IMOM ABU HANIFANING ILM TALAB QILISHI (2-qism)
10

Abu Hanifa r.a. o‘z zamonasidagi islomiy ma’rifatni o‘zlashtira bildi. Qur’oni karimni Osim qiroati bo‘yicha yodladi, hadisdan dars oldi, nahv, adabiyot va she’rdan yetarli darajada tahsil oldi. Shuningdek, kalom ilmi va din asoslaridan dars o‘qidi. E’tiqod va shunga bog‘liq masalalarda ixtilof qilayotgan firqalar bilan bahs va munozara olib bordi. So‘ngra, fiqh ilmi bilan shug‘ullanishga o‘tdi. Umrining oxirigacha shu ilm bilan shug‘ullanishda davom etib, bor tafakkurini shunga bahshida etdi. Fiqh ilmini tanlagani haqida u zotning o‘zi shunday degan edi: “Har qachon fiqh bilan mashg‘ul bo‘lganimda qalbimda uning ulug‘ligi yanada ortib boraveradi… Bildimki, farzlarni ado etish, dinni qoim qilish va ibodatni mukammal bo‘lishi faqat fiqhni bilish bilan to‘g‘ri bo‘ladi. Dunyo va oxirat talabi ham aynan fiqhni bilishdadir”.
Abu Hanifa r.a. fatvo berishni o‘rganish uchun o‘z asrining ulug‘ mashoyixlari sari yo‘l oldi. Yigirma ikki yoshidan boshlab shayxi Hammod ibn Abu Sulaymonning xizmatida bo‘lib, to shayxi vafot etgunicha, ya’ni qirq yoshigacha undan ajramadi. Abu Hanifa r.a. shayxi Hammodning xizmatida bo‘lgan vaqtida ham ko‘p marta Allohning baytiga haj ziyoratiga borgan, Makka va Madina shaharlaridagi fuqaho va muhaddis ulamolar bilan uchrashgan. Ulardan hadislar eshitgan, fiqhiy masalalarda ular bilan muzokara olib borgan, o‘z navbatida ularning fiqhiy usullaridan boxabar bo‘lgan.
Tobeinlarni qayerda va qachon ilm olganlarini o‘rganar, xususan fiqh va ijtihodda alohida o‘rin tutgan sahobalar bilan aloqada bo‘lgan tobeinlarga ergashar edi. Bu xususda Abu Hanifaning o‘zi shunday degan edi: “Umar, Abdulloh ibn Mas’ud va Ibn Abbosning fiqhini o‘zlarining as’hoblaridan olganman”.
Abu Hanifa r.a. qirq yoshida Ko‘fa masjidida shayxi Hammodning o‘rnini egalladi. Shogirdlari bilan yangi fatvolar va turli masalalar ustida muzokara olib borar edi. O‘xshash misollarni bir-biriga kuchli mantiq va o‘ta zakiy aql bilan qiyoslar edi va shu tariqa hanafiy mazhabining fiqhiy usuliga asos solindi.
Davomi bor…
Olloyor OMONOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
