ROSULULLOHNI EMIZGAN AYOL HALIMA
69

Halima so‘zi arabcha ism bo‘lib muloyim, rahmdil, shavqatli ayol, degan ma’nolarni ifodalaydi.
Arablarda farzand tug‘ilsa uni tog‘li toza havoda yashaydigan qabilalarga emizdirish uchun berib odati bor edi. Buni ular bolalari baquvvat, chiniqqan bo‘lishi uchun qilishar edi. Yana shahar hududiga ko‘plab begonalar tashrif buyurib, turli xil lahjadagi insonlar keladi. Bu esa sof tilni o‘zgarishiga olib keladigan omillardan, deb hisoblab bolalarini shahardan uzoqda tarbiyalanishini istashar edi. Payg‘ambarimiz alayhissalomni ham yoshliklarida Bunu Sa’d qabilasidan bo‘lgan Halimaga emizib berishi uchun berishadi. Halima Abu Zuaybning qizi edi. Erining ismi Horis ibn Abduluzzo, kunyasi Abu Kabasha edi. Bularning yana Abdulloh ismlik o‘g‘li ham bor edi. Muhammad alayhissalom Halimani uyiga kelishlari bilan Alloh taolo bu xonadonga fayz-batakasini yog‘dira boshladi. Hayvonlari sersut, yerlari unumdor bo‘ldi. Emizish vaqti tugagach Rosulullohning onalariga olib borib yana muhlat olib qaytadilar. Shundan so‘ng Rosulullohning ko‘ksilarini yorish voqeasi bo‘lib o‘tadi. Bundan Halima qo‘rqib ketib, onalari Ominaga qaytarib beradilar. Oradan yillar o‘tib Rosululloh sollollohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘ldilar. Halima yoshi katta ayol bo‘lib iymon baxtiga musharraf bo‘ldi. Oradan ozroq vaqt o‘tib emizgan bolasini ziyoratiga kelganida Rosululloh bu baxtga erishgan ayolni to‘nlarini ostiga solib, kutib oldilar.
Bu maqolada e’tibor beriladigan bitta asosiy jihati bor. Ya’ni, qaysi bir muborak narsa biror-bir boshqa narsaga nisbat berilsa, uning barakasidan nisbat berilgan narsalar ham nasibador bo‘ladi. Misol uchun qorilar Qur’onni yod olishgani uchun uning sababidan hammani hurmatiga sazovor bo‘ladilar. Yoki yana bir misol, oddiy bir g‘isht uni masjid qurilishiga ishlatilsa maqsadga sazovor bo‘ladi. Aksincha, ayni shu g‘ishtni farazan xaloxonani yeriga terilganda edi, oyog‘osti bo‘lar edi. Huddi shuningdek, Halimai Sa’diyya ham Muhammad alayhissalomni emizish bilan ulkan hurmat-e’tiborga erishdilar. Alloh taolo barchalaridan rozi bo‘lsin!
Anasxon TURDIBAYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
