QIZ FARZANDI BORLARGA MUJDA BO’LSIN!
297

Qiz farzand Allohning ne’matlaridan bir ne’mat bo’lib, kimda ushbu ne’mat mavjud bo’lsa, Alloh taolo bizga farz qilgan yaxshiliklarni ularga sarflashimiz zarur bo’ladi. Qiz farzand bu rahmat va baxt sanaladi, qiz farzandning ko’pligi yoki o’g’il farzand yo’qligidan hech hafa bo’lmaslik kerak.
Ma’lumki, johiliyat davrida arablar qiz farzandlarni yoqtirishmas edi. Ular o’g’il farzand kutar edilarki, hayotda yonlarida yurib, janglarda suyanch bo’lishlari uchun. Qiz farzandni yoqtirmaslik va ulardan or qilish xavfi, ba’zi arablarni nafaqat ularni yoqtirmaslik, balki ularni o’ldirish va tiriklayin ko’mishgacha olib borardi. Alloh taolo ularning bu holati haqida shunday marhamat qilgan:
وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ * يَتَوَارَى مِنَ القَوْمِ مِنْ سُوءِ مَا بُشِّرَ بِهِ أَيُمْسِكُهُ عَلَى هُونٍ أَمْ يَدُسُّهُ فِي التُّرَابِ أَلَا سَاءَ مَا يَحْكُمُونَ
“Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g’am—alamga to’lib, yuzi qorayib ketur. Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinur. U (qiz farzand)ni xorlikla olib qolsamikin yoki tuproqqa ko’msamikin? Ogoh bo’ling! Ular qilgan hukm naqadar yomon”. (Nahl surasi 58-59-oyat)
وَإِذَا الْمَوْءُودَةُ سُئِلَتْ * بِأَيِّ ذَنْبٍ قُتِلَتْ
“Va vaqtiki, tiriklay ko’milgan qizdan so’ralsa. U nima gunoh tufayli o’ldirlgan?”. (Takvir surasi 8-9-oyati).
Ushbu oyati karimalarda qizlarga qilingan yomon munosbat qoralanib kelinmoqda va eng yomon ish ekani ogohlantirilmoqda. Bu haqda hadisi shariflarda ham bir necha tanbehlar va qiz farzandning barkasi borasida mujdalar kelgan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kimga qiz farzand tug’ilsayu, uni tiriklayin ko’mmasa va uni kamsitmasa hamda o’g’ilni undan afzal ko’rmasa, Alloh taolo uni shu (qizi) sababli jannatga kiritadi”, dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Hadisi shariflarda Nabiy saollollohu alayhi vasallam qiz farzandlarni kamsitishning yomonligini ko’p ta’kidlab kelganlar, eng muhimi Qur’oni karimda kimdir uchun qiz farzand ko’rganligi haqida xabar berilsa, yuzi burishish kabi holatlar, uni yoqtirmaslik ko’rinish qattiq qoralanib kelinmoqda. Har bir oqil inson bu narsalardan juda ehtiyot bo’lishi zarur. Qiz farzandlarni huquqlarini himoya qilish, ularga yaxshilik qilish va ularga go’zal tarbiya berib ulg’aytirishning buyuk ajrlari bor ekanligi haqida Rasulimiz taraflaridan muhim hadislar kelgan.
Shulardan biri quyida Anas ibn Molik roziyollohu anhudan qilingan rivoyat:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Kim ikki qiz tarbiya qilib ulg’aytirsa, qiyomat kuni men va u birga bo’lgan holda keladi, deb barmoqlarini birlashtirdilar”. (Ya’ni, u odam Payg’ambarimizga o’ta yaqin ekanini ifoda qilish uchun barmoqlarini birlashtirdilar). Imom Muslim rivoyati.
Oisha roziyallohu anho onamizdan qilingan rivoyatda shunday deydilar: “Bir ayol ikki qizi bilan (faqirligi uchun nimadir) so’rab kirdi, men unga berish uchun bir dona xurmodan boshqa narsa topolmadim, bas usha xurmoni unga berdim. U ayol uni ikki qizchasiga bo’lib berib, o’zi undan yemadi. So’ngra turib chiqib ketdi. (Birozdan keyin) Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizni huzurimizga kirdilar, men u kishiga (bo’lgan ishning) xabarini berdim. U zot: “Kim mana shunday qizlar bilan sinalsa, ular u kishi uchun do’zaxdan parda bo’ladi”, deb marhamat qildilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
Anas roziyollohu anhudan qilingan yana bir rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim toki (turmushga chiqish yoki vafot qilish bilan) undan ajraguncha yoki (tarbiya qiluvchi) ulardan vafot etguncha ikki yoki uch qizni yoki ikki yoki uch singilni tarbiya qilsa, men bilan u jannatda mana bunday (holatda) bo’lamiz, deb o’rta va ko’rsatgich barmoqlari bilan ishora qildilar”. Ibn Moja rivoyati.
Ushbu hadisdan shu aniq bo’lyaptiki, kimniki qiz farzandi bo’lib, ularni turmushga chiqqunlaricha go’zal tarbiyalab, ularga yaxshi muomalada bo’lsa, yoki singlisiga go’zal tarbiya berib uni turmushga bersa yoki ulardan oldin o’zi go’zal tarbiya bergan holida vafot qilib ketsa, shu odam do’zaxdan saqlanib qolar ekan. Agar qiz yoki singillar bu kishidan oldin vafot etib ketgan bo’lsalar ham holat shunday bo’ladi. Asosiysi ularni yaxshi ta’minlab chiroyli tarbiyalash va ularga shirinso’z bo’lishdir.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kimning uch qizi bo’lsa-yu, ularga sabr qilsa, ularni o’z mehnatidan taomlantirib sug’orsa va ularni kiyintirsa, ular u kishi uchun qiyomat kuni do’zaxdan parda bo’ladi”, dedilar. Imom Termiziyni Oisha onamiz roziyallohu anhodan qilgan bir rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qizlar adadini cheklamasdan: “Kim qiz farzandlardan birortasi bilan imtihon qilinsa, bas ularga sabr qilsa, ular u odam uchun do’zaxdan parda bo’ladi”, deganlar.
Imom Navaviy rohimahulloh hadisdagi “Kim qiz farzandlardan birortasi bilan imtihon qilinsa”, jumlasidagi imtihon qilinish, so’zi ishlatilishining sababi johiliyat davrida odamlar qiz farzandlarni yoqtirmasliklari bo’lgan, shuning uchun yoqtirmagan kishiga qiz farzand berilishi, u uchun go’yoki imtihon va sinov edi, deganlar.
Demak, qiz farzandlik bo’lishning ma’lum bir adadi bo’lishi shart emas, balki qiz farzand bo’lsa kifoya, ushbu qizning tarbiyasini chiroyli qilib qo’ygan otaga rahmat va do’zaxdan to’siq bo’lar ekan. Agar ular ko’p bo’lsalar, bu yana ham go’zal ish bo’lgani va shu qizlarning otasi eng baxtlik ota ekaniga yorqin dalildir.
Oisha onamiz roziyollohu anhodan qilingan rivoyatda shunday deganlar:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ummatimdan kimiki uch qiz yoki uch singlisi bo’lsayu, ularni chiroyli (tarbiyalab) ta’minlasa, ular u kishi uchun do’zaxdan parda bo’ladilar”. Imom Tabaroniy rivoyati.
Ushbu hadislardan shu narsa aniq bo’lmoqdaki, qiz farzandlarning ta’minoti otasi yoki shularga mas’ul shaxslar zimmasida ekani, ularni go’zal tarbiyalash zarurligi, ularga yomon munosabatda bo’lish islom shari’at hukmiga zid ekani va kimni qiz farzandi bo’lsa, bundan boshi osmonga yetishi zarur bo’lib, bu uchun Allohga ko’pdan ko’p shukur aytishi kerakligi.
Hadislarda Nabiy sollollohu alayhi vasallam qiz farzandlarning maratabasi va qadrini ko’tarmoqdalar va kimga Alloh taolo bir necha yoki bitta qiz farzand in’om qilgan bo’lsa, bu shu kishi uchun buyuk fazilat va ne’mat ekanini ta’kidlamoqdalar. Shunday ekan qiz farznadi bor insonga jannat muborak bo’lsin, bo’lib ham Nabiy muhtaram Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda birga bo’lishlik baxti xush bo’lsin.
Shuncha bashoratlardan keyin ham qiz farznadlarni ketma-ket tug’ib bergan ayol baxtsiz ayol, deyayotgan yoki peshonasi sho’r ota deb koyuvchilar yohud qiz farzand xushxabari berilganda jahl qiluvchi otalar ko’zlarini ochmasalar, Allohning qahriga uchrab, Nabiy alayhissalomning shafoatlaridan mahrum bo’lishlari turgan gap. Alloh saqlasin!
Alloh taolo Abasa surasida qiyomat daxshati va holatiga haqida bayon qilib:
يَوۡمَ يَفِرُّ ٱلۡمَرۡءُ مِنۡ أَخِيهِ٣٤ وَأُمِّهِۦ وَأَبِيهِ٣٥ وَصَٰحِبَتِهِۦ وَبَنِيهِ٣٦
“U kunda kishi o’z aka-ukasidan. Va onasi va otasidan. Va xotini va bola-chaqasidan qochadi”, deb marhamat qilgan.
Ushbu oyatda (وَبَنِيهِ) jumlasi “o’g’il” ma’nosida bo’lib, qiz so’zi esa (بنات) bo’ladi. Ulamolar shu o’rinda ikki xil qarashni aytadilar: biri arab tilida muzakkar ism g’olib bo’lib, uning ostiga muannas ism ham kiradi, ya’ni o’g’il so’zini ishlatilib unga qiz ham kirishini aytsalar, boshqa ulamolar esa, qiz lafzi zikr qilinmaslik sababi, qiz otaga rahmat bo’lgani, qiz oatdan qochmay, otasi jannatga kirmaguncha jannatga kirmayman deb, otasini do’zaxdan chiqarib o’rniga o’zi kirishini aytadi, shuning uchun qiz farzand zikr qilinmagan deganlar. Bu esa hadislarda qiz farzand rahmat va do’zaxdan parda bo’lishi haqida gaplarni tasdiqlovchidir.
Muhibullayev Saidmuhammadxon
Xoja Buxaoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
