OSONROQ HAYOT UCHUN MASLAHATLAR
17

Aqlimni taniganimdan buyon odamlardan “Hayot murakkab!” degan gaplarini eshitaman.
Hayot og’ir ekaniga qo’shilaman. Ayniqsa, Ahmad Shavqiy “hayotga kurash bilan erishiladi!” deganida ayni haqiqatni aytgan edi. Lekin “murakkab” deganda “tushunib bo’lmas” demoqchi bo’lsangiz, men bu fikrga qo’shilmayman.
Hayotni tushunish oson, qachonki unga qanday qarashni o’rgansak. Bu gap quruq nazariya bo’lib qolmasligi uchun quyida sizga bir nechta maslahatlar beraman. O’ylashimcha, hayotni chuqurroq anglashda ular sizga yordam bera oladi:
- Boshqalarning siz haqingizdagi fikrlari shunchaki ularning dunyoqarashlari, xolos. Siz bu fikrlar voqe’ligingizga aylanishiga yo’l qo’ymang! Kimdir sizni omadsiz desa, bu shunchaki fikr bo’lib, o’zingiz shundayligingizga ich-ichingizdan ishonmas ekansiz, hech qachon haqiqatga aylanmaydi. Shunday ekan, hech kim qanotingizni kesishiga yo’l qo’ymang!
- Tarixni o’zgartirib bo’lmaydi, lekin undan foyda olish mumkin. Tarix bilan yashash kelajakni barbod etadi. Undan ibrat olish esa sizni kuchliroq qiladi. Demak, sahifani yoping, ammo olgan darsingizni unutmang!
- Odamlarning narsalarga bergan hukmlari ko’proq o’z haqiqatlarini ochib beradi, narsalarning haqiqatini emas! Shu bois, odamlarni tushunish uchun ularga yaqin bo’lishga urinib o’tirmang. Bor-yo’g’i kuzatuvchi bo’ling, shunda har so’zlari oldida ichki dunyolaridan pardalarni olib tashlayotganlariga guvoh bo’lasiz!
- Baxt yuqumli, qayg’u ham. Atrofingizni pozitiv (ijobiy o’ylovchi) insonlar bilan o’rang, negativ (salbiy o’ylovchi)lardan uzoqroq bo’ling. Zero, Eynshteyn aytganidek: “Pozitivlarda barcha muammo uchun yechim bo’lsa, negativchilarda har qanday yechim uchun doim muammo tayyor!”
- Baxt bu qarordir, imkoniyatlar emas! Moddiy omillarning qadrini pastga urmoqchi emasman. Aksincha, ishonamanki, pul hayot g’ildiragi. Lekin buning muqobilida aytmoqchimanki, u hayot emas! E’tibor qilsangiz, ko’pincha bizni baxtli qiladigan narsalar sotib olinmaydigan narsalardir. Shu bois ishoningki, baxtingiz ichingizdan oqib chiqadi, qayg’uyingiz ham!
- Biz xato qilganimizda emas, to’xtashga qaror qilganimizda yutqazamiz. Shu ma’noda inglizlarda bunday gap bor: “Charchaganingda to’xtama, tugatganingda to’xta!”
Edison lampochkani ixtiro qilishidan oldin mingta usulni qo’llab, omadi chopmagan edi. Lekin u muvaffaqiyatsiz urinishlari ketidan bunday deydi: “Hech narsa bekorga ketmadi. Men hozir elektr chiroq yasashda qo’l kelmaydigan mingta usulni bilaman!”
- Hayotingizni o’zgartirmoqchi bo’lsangiz, fikrlaringizni o’zgartiring. To’g’ri, Bilol ibn Rabohni ozod qilgan Abu Bakr edi. Lekin aslida u o’ziga-o’zi xo’jayin ekanini anglagan lahzada o’zini ozod qilib bo’lgan edi!
- Bu hayotga “qaytar dunyo” deydilar. Vaqt esa bamisoli charxpalakdir. Nima eksang, shuni o’rasan. Soqiy nima ichirgan bo’lsa, o’ziga ham o’sha ichiriladi. Shunday ekan, sharobingiz yaxshi bo’lishi uchun odamlarga yaxshi sharob ichiring!
Yaxshilik yo’lida qo’l cho’zsangiz, Alloh yiqilganingizda yordam qo’lini hozirlamaydigan adolatsiz zot emas! Siz qilgan barcha yaxshi ishlar ertangiz uchun zaxiralab qo’yilgan yordam qo’llaringizdir. Siz qayoqdan ham bilardingiz, balki Alloh sizni odamlardan butkul behojat qilib qo’yar?! Alloh taolo siz boshqalardan yengillatgan og’riqni o’zingizga tottirishdan rahmliroqdir!
- Bezovtalik xuddi tebranuvchi kresloga o’xshaydi: sizni joyingizda qimirlatadi, lekin bir qadam ham oldinga siljita olmaydi! Kelajakning hisobini oling, o’zingizni tayyorlang, lekin ertangi kun Alloh taoloning qo’lida ekanini unutmang. Alloh bandasi U haqida qilgan gumonidek bo’ladi. U Zotga o’zingizni topshirganingizda, sizni dunyoga o’yinchoq sifatida tashlab qo’yishi Uning karamiga aslo to’g’ri kelmaydi!
- O’zingiz bilan boshqalar o’rtasidagi masofaga rioya qiling. O’zingizni ularning hayotiga bir daf’ada kiritib yubormang. Haydovchilik bo’yicha mutaxassislar yurayotgan ikki mashina orasida “xavfsizlik masofasi” nomli masofa tutishni maslahat berishadi. Buzuq mashinalar tuzatuvchi ustasini topa oladi, lekin qalblar doim ham topavermaydi. Shunday ekan, o’zingizdan bir qismingizni o’zingiz uchun olib qoling!
Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»
Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi
