BIR HADIS SHARHI
30

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salovot va salomlar boʻlsin.
Hammaga ma’lumki Ramazon oyi bu rahmat-mag’firat oyi, xayru saxovat oyi hisoblanadi. Bu oyda har birimiz imkonimiz yetgancha ibodatlarni qilib oxirat zaxiramizni koʻpaytirishimiz lozimdir. Ibodat ikki turlik boʻladi: biri jismoniy va yana biri moliyaviy.
Jismomiy ibodatga tutayotgan roʻzava o’qiyotgan farz va nafl namoz ibodatlarimiz, aytayotgan zikr tasbehlarimizdir.
Moliyaviy ibodat esa chiqarayotgan zakot, ehson va sadaqalarimizdir. Biz bu maqolamizda shu haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bir hadislarini sharhlashlikni munosib ko’rdik.
حكيم بن حزامٰ: أن النبي ﷺ قال: اليد العليا خير من اليد السفلى، وابدأ بمن تعول، وخير الصدقة ما كان عن ظهر غنى، ومن يستعفف يعفه الله، ومن يستغنِ يغنه الله، متفق عليه.
Hakim ibn Hizom (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisni keltiradi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Yuqori qoʻl pastki qoʻldan yaxshiroqdir, va qaramog’ingizdagilardan boshlang, va eng yaxshi sadaqa chin qalbdan berilgandir. Kim iffatli boʻlishni istasa, Alloh uni iffatli qiladi, kim behojatlikni istasa, Alloh uni behojat qiladi.» (Muttafaqun alayh)
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning «Yuqori qoʻl pastki qoʻldan yaxshiroqdir» soʻzlari beruvchi qoʻl oluvchi qoʻldan afzal ekanini anglatadi.
«Va qaramog’ingizdagilardan boshlang» soʻzlari haqida Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan soʻrashganida, u kishi: «Xotiningiz, u sizga: “Menga nafaqa bering yoki meni taloq qiling”- deydi, xizmatchingiz sizga: “Meni toʻydiring va ishlating” – deydi, farzandingiz esa: “Meni kimga qoldirasiz?”- deydi» deb javob bergan ekanlar. Ya’ni, Alloh sizga mas’uliyatini yuklagan har bir kishi sizning qaramog’ingizda boʻlganlardir. Farzandlaringiz, qizlaringiz, ota-onangiz, agar ular sizning yordaminingizga muhtoj boʻlsalar, ularga nafaqa berish sizga vojibdir.
Koʻpchilik odamlar oʻz oilasi va farzandlariga qilgan xarajatlarini sadaqa deb hisoblamaydilar, lekin aslida bu ham sadaqadir va inson buning uchun ajr oladi. Bu borada koʻplab hadislar mavjud. Ushbu xarajatlar vojib hisoblanadi, boshqalarga qilinadigan xarajatlar esa mustahabdir.
«Qaramog’ingizdagilardan boshlang» degani, inson uzoqdagi odamlarga nafaqa yoki sadaqa berib, oʻz qarindoshi, muhtoj yaqinlarini va qoʻl ostidagi ishchilarni ham yoddan chiqarmaslihi kerak. Avvalo yaqinlarining rioyasini qilib soʻngra begonalarga ehsonlarini chiqarish lozim.
Ma’lumki, bandani Alloh taologa eng yaqinlashtiruvchi amallari bu farz amallardir. Shunday ekan, vojib xarajatlar mustahab xarajatlardan afzalroqdir. Bu esa insonning zarur ehtiyojlari uchun boʻlgan xarajatlarni oʻz ichiga oladi. Zaruratlardan ortiqcha, isrofgarchiliksiz qilinadigan ehsonlar uchun ham inson ajr oladi. Ammo haddan tashqari xoʻja ko’rsinga qilingan ehsonlar bu uning nafsini buzishi va ne’matga nisbatan noshukrlikka olib kelishi mumkin, bu esa maqtovga loyiq emas.
وخير الصدقة ما كان عن ظهر غنى
«Va eng yaxshi sadaqa chin qalbdan berilgandir» soʻzlari haqida ba’zilar bu jumladagi «ظهر غنى» soʻzini insonning boyligi keng boʻlgan holat deb tushunishgan. lekin bu uzoqroqdir. Eng yaqin ma’no shuki, bu sadaqa, insonning zarur ehtiyojlaridan ortiqcha boʻlgan narsalarni chin qalbdan berilgan sadaqadir. Shuning uchun Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) أفضل الصدقة جهد المقل «Eng yaxshi sadaqa mollarining oz boʻlishiga qaramay berilganidir” deb aytadilar: «Agar bundan insonning juda boy boʻlgan holati nazarda tutilganida, edi bu Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning keying aytgan hadisi bilan ziddiyatda boʻlardi. Shunday ekan insonning zarur ehtiyojlaridan ortiqcha boʻlgan narsalardan cin qalbdan berilgan sadaqa deb tushuniladi.
«Kim iffatli boʻlishni istasa, Alloh uni iffatli qiladi» soʻzlari, ya’ni, u odamlar oldida qoʻlini choʻzmaydi, hech kimdan hech narsa soʻramaydi, va Alloh uni boshqalarga muhtoj boʻlishdan saqlaydi.
«Kim behojatlikni istasa, Alloh uni behojat qiladi.» soʻzlari, ya’ni, u boshqalarga muhtoj boʻlmaslikni istasa, Alloh uning ehtiyojlarini qondiradi. Ushbu nafs haqida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: المعونة على قدر المئونة «Koʻmak xarajat miqdoriga qarab beriladi». Inson qancha koʻp xarajat qilsa, shuncha koʻp yordam oladi. Shunday ekan, inson Allohning lutfu marhamatlariga ishonib, sabr va koʻmak oladi, bu esa uning ehtiyojlarini qondiradi. Alloh taolo bandasiga qiyinchiliklarni uni sindirish uchun yubormaydi, balki odamlarning imonlariga qarab sinovdan oʻtkazadi.
Ba’zi odamlar tog’dek sinovlarga duch keladi, lekin Alloh ularga sabr va yordam beradi, shunda ular oʻzlari ham hayron qolishadi. Masalan, ba’zi odamlar yarim kun ovqat yemasa, qoʻllari titraydi, lekin roʻza tutganlarida, hatto saharlik qilmagan boʻlsalar ham, kunning yarmida hech qanday qiyinchilik sezmaydilar. Bu Allohning ularga bergan koʻmagi va kuchidir.
Alloh taolodan bizga lutfu marhamat koʻrsatishini, uni eslashda, unga shukr qilishda va uni yaxshi ibodat qilishda bizga kuch-quvvat berishini soʻraymiz.
Xayrulla Qurbonov Yunusovich
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi oʻqituvchisi
