DUOYINGIZ IJOBAT QILINISHIDA SHOSHILMANG!  

21

Alloh taolo bardoshli, matonatli bandalarini yanada yaxshi ko’radi. Oisha onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sollollohu alayhi vasallam bir marta duo qildilar, so’ngra yana qildilar, so’ngra yana qildilar”.

Duo haqida Nabiy sollollohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringizning duosi ijobat qilinadi, modomiki shoshilmasa. Banda (shoshgan holda) duo qildim qabul qilinmadi, deb aytadi”, dedilar.

Imom Qastaloniy bu hadisning sharhlab aytadilar: “Kim duodan malollanib qilsa, uning duosi qabul qilinmaydi. Sababi, duo qabul bo’ladimi bo’lmaydimi o’zi bir ibodatdir. Mo’min kishi duo qilishdan malollanmasligi kerak. Alloh taolo duo ijobatini vaqti kelmagani bois keyinroqqa surishi mumkin. Zero, har narsani o’z vaqti bor. Yoki Alloh qilgan duosini evazini oxiratda berish uchun azaldan iltijosini qabul qilinmasligini bitib qo’ygan bo’lishi ham mumkin. Yoki bo’lmasa ko’p-ko’p, qattiqroq so’rab duo qilishi uchun duo ijobatini keyinroqqa surayotgandir. Zero, Alloh taolo bandalari duoda o’tinib so’rashini yaxshi ko’radi. Kim eshikni qoqaversa qachondir ochiladi”.

Alloh taolo har bir narsani hikmat bilan qiladi. Bandalari so’ragan narsalarini unda zarar borligi uchun gohida bermaydi. Sababi Robbimiz ishlarni oqibatini juda yaxshi biladi. Ba’zi tobeinlardan rivoyat qilinadi. U kishi ko’proq dushmanga qarshi kurashishni Allohdan so’rab duo qilibdilar. So’ragan narsam xayrlik narsa edi, Alloh taolo nega qabul qilmadi ekin, deb o’ylab uxlabdilar. Tushlarida: “Agar siz urushga chiqqaningizda asirga tushar edingizda shu sababdan nasroniy bo’lib ketar edingiz”, degan kimsani ko’ribdilar.

Siz Robb taolo bir narsani bermasligi ham U zotni tuhfasi ekaniga doimo komil ishonchda bo’ling!!!

Anasxon TURDIBAYEV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi