O’LIMDAN AVVAL UNI YOD ETISHLIK

25

Islom dinida har bir tirik jon borki o’lim degan holatga duch kelishi ko’p zikr qilinadi. Qolaversa, unga tayyorgarlik qilib borishiga katta ahamiyat qaratilgan. Bu, insonni nafaqat o’zining kundalik ishlari va maqsadlari bilan band bo’lishidan saqlaydi, balki uni oxiratga tayyorlashga ham yordam beradi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu dan rivoyat qilingan hadisda u zot aytadi: Rosululloh sollallohu alayhi va sallam yelkalarimni ushlab “dunyoda go’yo begonadek yoki yo’lovchi musofir kabi bo’l” dedilar.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu o’ziga o’zi yoki boshqalarga qarata “kechga ya’ni tunga yetib borsang tong otishini kutma, tong ottirsang kech bo’lishini kutma. Kasal bo’lishingdan avval sog’ligingni g’animat bilgin, o’limingdan avval hayotingni g’animat bilgin” der edilar. Yuqoridagi hadisdan dunyoga bog’lanib qolmasdan huddi musofir kabi yashamoqlik qay darajada muhimligini, Payg’ambarimiz alayhis salom qo’llari bilan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning ikki yelkalarini ushlab aytganidan bilsak bo’ladi. Agar inson o’limni tez-tez yod etib tursa u o’zini behuda ishlardan tiyadi, umrini va o’tayotgan vaqtini g’animat biladi. Shu bilan birga o’limni yod etib turishlik insonni o’z maqsadlarini tushunishga va hayotini ma’noli qilishga undaydi. Islomni avvalida qabrlarni ziyorat qilishdan qaytarilib so’ngra ruxsat berilganini asosiy sabablaridan ham biri, bu, inson bir kun kelib mana shu qabrdan boshqa joyga bormasligini bilib, ibrat olib unga tayyorgarlik ko’rib yashamoqligidir.

Shunday qilib, dunyoda musofir kabi yashash va har bir kunni g’animat bilish, bizni o’z maqsadlarimizga erishishga yaqinlashtiradi.

 

Farhod TOSHMIRZAEV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi