ALLOHNING RAHMATI ILA SHODLANING!
14

Olamlarga rahmat bo‘lgan zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarini хursandlik bilan nishonlashni bid’at deb, bunday ishdan qaytarishayotgan holatlarga ko‘p duch kelamiz. Aslidachi, aslida bu ish bid’atmi, to‘g‘ri nimalarnidir nishonlashdan ko‘ra U zotning sunnatlarini bajaring, qaytarganlaridan qayting deyish mumkin, bularni qilish bosh ustiga, hech e’trozimiz yo‘q, hech kim tavalludlarini njishonlasang bo‘ldi, aytganlarini qilmasang ham bo‘ladi deyayotgani yo‘q albatta, bunday deyishdan yiroqmiz. Faqat, ummat bo‘lib rahmat payg‘ambar uchun shafoatchimiz bo‘lganlari uchun shod bo‘lishga haqqimiz yo‘qmi yoki bu yomon ishmi. Keling hozir biz bu aslida bid’at emasligini birma-bir dalillar bilan keltirib o‘tamiz, o‘zingiz xulosa qilib olasiz.
Bid’at deganda shari’atda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida bo‘lmagan shari’atga oid ishlar tushuniladi. Ammo o‘zlari qilib bergan yoki shunga ishora qilgan amallar bid’at deyilmaydi. Shulardan biri U zotning tavalludlari kunini hursandlik bilan o‘tqazish va shodlikga dalolat qiluvchi ishlarni bajarish sanaladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
قُلۡ بِفَضۡلِ ٱللَّهِ وَبِرَحۡمَتِهِۦ فَبِذَٰلِكَ فَلۡيَفۡرَحُوا
“Allohning fazli va rahmati ila. Bas, ana shu bilan hursand bo‘lsinlar…”, deb ayt”. (Yunus surasi 58-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo rahmati bilan hursand bo‘lishimizga buyirmoqda, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam biz ummatlar uchun Alloh taolo tarafidan berilgan eng buyuk rahmat sanaladilar. Bu haqda ham Alloh taoloning O‘zi Anbiyo surasining 107-oyatida shunday marhmat qilgan:
وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ
“Seni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”.
Yuqoridagi oyatlarni ummatning bilimdoni va Quro’n tarjimoni bo‘lmish Ibn Abbos roziyallohu anhumoning quyidagicha qilgan tafsirlari qo‘llaydi: “Allohning fazli bu – ilm bo‘lsa, rahmati esa – Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. Chunki Alloh taolo “Seni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”, deb marhamat qilgan, deganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vassalam bilan hursand bo‘lish har vaqt va har ne’matda talab qilingan ishdir. Lekin bu narsa har yili Robiul avval oyi dushanba kuni yana ham ta’kidliroq bo‘ladi. Bunday ne’matdan qalbi ochiq inson g‘aflatda qolmaydi va undan yuz o‘girmaydi balki, o‘sha kunni o‘ziga munosib tarzda surur bilan o‘tkazadi.
Mavlidni nishonlash bid’at emasligiga eng kuchli dalil Qur’ondan keltirgach, so‘zimizni yana ham isbotliroq bo‘lishi uchun sunnatdan dalil olib kelsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, shoyad qalbi ochiq mo‘min inson buni anglasa!.
Payg‘ambar alayhissalomning mavlidlarini eng birinchi nishonlagan zot Rasuli akram sallollohu alayhi vasallamning o‘zlari bo‘ladilar. Bunga Imom Muslim Abu Qatoda Ansoriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlari dalolat qiladi. Abu Qatoda aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dushanba kunning ro‘zasi haqida so‘ralganlarida shunday javob berdilar: “U kun meni tug‘ilgan kunim va shu kunda Alloh taolo menga vahiy qilgan kun”. Ushbu hadis Payg‘ambar alayhissalom dushanba kuni ro‘za tutishlariga sabab shu kunda tug‘ilganlari va mana shu kunda vahiy nozil qilingani ekaniga dalolat qilmoqda. U zotning ushbu amallari ana shu kunda ro‘za tutish yoki shari’atga zid bo‘lmagan boshqa ibodatlarni qilish ila Allohga shukrni ko‘rsatishga ahamiyat berish kerakliga dalil bo‘lmoqda.
