IMOM ABU HANIFANING AXLOQI (3-qism)
23

Abu Hanifa r.a. yuksak darajada dinga va ibodatga berilgan, kunduzlari ro‘zador, kechalari bedor, Allohning kalomi Qur’oni karimni mudom tilovat qilishlikni o‘ziga odat qilib olgan, o‘ttiz yil davomida tunni namoz o‘qib bedor o‘tkazgan buyuk zot edi.
Oxirat azobidan qo‘rqib ko‘p yig‘lar edi. Hatto, qo‘ni qo‘shnilari uning ko‘p yig‘lashidan unga rahmlari kelar edi. O‘ta hayoli, barcha go‘zal odoblarni o‘zida mujassam etgan, xususan shayxlariga nisbatan odob saqlagan shogird, ota-onasiga mehribonlik ko‘rsatgan, har namozda ularning haqlariga duo qilib, nomlaridan sadaqalar qilgan farzand edi.
Abu Hanifa o‘ta parhezkor edi. Aytar ediki: “Agar banda hayoti davomida Alloh taologa ibodat qilib, hatto manabu ustunga o‘xshab qurib qaqshasada ammo qorniga kirayotgan narsa halolmi yoki harom ekanligini bilmasa uning ibodati qabul bo‘lmaydi”. Shuning uchun ham shubha aralashgan narsalardan o‘zini saqlar edi. Agar biror molda shubha borligini gumon qilsa uni faqir va muhtojlarga tarqatib yuborar edi. Darhaqiqat, bir kuni tijoratdagi sherigi aybi bor ko‘ylakni aybini aytmay sotib yuborgani uchun bor molining hammasini sadaqa qilib yuborgan.
Abu Hanifa r.a. odamlar bilan bo‘ladigan tijoriy muomalada juda ham buyuk omonat egasi edi. Hatto ko‘pchilik u kishini tijorat sohasida Abu Bakr Siddiq r.a.ga o‘xshatishar edi. U zot ulamolar orasida qanday yuksak maqomda bo‘lsa, tijoratchilar orasida ham eng sodiq tijoratchining komil timsoli edi. U zot haqida zamondoshi Maliyh ibn Vakiy’ shunday degan: “Abu Hanifa r.a. buyuk omonat egasi edi. Allohga qasamki, buyuk qalbli inson edi. Allohning roziligini hamma narsadan ham yuqori qo‘yar edi. Agar Alloh yo‘lida boshiga qilich kelsa ham haqiqatdan qaytmas edi”.
Oliyjanoblik va saxovatpeshalik u kishining eng ko‘zga ko‘ringan xulqlaridan edi. Taqvodorligi va ozgina foyda bilan kifoyalanishlariga qaramay tijoratlari ko‘p foyda keltirar va daromadlarining aksarini mashoyixlar va muhaddislarning sharofati tufayli Allohning fazliga sazovor bo‘lganini e’tirof etgan holda ularga infoq qilar edi. Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Abu Hanifa fiqh ilmida mashhur faqih kishi edi. Molu davlati bisyor, atrofidagi kishilarga xayr-ehson ulashish odati hammaga ma’lum, kecha-yu kunduz ilm olishga sabrli, tunlari qoim, ko‘p sukut saqlar, to halol yoki harom haqida savol berilmaguncha gapirmas edi”.
Abu Hanifa r.a. tashqi ko‘rinishi go‘zal qiyofada bo‘lishiga juda ham katta e’tibor qaratar edi. U kishini odamlar qanday yaxshi sifatlar bilan zikr qilsalar, o‘sha sifatlarga ega bo‘lishga harakat qilar edi. Kiyim boshiga ahamiyat berar, hushbo‘y surishni hush ko‘rar, chiroyli hay’atda yurar edi. O‘ziga yaqin bo‘lganlarni ham mana shunga undar va Rasululloh s.a.v.ning:
إن الله يحب أن يرى أثر نعمته على عبده
ya’ni: “Albatta, Alloh taolo bandasiga bergan ne’matining asarini unda ko‘rishni yaxshi ko‘radi”, degan hadislarini eslatar edi.
Davomi bor…
Olloyor OMONOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
