NAJMIDDIN KUBRO-JASORAT VA OLIYJANOBLIK NAMUNASI
53

Ko‘rdimki, vaqtini “esiz”, “qaniydi”,
“koshkiydi”lar bilan o‘tkazgan kishining
umri eng qisqa umr ekan…
Najmiddin Kubro
Shayx Najmiddin Kubro (asl ismi Najmiddin Abu-Jonib Ahmad ibn Umar al-Xivaki al-Xorazmiy) iste’dodli shoir, buyuk vatanparvar, kubroviya tariqati asoschisi, buyuk mutafakkir, qomusiy olim, zamondoshlari ichida taniqli arbob bo’lgan. Ushbu zot 1145-yilda Xorazmda tavallud topganlar. Yoshlik paytlaridanoq hadis va kalom ilmlarini o’rgangan. Ilm olish uchun Nishopur, Xamadon, Isfahon, Makka, Iskandariya kabi ko’plab shaharlarga sayohat qiladi va turli millat va elatlarning tili, madaniyati, qadriyat-u urf-odatlari va yashash tarzini o’rganadi. Shayx Najmiddin Kubro Xorazmga 1184-yilda qaytib keladi. Shayx Najmiddin Kubro Xorazm xalqiga qilgan yaxshiliklari, ezgu ishlari anchagina ko’p. U zotning islom dini yo’lida qilgan xizmatlari hali-hanuz e’tirof qilinadi. Shu sababli unga hurmat bilan “Najmiddin” ya’ni din yulduzi, yorug‘ligi; dinning iqboli; istiqboli yoki dinning to’lei baland; iqboli porloq kishisi deb murojaat qilishgan. Shayx Najmiddin Kubro Xorazmda xonaqoh qurdiradi va u yerda o’z shogirdlariga ta’lim-tarbiya berib, ularni zamonasining yetuk shayxlari bo’lib yetishishlariga hissa qo’shadi. Bundan tashqari, Shayx Najmiddin Kubro Ahmad Yassaviydan keyingi ikkinchi yirik tariqatga asos soladi.
Chingizxon Xorazmga bostirib kirgan vaqt, shayx Najmiddin Kubro Urganchda edi. Najmiddin Kubro nomi qadimgi Xorazm diyoridan tashqarida ham ma’lum va mashhur edi. Chingizxon uning juda yaxshi inson ekanligini allaqachon eshitgan edi. Chingizxon Urganchga hujum qilishdan oldin shayx va uning oilasiga shaharni tark etishni taklif qildi. Biroq, Najmiddin Kubro qat’iy rad javobini berdi. Shundan so’ng, bosqinchi mo’g’ullar Urganch shahriga hujum qilishadi. Najmiddin Kubroni shogirdlari va izdosh-muxlislari shahardan ketishini so’rashadi. Lekin bu ham u ulug’ zotni vatanni dushman hujumi ichida qoldirib ketishiga sabab bo’lmaydi. Najmiddin Kubro o‘zining fidoyi shogirdlari – quroldoshlari bilan “yo vatan, yo sharafli o’lim” shiori ostida mo‘g‘ul qo‘shinini oxirigacha qaytarishga harakat qiladi, jang mobaynida ikki marta yaralanadi. Birinchi jarohatdan keyin shayx chopon kiyib, yara izlarini yashirishga urinadi. Ikkinchi jarohatdan so‘ng Najmiddin Kubro o‘qni o‘z qo‘li bilan ko‘ksidan chiqarib, osmonga uchirdi. Najmiddin Kubro kurashni davom ettirdi. Mo‘g‘ullar qo‘liga tushganda ham dushman bayrog‘ini qo‘lidan qo‘yib yubormadi. Mo‘g‘ullar bayroqlarini qaytarib olish uchun shayxning barmoqlarini shafqatsizlarcha kesib tashlashdi. Najmiddin Kubro so‘nggi nafasigacha Urganchda oddiy xalq bilan yonma-yon kurashdi.
Bu ulug’ zot chinakam vatanparvarlik, oliyjanoblik va halollikning yorqin namunasi sifatida hozirgi avlod uchun o’rnakdir. Uning mo’g’ul qo’shiniga qarshi mardonavor kurashi, hatto, jarohatlanganda ham jang maydonini tark qilmaganligi tahsinga sazavordir. Najmiddin Kubro bugungi kungacha buyuk avliyo va ayniqsa hurmatli shayx bo‘lib qolmoqda.
Ibrohim SAIDOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