Mavlidi sharifni nishonlash Mustafo saollaollohu alayhi vasallam uchun shod bo‘lish va xursandlik ifodasi bo‘lib, bunday ishdan kofir ham manfaat topgan. Imom Buxoriy, Hofiz Ibn Hajar Abdurazzoq San’oniy, Hofiz Bayhaqiy, Ibn Kasir, Ibn Dabiy’ Shayboniy, Hofiz Bag‘oviy, Ibn Hishom va Suhayliy, Omiriy va boshqa imomlar rivoyat qilishgan hadisda quyidagi qissa keladi. Sayyidimiz Abbos roziyallohu anhu Abu Lahab vafot qilgach tushlarida ko‘rib, undan holing qanday deb so‘raganlarida, Abu Lahab: azobdaman illo har dushanba kechasi mendan azob yengillatiladi va mana bu ikki barmog‘im orasidan suv bilan sug‘orilaman, deb ikki barmoq uchiga ishora qilibdi. Chunki bu kunda u Payg‘ambar alayhissalom tavallud qilganlaridan hursand bo‘lib, cho‘risi Suvaybani ozod qilgan va Suvayba esa Payg‘ambarimizni emizgan edi.
Alloma Shamsiddin ibn Jazariy ushbu qissadan so‘ng quyidagi so‘zni aytganlar: “Kofir Abu Lahab, uni yomonlab Qur’on nozil bo‘lgan bir shaxs Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tavallud qilgan kecha shod bo‘lib, u zotni yaxshi ko‘rgani uchun do‘zaxda turib ham mukofotlanayotgan bo‘lsa?, umrimga qasamki, mavlid kunidan hursand bo‘lishning mukofoti mo‘min kishiga Allohning fazli ila jannatiga kiritish bo‘ladi”.
Bu hadisga sharh ularoq Hofiz ibn Nosirddin Damashqiy shunday deganlar: “Uni qoralab Qur’ondan “Tabbat yada” surasi nozil bo‘lib kelgan, Jahiymda abadiy qoluvchi kofirning holi har Rabiul avval oyi dushanba kuni Ahmad (sollallohu alayhi vasallam)ga hursnadligi uchun azobi yengillatilar ekan, endi siz nima deb o‘ylaysiz, umr bo‘yi Ahmad (sollallohu alayhi vasallam)ning tavalludiga shodlanib yurgan bir mo‘min bandaning holi qanday bo‘lar ekan!”. (Albatta, Allohning fazli va Rosulimiz alayhissalomning shafoatlari ila oliy Jannat bo‘ladi).
Sayyidimiz Abbos roziyallohu anhunning tushlari rost tush bo‘lib, shar’iy jihatdan e’tiborga egadir. Chunki Payg‘ambar alayhissalom rost tushni shari’atda alohida e’tiborga olganlar, shu orqali azonni shari’atga kiritganlar. Ushbu tush hammalari sahobalar bo‘lgan bir zamonda sodir bo‘lgan, ulardan birortasidan: bu shunchaki tush, uni e’tibori yo‘q, degan gapni eshitmaganmiz, balki ularning barchalaridan sukutiy ijmo sobit bo‘lgan ya’ni hech kim inkor qilmagan, unga zid gap aytmagan. Ulardan keyin bu hadisni tobe’iynlar qabul qilib, rivoyat qilishgan va buni go‘zal sanashgan hozirgacha buyuk zotlardan bu hadisga hech qanday e’tiroz eshitmaganmiz.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, olamlarga rahmat bo‘lgan Habibimiz Muhammad alayhissalomning tavallud kunlarini xursnadlik bilan nishonlash Allohning ko‘rsatmasi ekan. Rasuli akram alayhissalomning aynan tug‘ilgan kunlari bo‘lmish dushanba kunni xursandlik sifatida turli ibodatlar ayniqsa, ro‘zi tutish orqali nishonlash bid’at emas, aksincha sunnat ekani ayon bo‘lmoqda. U zotning tavvalludlarini shodlik va surur bilan qabul qilish kofirga foyda berar ekan, mo‘minga foydasi tegishi batariqi avlo desak adashmagan bo‘lamiz.
Alloh taolodan Habibi muhtaram Rasulimiz alayhissalomning buyuk shafoatlariga noil qilib, Firdavs Jannatida U zot bilan qo‘shni qilishini iltijo qilib so‘rab qolamiz!!!.
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Saidmuhammadxon Dovudxon o‘g‘li tayyorladi.
