MANMANLIK – YASHIRIN KIBR
16

Manmanlik insonni o‘zini boshqalardan ustun ko‘rishga, tanqidni qabul qilmaslikka va doimo o‘z fikrini haqli deb bilishga olib boradi. Alloh taolo o’zining kalomida marhamat qiladi:
إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ مَن كَانَ مُخۡتَالٗا فَخُورًا ٣٦
«Albatta, Alloh o’zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko’rmas». (Niso surasi, 36-oyat)
Oyati karimada biz «o‘zini yuqori tutuvchi» deb tarjima qilgan ma’no «muxtol»; «odam ustidan faxr qiluvchi» deb tarjima qilgan ma’no «faxur» lafzlari bilan kelgan. Lug‘at ilmi ulamolari «muxtol»ni mutakabbir, o‘ziga bino qo‘ygan, deb ta’riflaydilar. «Faxur»ni esa Alloh bergan ne’mat ila odamlarga faxrlanadi, ammo Allohga shukr qilmaydi, deb sifatlaganlar.
Alloh taolo esa ularni boshqa oyatlarda quyidagicha sifatlaydi.
وَلَا تَمۡشِ فِي ٱلۡأَرۡضِ مَرَحًاۖ إِنَّكَ لَن تَخۡرِقَ ٱلۡأَرۡضَ وَلَن تَبۡلُغَ ٱلۡجِبَالَ طُولٗا ٣٧
«Yer yuzida kibru havo ila yurma! Albatta, sen zinhor yerni teshib yubora olmaysan va zinhor bo’yda tog’larga yeta olmaysan» (Isro surasi, 37-oyat).
Qur’oni Karim kishilarni tavoze’li, kamtar bo‘lishga chaqiradi. Kibru havo, mutakabbirlik musulmon odamga to‘g‘ri kelmaydi. Bu sifatlar iymonli, Allohning ulug‘ligini his etgan har bir inson uchun yotdir. O‘zining ojiz bandaligini unutgan shaxsgina yer yuzida kibru havo ila yuradi. Lekin kibru havo bilan qayerga ham borardi? Nima ham qo‘lidan kelardi? Qur’oni Karim ta’biri bilan aytganda, yerni teshib yuborarmidi yoki bo‘yi tog‘larga yetib qolarmidi? Hech narsa bo‘lmaydi. Bekorga ovora bo‘lgani qoladi, xolos.
Bu oyatlardan ko’rinib turibdiki manmanlik insonga o‘zining haqiqatda qanday ojiz maxluq ekanini eslatadi.
Alimardon KAROMATOV tayyorladi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi
