IMOM ABU HANIFANING ILMIY DARAJASI (5-qism)
20

Abu Hanifa r.a. o‘z dunyo qarashiga ega, o‘ziga xos mustaqil yo‘lni tutgan faqih olim edi. U haqida aytilgan maqtov sadolari avlodlar osha jaranglab, U zotning siyratlariga xush bo‘y taratib kelmoqda. Ulamolardan biri shunday degan edi: “Men Abu Hanifaning huzurida besh yil bo‘ldim. U kishidek uzoq sukut saqlaydigan kishini ko‘rmadim”. Agar fiqhdan biror savol so‘ralsa, ochilib, seldek quyilar edi.
Zamondoshlaridan biri Abdulloh ibn Muborak U zotni: “Ilmning mag‘zi, deb tavsiflaganidek, ilmning eng tubigacha yetib borgan edi. Masalalarning tub mohiyatiga yetib borar va o‘zining usuliy qoidalarini shu asosga barpo qilar edi. Zamonasida fikri, ilmi va ilmiy munozaralari bilan shuhrat qozondi. Mutakallimlar bilan munoqasha qilar, bid’atchi toifalarning havoiy aqidalariga raddiya berar, turli firqalar bilan munozara qilar edi. U zotning kalom ilmi masalalarida o‘ziga xos qarashlari borligi ma’lum. Hatto, bu ilmda u kishiga mansub risolalar ham mavjud. U zot fiqh, taxrij, hadislarni tushunish, ahkomlarning illatini istinbot qilish va unga usuliy qoidalarni asoslash borasida yuksak maqomga egadir. Bu haqda zamondoshlaridan biri: men hadisni tushunish borasida undan yaxshiroq kimsani ko‘rmadim”, degan.
Abu Hanifada bunchalik ko‘p ilm qayerdan paydo bo‘ldi? Uning manba’si qayerda? Unga zamin tayyorlagan narsa nima? Unda qanday imkoniyatlar mavjud bo‘ldiki, islom olami tarixida ilmi rivoyat qilib kelinadi.
Abu Hanifaning ilmda yetuklikka erishishiga asos bo‘lgan to‘rtta sabab bor. Birinchisi, uning tabiatidagi sifatlar. Ikkinchisi, uni ilmga yo‘naltirgan va unga katta ta’sir o‘tkazgan ustozlari. Uchinchisi, shaxsiy hayoti va tajribalari. To‘rtinchisi, u yashagan zamon va uni o‘rab turgan mafkuraviy muhit. Keying qismlarda ana shu sabablarning har biri haqida alohida so‘z yuritamiz.
Davomi bor…
Olloyor OMONOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
