ARAB TILI VA MADRASALARDA UNI O‘QITISH METODLARI

81

Arab tili Islom olamining asosiy ilmiy va diniy tili bo‘lib, Qur’on, hadis, tafsir, fiqh va boshqa diniy ilmlarni o‘rganish uchun muhim hisoblanadi. Shu sababli madrasalarda arab tilini o‘qitish asosan nahv (sintaksis) va sarf (morfologiya) fanlariga asoslangan holda olib boriladi. Klassik davrda arab tili grammatikasini o‘rganish an’anaviy ta’lim tizimi asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda uni zamonaviy pedagogik metodlar bilan uyg‘unlashtirish dolzarb masalalardan biridir. Madrasalarda arab tilini o‘qitishning asosiy usullari asosan quyidagilardan iborat:

Nahv va sarf ilmlariga tayanish – Talabalarga arab tilining grammatik tuzilishi tafsilotlari bilan tushuntiriladi. Bu borada «Drusun Nahv» asari va Ibn Hojibning «Kofiya»asari kabi manbalar asosiy qo‘llanma sifatida foydalaniladi.

Matnshunoslikka asoslangan yondashuv – Madrasalarda arab tili Qur’on, hadis va fiqhiy matnlarni o‘qish orqali o‘rgatiladi. Talabalar klassik matnlar bilan ishlashni o‘rganadilar.

Murabbiy va shogird usuli – O‘qituvchi o‘z bilimini talabaga bevosita og‘zaki yoki yozma ravishda yetkazadi, shogird esa uni yod oladi va so‘nggi bosqichda mustaqil tahlil qilishga o‘tadi.

Muntazam ravishda takrorlash va yodlash – Arab tilini o‘zlashtirish jarayonida so‘zlar va grammatik qoidalarni yodlash katta ahamiyatga ega.

Hozirgi kunda madrasalarda arab tilini o‘qitishda quyidagi zamonaviy yondashuvlar qo‘llanmoqda:

Kommunikativ metod – Arab tilini faqat grammatik qoidalar orqali emas, balki og‘zaki muloqot orqali o‘rgatish. Bu usul talabalarni real hayotiy vaziyatlarda arab tilida gapirishga undaydi.

Interfaol ta’lim – O‘quv jarayonida multimediyaviy resurslar, audio va video materiallardan foydalanish orqali talabalarni jalb etish.

Qiziqarli va kontekstual o‘qitish – Matnlarni faqat grammatik tahlil qilish emas, balki ularning mantiqiy va kontekstual ma’nolarini tushuntirish orqali til o‘rganishni osonlashtirish.

Online va texnologik yondashuvlar – Arab tilini o‘rganish uchun maxsus mobil ilovalar, interfaol darsliklar va virtual platformalar yordamida mustaqil o‘rganish imkoniyati yaratilgan.

Arab tilini o‘qitishda an’anaviy va zamonaviy metodlarning uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. Faqat grammatikaga asoslangan ta’lim talabalarni muloqot qobiliyatidan mahrum qilishi mumkin, shu boisdan kommunikativ yondashuvni rivojlantirish zarur. Arab tilini chuqur o‘zlashtirish uchun madrasalarda o‘qitish tizimini takomillashtirish, talabalarga nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalar ham berish lozim.

Tursunpulatov Azizbek

Xoja buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi