DUNYONING XO’JAYINI EMASSIZ!

22

Butun borliqqa nisbatan yerning hajmi dengizdagi tomchining hajmidan ham kamlik qiladi. Shunga qaramay, bu sayyorada yashagan, kibr va g’ururga to’lgan bir kimsa kunlarning birida “Men sizlarning Oliy Rabbingizman!” dedi…

Qizig’i, o’zini Oliy Xudo deb da’vo qilgan bu kimsani Oliy Rabbimiz dengiz suvi bilan “sug’orib”, so’ng keyingilarga ibrat bo’lishi uchun jonsiz tana holida sohilga uloqtirib tashladi!

Oyat-ibratlar qanchalik ko’p, lekin ibrat oluvchilar naqadar oz! Hali-hanuzgacha o’zini borliqning markazi deb o’ylaydigan, barcha uning atrofida aylanishi kerak deb hisoblaydigan shaxslar borligi ajib. Siz ham ularning biri bo’lib qolmasligingiz uchun quyidagilarni qulog’ingizga quyib oling:

  1. Muhabbatga sazovor bo’lishning yagona yo’li bu boshqalarga muhabbat taqdim qilishdir! Muhabbat his etishingiz uchun avvalo uni boshqalarga his ettiring! Savat va o’rog’ingizni ko’tarib, birorta urug’ ekmagan yeringizga borib, so’ng uyga bir uyum hosil bilan qaytishni umid qilishingiz g’irt ahmoqlikdir. Terib olish uchun avvalo ekishingiz lozim!
  2. Odamlar doim o’zgarib turadi. Ular haqidagi eski tasavvur va o’lchovlaringiz ularga emas, o’zingizga tegishli! Mohir tikuvchi sizga bir ko’ylak bichib bersa, so’ng uning oldiga bir oydan so’ng kelsangiz, u o’lchamingizni qaytadan oladi, unda eski o’lchamingiz turgan bo’lsa ham!

Siz ham mohir tikuvchi kabi bo’ling! Bugun siz o’tgan yilgi siz emassiz. Shunday ekan, boshqalar ham o’z hollarida qolishlarini umid qilmang!

  1. Osmondan tushgan vahiyni yerdagilarning ko’pi qabul qilmadi. Vahiyga nisbatan shunday bo’lgach, odamlar siz aytayotgan har qanday narsani qarsak chalib qabul qilishlarini kutmang, harchand fikrlaringiz sizga to’ppa-to’g’ri ko’rinsa ham! O’zingiz ham ko’plab fikrlarni rad etishingizni eslang. Ular ham egalari nazarida to’g’ri fikrlar bo’lgan. Demak, o’zingiz voz kechishdan bosh tortadigan haqqingizni boshqalardan tortib olishingiz insofdan emas!
  2. Siz bosib o’tishni tanlagan yo’l bu sizning yo’lingiz. Bu sayyorada yashaydigan biror kishi sizning nomingizdan u yo’lda bir qadam ham yurishga majbur emas! To’g’ri, odamlar borasida yaxshi gumonda bo’lishning yomon tomoni yo’q. Lekin, boshqalar haqida chiroyli gumon qilish boshqa narsa, ularni chiroyli gumoningizda bo’lishga majbur etish tamomila boshqa narsa! Kimnidir farishta deb faraz qilganingiz uchungina uni shunday bo’lishi kerak deb o’ylamang. Yo’lingizda yurar ekansiz, o’zingizni xuddi yerda yolg’iz yashayotgandek his eting! Yer yuzida yolg’iz o’zingiz yashayotgandek yo’lingizda yurishda davom etavering!
  3. Ibn Xaldun aytadi: “Agar tab’lar xilma-xil bo’lmaganida, mahsulotlar aynib ketar edi!”. Siz uchun birlamchi bo’lgan narsalar kimlardir uchun ikkilamchi bo’lishi mumkin. Xuddi uning birlamchi narsalari siz uchun ikkilamchi tuyulganidek. Boshqalarning hayoti o’zlarining mulki, uni o’zlari istagandek yashashga haqlidirlar. Turlichalikka hayotimizning ajralmas bir bo’lagi sifatida qarashga o’rganing, kelgindi yoki yot tushuncha sifatida emas!
  4. Odamlar ba’zida o’zlarini tushunmay qolishadi. Sizni noto’g’ri tushunishganida ajablanib o’tirmang!
  5. Siz suratning bir qismini ko’rayotgan bo’lishingiz, aslida esa uning siz umuman ko’rmayotgan boshqa qismlari ham bo’lishi mumkin. Hamma narsani ko’rib turgandek hukm chiqaravermang!

Bolaligimda o’zimga o’zim aytardim: “Dadamga maza! Bizga buyruq beradilar, lekin hech kim ularga buyruq bermaydi!”. Lekin bugun men ham ota bo’lgach, “bola bo’lish naqadar oson, ota bo’lish naqadar qiyin!” demoqdaman…

O’quvchi bo’lib yurgan paytlarim ham aytardim: “Ustozga maza! Dars qilmaydi, yodlamaydi, darsini o’tib, ketaveradi!”. Lekin bugun, o’zim ham ustoz bo’lgach, “stulida bemalol o’tirgan talabaga naqadar maza!” deydigan bo’ldim…

  1. Odamlar aql-idrokda ham turlicha. Siz ochiq-ravshan fakt deb hisoblagan narsani boshqa kimdir uzoq vaqtda anglashi mumkin. O’z navbatida, siz ham boshqalar tushunib turgan narsani anglashga anchagina vaqt ketkazishingiz mumkin, ba’zida esa tushuna olmaysiz. Shuning uchun ham “Alkimyogar” romanining muallifi Paulo Koelo bo’ladi, siz emas! Maykrosoft kompaniyasining egasi Bil Geyts bo’ladi, siz emas!
  2. Agar siz eplasangiz, bu boshqalar ham eplaydi degani emas!

Futbolchilar to’qson daqiqa yugurishadi. Siz va menga o’xshaganlar esa 15 daqiqadan keyin halloslab qolamiz. Mabodo siz ham to’qson daqiqa yugurishni eplasangiz ham, baribir yer aholisining to’qson foizi bunga qodir emas!

  1. Birinchi nasihatimda sizga: “Agar muhabbatga sazovor bo’lishni istasangiz, uni avval o’zingiz taqdim eting!” degandim. Yaxshi, endi sizga quyidagi gapni aytish vaqti keldi: “Boshqalarga qanday muomala qilsangiz, ular ham sizga shunday javob qaytarishlarini kutmang!”

 

Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»

Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi