzandi va butun insoniyatdan ko’ra suyukliroq bo’lmagunigacha komil mo’min bo’la olmaydi. Bu borada Rosululloh sollollohu alayhi vasallam:

لا يؤمن أحدكم حتى أكون أحب إليه من والده و ولده و الناس أجمعين

“Sizlardan biringiz toki men unga otasi, farzandi va barcha insonlardan ko’ra suyukliroq bo’lmagunimga qadar komil bo’la olmaydi” dedilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati)

Musulmonni Alloh taologa yaqinlashtiruvchi ulug’ amallardan biri bu Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni yaxshi ko’rib, ergashish, U zotning sunnatlarini tarqatish va ularni muhofaza qilishdir. Banda iymon lazzatini Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni mukammal holatda yaxshi ko’rish bilangina tatib ko’radi. Ikki sahih to’plamda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: «ثلاث من كن فيه وجد حلاوة الإيمان: أن يكون الله و رسوله أحب إليه مما سواهما ، و أن يحب المرء لا يحبه إلا لله ، و أن يكره أن يعود في الكفر كما يكره أن يقذف في النار»

“Nabiy sollollohu alayhi vasallam: “ Uch narsa borki, ular kimda bo’lsa iymon halovatini topadi: Alloh va Uning Rosuli uning uchun ikkovlaridan o’zga hamma narsadan mahbub bo’lmoqlari, bir kishiga faqat Alloh taolouchungina muhabbat qilmog’i va kufrga qaytishni xuddi olovga tashlanishni yomon ko’rgandek yomon ko’rishi” dedilar”.

Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Biz toki Alloh taolo nabiyyimiz sollollohu alayhi vasallamni yuborib, U zot sababli bizni zulmatlardan nurga chiqarguniga qadar but-sanamlarga ibodat qilib, o’limtiklarni yeydigan, xamr ichadigan, qarndoshlik aloqalarini uzadigan, fahsh ishlarni bajarib yurar edik” dedi.

Biz Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni U zot bizga Alloh taolo tomonidan in’om etilgan rahmat ekanliklari sababli yaxshi ko’ramiz. Zero Alloh taolo:

﴿وَ مَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِيْنَ﴾

“Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi 107-oyat) deya marhamat qiladi.

Hasan ibn Fazl aytadi: “Alloh taolo o’z ismlaridan ikki ismni payg’ambarlaridan faqat Nabiy sollollohu alayhi vasallamdagina jamlagan. Alloh taolo Nabiy sollollohu alayhi vasallam haqida:

﴿بِالْمُؤْمِنِيْنَ رَؤُوفٌ رَحِيمٌ﴾

“mo’minlarga marhamatli, mehribon…” (Tavba surasi 128-oyat), o’zi haqida esa:

﴿إِنَّ اللهَ بِالنَّاسِ لَرَؤُوفٌ رَحِيمٌ﴾

“Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir” (Baqara surasi 143-oyat) dedi.

Demak, mo’min-musulmon bo’lgan kishining zimmasida Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning muhabbati ham lozim bo’ladi. Zero, ushbu muhabbat uni qiyomat kunida najot topishiga sababdir. Imom Termiziy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Bir kishi Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning huzuriga kelib, “Ey Allohning Rasuli, Qiyomat qachon?” dedi.  Nabiy sollollohu alayhi vasallam: “Unga nima hozirlab qo’yding?” dedilar. U: Ey Allohning Rasuli, unga Alloh va Rasulini yaxshi ko’rishdan o’zga biror namoz yoki ro’za hozirlamadim” dedi. U zot: “Kishi o’zi yaxshi ko’rgani bilan birgadir. Sen ham o’zing yaxshi ko’rganlar bilan birgasan” dedilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Musulmonlar islomdan so’ng bu bilan shodlanganganliklari kabi shodlanishmagan” dedi.

Alloh taolo barchalarimizni jannatda Rasulimiz alayhissalom bilan birga qilsin.

 

O‘tkir Mahmudov

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom

ta’lim muassasasi o‘qituvchisi