IMOM ABU HANIFANING HAYOT YO‘LI (1-qism)

22

U zotning hayotidan lavha (80-150 h.).

Nasabi: Abu Hanifa An-No‘mon ibn Sobit al-Forsiy Imom A’zam nomi bilan tanilgandir. Bobolari asli Qobil ahlidan bo‘lib, diyorlari fath bo‘lganda asir olinib, so‘ngra ozod etilganlar. Abu Hanifa garchi asirlikdan ozod etilgan kishining avlodi bo‘lsada, na uning o‘zi va na otasi qullikda bo‘lmagan. Balki, asli hur bo‘lgan. Forsiy nisbatining berilishi asrlar osha u zotning sharaflariga sharaf qo‘shdi xolos. Zero, sahobalardan so‘ng islom diyorida uzoq vaqt ilm maydonining markazida turganlarning aksar qismi ham mavlolardan edi. Qolaversa, Rasululloh s.a.v.ning aynan shular haqida aytgan bashoratlari ham o‘z tasdig‘ini topgan edi:

لو كان العلم بالثريا لتناوله أناس من أبناء فارس

ya’ni: “Agar ilm Surayyoda bo‘lganida uni fors o‘g‘lonlaridan bo‘lgan kishilar olib tushar edi”.

Tug‘ilishi va vafoti:

Abu Hanifa r.a. Ko‘fada saksoninchi hijriy sanada tavallud topdi. Shu yerda o‘sib ulg‘aydi va hayotining aksar qismini shu shaharda ta’lim olib, ta’lim berib o‘tkazdi.

Otasi Sobit ham islom dinida tavallud topgan. Rivoyat qilinishicha, u kishi bolalik vaqtida otasi Zuto bilan Ali ibn Abu Tolib bilan uchrashgan. Shunda Ali r.a. uning o‘zi va zurriyotlari haqiga baraka tilab duo qilgan.

Abu Hanifa sof islomiy oilada ulg‘aydi. Hayotini tijoratchilik bilan boshladi. So‘ngra o‘z zamonasining faqihi Ash-Sha’biy undagi zakovat va fikrlash qobiliyati kuchliligini ko‘rgach, tijoratni tashlamagan holda ulamolarning suhbatida hozir bo‘lib turishlikni tavsiya qildi. Shundan so‘ng u tijorat bilan shug‘ullanish bilan bir paytda ilm olishga kirishdi.

Davomi bor…

Olloyor OMONOV 

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi