TUNDA BEDOR KUNDUZI RO‘ZADORLAR DARAJASIGA YETKAZUVCHI XULQ
16

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, mo‘min o‘zining husni xulqi ila ro‘za tutuvchi va bedor bo‘luvchining darajasini topadir», deganlarini eshitdim». Abu Dovud, Termiziy, Ibn Hibbon va al-Hokim rivoyat qilgan.
Kunduzlari ro‘zador bo‘lib, kechalari tik turib namoz o‘qigan holida bedor bo‘lib o‘tkazadigan odam qanchalar oliy darajalarga erishishini ko‘plab kitoblarda bayon qilingan. Shuningdek, o‘ziga farzu vojib bo‘lgan amallarni bajarib turib yana nafl amallar bilan ortiqcha savob ishlayman degan odam husni xulq bilan ham yuqori darajalarga erishmog‘i mumkin bo‘lar ekan. Umuman husni xulq bunga o‘xshash ulkan savoblar bilan birga ko‘pgina yaxshiliklarga ham erishtirishi turgan gap. Husni xulqli odamni hamma yaxshi ko‘radi va hurmat qiladi. Undan hamma mamnun bo‘ladi. Husni xulqli kishi o‘zi yashab turgan jamiyatning ko‘rki bo‘ladi.
Abu Dardо roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan ko‘ra og‘irroq narsa bo‘lmas. Albatta, Alloh fahsh va chirkin so‘z aytuvchni yomon ko‘rur», dedilar». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.
Qiyomat kunida bandaning amallarini tortadigan adolat tarozusida yaxshi amallari og‘ir kelib jannatga kirishni istagan odam husni xulqli bo‘lishi kerak ekan. Husni xulqli bo‘lmay, fahsh gap va ishlarni qiladigan, tilida yomon so‘zlar ko‘p aytiladigan kishi bo‘lish esa Alloh taoloning yomon ko‘rishiga sabab bo‘lar ekan. Shuning uchun husni xulqli bo‘lgan inson fahshdan hamda qo‘pol gap-so‘zlardan yiroqda bo‘lib ikki dunyoda yaxshiliklarga erishadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. Bas, u zot: «Allohga taqvo qilish va husni xulq», dedilar.
Banda o‘zining husni xulqi bilan ham xuddi Allohga taqvo qilish bilan erishgan kabi oliy darajalarga erishishi mumkin ekan. Allohga taqvo qilishga husni xulq ham qo‘shilsa qanchalar ulug‘ ish bo‘lar edi. Zotan bu ikki narsa bir-biri bilan chambarchas bog‘langandir.
Banda o‘zining og‘zidan chiqqan bir og‘iz so‘z orqali ulkan saodatga erishgani kabi katta badbaxtlikka yo‘liqishi ham mumkin. Shuning uchun og‘izga ehtiyot bo‘lish kerak.
Go‘zal xulq sohiblariga katta ajru savoblar va yuksak maqom va martabalar va’da qilingan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Botil ekanini bila turib yolg‘onni tark qilgan kishiga jannatning chetidan uy bino qilinadi.Garchi haq bo‘lsa ham tortishmagan kishiga jannatning o‘rtasidan uy bino qilinadi. Xulqi chiroyli bo‘lgan kishiga esa jannatning eng oliy joyidan uy bino qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Go‘zal xulq Payg‘ambarimiz alayhissalom eng yaxshi ko‘rgan inson bo‘lishga sababdir. Bu haqda Rasululloh alayhissalom bunday deganlar: “Qiyomat kuni menga mahbubrog‘ingiz va yaqinrog‘ingiz xulqlari chiroylirog‘ingizdir. Qiyomat kuni men uchun yoqimsizrog‘ingiz va mendan uzoqrog‘ingiz sergap, ko‘p vaysaydigan va “mutafayhiqlardir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, biz sergap va ko‘p vaysaydiganlarni bilamiz. “Mutafayhiqlar” kimlar?” deb so‘raldi. U zot: “Mutakabbirlardir”, deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Xususan, hozirgi paytda husni xulq mavzusiga ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlarimizda ham juda muhtojmiz. Ayniqsa, ayrim yoshlar hayotda o‘zlarini odobli tutsalarda, ijtimoiy tarmoqlarda mutlaqo o‘zgacha xulqda bo‘lishlari achinarli hol. O‘zaro yozishma va muloqotlarda birovlarni haqorat qilish, kamsitish, insonlarni g‘iybat qilib, obro‘sizlantirish oddiy holga aylanmoqda. Aslida, shariatimizga ko‘ra “Al-maktub – kal-maxtub” ya’ni, “Yozilgan so‘z aytilgan gap bilan barobar” degan qoida bor. Shuning uchun musulmon kishi har bir gap-so‘zini o‘ylab yozishi, g‘iybat va bo‘hton hamda o‘zgalarga qo‘pollik va zulmdan juda ehtiyot bo‘lishi zarur.
Go‘zal xulq umr ziyoda bo‘lishi va yurt obod bo‘lishiga sababdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Kimga muloyimlikdan nasiba berilgan bo‘lsa, unga dunyo va oxirat yaxshiligidan nasibasi berilibdi. Silai rahm, husni xulq va yaxshi qo‘shnichilik diyorlarni obod, umrlarni ziyoda qiladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Umuman olganda, go‘zal xulq har bir insonning hayotidagi katta ta’sirga ega bo‘lib, uning shaxs sifatida yuksalishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, jamiyatdagi yaxshi axloq va odob, barqarorlikni va tinchlikni saqlashga yordam beradi.
Xalikov Nurullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
