IMOM ABU HANIFANING BOSHIDAN KECHIRGAN SINOVLARI VA VAFOTI (4-qism)
29

Abu Hanifa r.a. turli kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar va ixtiloflar avjiga chiqqan davrda yashadi. Ummaviylar va Abbosiylar davlatini ko‘rdi. Atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga chalg‘imay, har qanday holatda ham u o‘z mavqesida turdi. Biror marta ham xorijiylarga qo‘shilib davlatga qarshi chiqqan yoki qo‘zg‘olonchilar tarafida bo‘lib hukumatga qarshi bosh ko‘targan emas. Ummaviylarning Ko‘fadagi voliysi Umar ibn Hubayra Abu Hanifani o‘zi bilan birga ishlashini talab qilganda, bosh tortgani uchun zindonda azoblangan. So‘ngra u yerdan Makkaga qochib boradi va 130-136 h. yillar davomida Makkada qo‘nim topib, u yerda Ibn Abbos r.a.dan meros bo‘lib qolgan usulda fiqh va hadis fanlari bilan tanishadi.
Davlatni boshqarish Abbosiylarning qo‘liga o‘tgach yana Kufaga qaytib keladi. Ularga sodiq ekanligini e’lon qiladi va Ko‘fa masjididagi dars halaqasiga qatnashni davom ettiradi. Abu Hanifa r.a. Abbosiylar davlatiga nisbatan yaxshi munosabatda davom etib borar edi, biroq Xalifa Mansurning Payg‘ambar a.s.ning oilalariga nisbatan, ya’ni Ali r.a.ning ba’zi avlodlariga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lishi Abu Hanifaning xalifani bu ishini tanqid qilishiga sabab bo‘ldi. Xalifaning atrofida Abu Hanifaga hasad qiladigan kimsalar ko‘p edi. Ular xalifaning ko‘nglida Abu Hanifaga nisbatan nafrat uyg‘otishga harakat qilishar edi. Kunlarning birida xalifa Mansur Abu Hanifa r.a.ga uning xalifaga nisbatan ixlosini sinash uchun qozilik mansabini taklif qiladi. Abu Hanifa r.a. gunohkor bo‘lishdan qochib qozilik mansabini qabul qila olmasligini aytib uzr so‘raydi. Chunki, u qozilik mansabi juda og‘ir ekanligini, uni to‘g‘ri ado etishga qurbi yetmasligini yaxshi bilar edi. Aynan mana shu e’tirozi Abu Hanifaning o‘ta og‘ir sinovlarga duchor bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Chunki, xalifa Mansur uchun Abu Hanifadan uning tanqidlari uchun o‘ch olishga fursat paydo bo‘ldi. Abu Hanifa r.a. bir qancha muddat zindonga tashlanib, azoblandi. So‘ngra, faqat fatvo berish huquqi bilan zindondan ozod etildi. Ammo, u kelgan masalalarga fatvo bermay qo‘ydi. Shundan so‘ng, yana zindonga tashlandi. Keyinchalik zindondan chiqarildi va uy qamog‘iga hukm qilindi. Uning oldiga odamlar kelishi va fatvo berishi man qilib qo‘yildi. Eng ishonchli rivoyatlarga ko‘ra Abu Hanifa r.a.ning hayoti to umrining oxirigacha shu holatda davom etdi. Ba’zi rivoyatlarda u kishini zindonda zaharlab o‘ldirilgan, deyilgan. U 150 h. sanada vafot etgan.
Abu Hanifa r.a. jasadini Xayzaron degan joyga dafn qilishlarini vasiyat qilgan edi. Uni o‘sha yerga olib borishadi. Janoza namozida qatnashganlarning adadi ellik mingdan ziyod bo‘lganligi aytilgan. Janoza namozini xalifa Mansurning o‘zi o‘qidi. U Abu Hanifaning naqadar buyuk din va taqvo sohibi ekanligiga iqror bo‘lib: sizning hayotingiz va o‘limingiz uchun endi meni kim ma’zur tutadi, deb nadomat chekdi. Alloh taolo U zotni O‘z rahmatiga olsin.
Olloyor OMONOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
