Hindistonda ingliz mustamlakachiligi davrida britaniyalik zobit bir hindning yuziga shapaloq tushirdi. Anavi hind ham bo’sh kelmay, zobitni bir musht urib yerga yiqitib qo’ydi…

Zobit generalning oldiga borib, unga bo’lgan voqeani aytdi va: “General janoblari, uni o’limga mahkum qiling! Axir u siz janobi oliylarining askariga tajovuz qildi!” dedi. Lekin general unga kutilmagan javob berdi: “Ofitser, ellik ming rupiya ol-da, uzr sifatida anavi hindistonlikka ber!”.

Hind hadyani qabul qildi. Bu mablag’ unga bir umr orzu qilgan biznesi uchun yaxshigina sarmoya bo’lgan edi. Vaqt o’tib, mol-dunyosi anchagina ko’payib, odamlar unga barmoq bilan ishora qiladigan darajaga yetgach, haligi general zobitga buyurdi: “Ana endi uning uyiga borgin-da, qo’riqchi va xizmatkorlari oldida yuziga tarsaki tushir!”.

Zobit generalning aytganini qilib, hindning uyiga bordi-da, xizmatkor va qorovullari oldida unga shapaloq tushirdi. Shunda hindistonlik tabassumdan bo’lak hech narsa qilmadi..

Zobit qaytib, hind nima qilganini generalga aytdi. Shunda general zobitga vaziyatni tushuntirdi: “Birinchi martada hindistonlikning izzat-g’ururdan bo’lak hech vaqosi yo’q edi. Shuning uchun izzatini himoya qildi. Lekin sharafini bizga sotganidan keyin, himoya qiladigan narsasi faqat tijorati va moliyaviy manfaatlari bo’lib qoldi, shon-sharaf degan narsalar emas!”.

Hayot doimo insondan izzatini tortib olishga harakat qiladi. Afsuski, uni sotib yuborganlar juda ham ko’p. Sharafini mahkam tutib, unga narx qo’yadigan, tortishadigan, chiroyli yolg’onlar ko’rsatib avrashga urinadigan har qanday kimsaga “Alloh saqlasin!” deya oladiganlar esa naqadar kam!

Juda kam holatlarda masala ochiq-ravshan bo’lishi mumkin, masalan yer egasi bilan bosqinchining holati singari. Lekin bu vaziyatda ona yerdan voz kechib taslim bo’lishni o’z qadrini yo’qotish deb emas, ulkan xiyonat deb hisoblayman. Kundalik amaliyotlarimizdan tortib, hayotimizning eng kichik tafsilotlarida ham doimo izzat-g’ururimiz xavf ostida bo’ladi negadir..

Kimdir muhabbat uchun bir parcha latta bo’lishga ham rozi ekanini ko’rasiz. E’tibor qilsangiz, u o’zini “sevishganlar o’rtasida hurmat-izzat bo’lmaydi!” deb yupatayotgan bo’ladi. Sevgini da’vo qilayotgan bu odam shuni unutganki, qalblari yoki g’ururlarini tanlash o’rtasida ixtiyor berilganida qalblarini tanlaydiganlar oshiq bo’lishga haqli emaslar! U bundan ham muhimroq bir narsani unutgan: Axir bizni chin dildan sevadiganlar aslo bizni bunday tanlov qarshisiga qo’yishmaydi! Negaki, bizning hurmatimiz ularning hurmati hisoblanadi!

Ayrimlarni ko’rasiz, rizq topish degan bahona bilan yuzining suvini to’kib yashashadi. O’zlarini “kunlik non topib tirikchilik qilish qiyin!” deb ovutishadi. Ammo, xamiriga xorlik qo’shilgan nonga, bizni qulga aylantiradigan bunday patirga tuf bo’lsin! Go’yo rizq Allohning emas, odamlarning qo’lidadek ayrimlar uchun!

Yana kimdir ishda martabasi ko’tarilishi uchun hamkasblari borasida xo’jayiniga “quloq” bo’lib ishlaydi. “Kattakonlar”ga tanish bo’lib olish uchun maddohlar va laganbardorlar ko’payadi. “Manfaatlar fiqhi” nomi bilan soqollaru sallalar sanoqli tangalar evaziga sotilib ketadi… Xullas, Allohning kalomini o’rganib, uni Iblisning yo’lida olib yurishadi!

Ba’zi o’rinlarda bilmaslikka olish fazilat, ko’z yumish oliy axloqiy qadriyat, nazarni olib qochish oliyjanob xislat hisoblanadi. Bularning barchasi ortidan ko’zlangan maqsad Allohdan ajr kutish umidida boshqalarga so’nggi nafasgacha g’amxo’rlik qilish bo’lsa, shubhasiz bu maqtovga arzirli ish. Lekin bu odamlardan evaz kutish maqsadida bo’lsa, bilingki, qadr-qimmat degan narsalar ularning oyoqlari ostida tuproqqa belanib bo’libdi!

Qadr-qimmat, izzat-g’urur suyukligingdan ham, patir noningdan ham, sening o’zingdan ham ahamiyatliroqdir. Zero, qadrsiz odam hech kim emas!

 

Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»

Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi