Amir Temur tomonidan Qur’oni karim asl nusxasining keltirilishi

19

Ma’lumki, Payg’ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hayotliklari chog’ida savodli kishilar ozchilikni tashkil etgani tufayli oyatlar yodlangan. Payg’ambarmizning atrofidagi ba’zi savodli kishilargina oyatlarni yozib borganlar. Xalifa Abu Bakr Siddiq (632-634) davrida payg’ambarimizning hadislarini to’plashga kirishilgan.

Xalifa Usmon (644-656) hukumronlik qilgan yillarda mavjud barcha oyatlar to’plamlari taqqoslanib va jamlanib 6 nusxada yagona bir Qur’on bitilgan.

XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko’ra, o’tmish zamonlarda ularning uchtasi Makka va Madinada, ikkitasi Misrda, bittasi Turkiyada saqlangan. Bu yerdagi, ya’ni Istambuldagisini 1912 yilda hajga borgan o’zbeklar Aya-So’fiya masjidida ko’rib, uning hozirda Toshkentda saqlanayotgan Qur’oni karimga juda o’xshashligini bayon etganlar. Demak, u Turkiyadan mamlakatimizga keltirilgan degan fikr yuzaga keladi.

Biroq uning Turkiyadan olib kelinganligi haqida har xil fikrlar mavjud. Bu haqda 1870 yilda “Golos” gazetasida shunday yozilgan: “Salkam 400 yil ilgari naqshbandiya tariqatining piri Xo’ja Ahrorning muridlaridan biri hajdan qaytayotib Rumda, ya’ni Konstantinopolda (Istambulda) to’xtaydi. Bu vaqtda Turkiya sultoni juda og’ir dardga chalingan edi. Xo’ja Ahrorning muridi uni darddan forig’ etgan ekan. Sulton, agar shifo topsam, tabib nima talab qilsa, shuni so’zsiz bajaraman, deb ont ichgan ekan. Murid uni davolab, Qur’oni karimning asl nusxasini so’rabdi. Noiloj qolgan sulton vaziri va boshqa ayonlar bilan maslahatlashib, Qur’onni muridga berishga majbur bo’libdi. Murid uni darhol Xo’ja Ahrorga yuboribdi ”.

Qur’oni karim shu tariqa Samarqanddagi Xo’ja Ahror masjididan joy olgan ekan. Ammo bu ma’lumot afsonaga o’xshaydi. Hozirda uning 6 nusxasidan 5 tasi mavjud, bittasi esa Madinada masjidga o’t tushganda kuygan ekan. Qur’onni soniga qarab hisoblaganda ham Amir Temur uni Oltin O’rdadan olgani ma’lum bo’ladi. Zero, uning ikkitasi Madina va Makkada. Ikkitasi Misr va Turkiyada. Beshinchisi bizning yurtimizda saqlanmoqda. Demak, bu ma’lumotlar Qur’oni karim Oltin O’rdadan olingani haqida dalolat beradi. XX asr boshlaridagi tekshiruvga ko’ra, kiyik terisiga yozilga Qur’oni karimning umumiy hajmi 68×53 hisoblanib, 353 varaqni o’z ichiga olgan. Bu varaqlarning yaltiroq va sarg’ish rangdagi yuz tomoni yaxshi saqlanib, ularning orqa beti birmuncha g’ijimlanganroq, siyqalangan ko’rinishda bo’lgan.

Shuni aytish lozimki, Qur’oni karimning asl nusxasining sohibi bo’lish va uni o’z ko’zi bilan ko’rib hayot kechirish katta baxt va saodatdir. U bizning diyorimizda saqlanishi Alloh taoloning xohish-irodasi va marhamatidir. Buyuk bobomiz Amir Temur uni yurtimizga keltirib, o’zbek xalqining shon-shuhratini olamga taratishga va ma’naviy hayotini bezashga ulkan hissasini qo’shdi. Bu borada u o’z vatani va xalqiga beqiyos katta xizmat qilgan edi.

 Alimardon KAROMATOV tayyorladi.

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi