DUNYONI QO’Y, O’ZINGNI O’ZGARTIR!  

12

Afsonalarda aytilishicha, bir podshoh ulkan bir saltanatni boshqarar ekan. Kunlarning birida butun mamlakatni kezib chiqish uchun uzoq safar uyushtiribdi. Yo’llarning o’nqir-cho’nqirligi va tikonzorlar tufayli oyoqlari shishib ketibdi. Shunda mamlakatning barcha ko’chalarini teri bilan qoplash haqida qirollik farmoni chiqaribdi. Lekin vazirlardan biri podshohga bunday maslahat beribdi: “Ey podshohim, buning imkoni yo’q! Aksincha, oyog’ingiz ostiga bir parcha teri tayyorlab bersak, nima deysiz? Shunda barcha yo’llar siz istagandek bo’ladi!”. Podshohga bu fikr yoqib tushibdi va shu tariqa poyabzallar paydo bo’lgan ekan!

Barcha olamni o’zgartirgisi keladi. Lekin o’zini o’zgartirishni maqsad qilgan hech kim yo’q. Holbuki, inson o’zini o’zgartirgandagina olam o’z-o’zidan boshqacha tus olishni boshlaydi!

Bu olamning mohiyati unga qaraydigan ko’zda yashiringan. Barchamizda o’sha ko’z bor, lekin kerakli qarashga ega emasmiz!

Ko’rinishidan murakkab tuyulgan bu gaplarni bir misol bilan osonlashtirishga harakat qilaman:

Ikki kishi farzandlaridan ayriladi. Birinchisi “Alloh sinashga mendan boshqasini topmabdimi?!” deydi. Shubhasiz, musibatga bu tomondan nazar solish hayotni chidab bo’lmas jahannamga aylantiradi!

Ikkinchi inson ham xafa bo’ladi, chunki u inson. Ayriliqdan yonadi, chunki u ota. Lekin u taslim bo’ladi, rozi bo’ladi. Qadarini amalga oshirishni iroda etgan Allohga nisbatan odobli bo’ladi.

Na avvalgining noroziligi unga o’g’lini qaytardi, na ikkinchi kishining roziligi unga o’g’lini qaytardi. Lekin birining ko’zida olam sherigining ko’zidagi olamdan tamomila farq qiladi…

Kichkina bir qishloqda uylarning tomlari yorilib ketgan, yomg’ir yog’sa tomdan uy ichiga chakki o’tardi. Bu holatda birov yomg’irni so’ksa, boshqa birov tomni tuzatishga urinar edi. Keyingi gal yomg’ir yog’ganida birinchi odamning uyiga suv sizib kiraveradi, ikkinchi odamning uyiga esa unday bo’lmaydi..

Birinchi odam dunyoni o’zgartirishni istaydi. U uchun osmon yomg’ir yuborishdan to’xtashi kerak, uyining tomi teshilib yotgani uchun! Ikkinchi odam esa muammo yomg’irda emas, uyining tomida ekanini yaxshi anglaydi, shuning uchun tomni tuzatadi!

Tirik ekanmiz, dunyo mana shunday davom etaveradi. Yomg’ir yog’ib turishdan hech qachon butkul to’xtamaydi, yaqinlarimiz mangu yashamaydilar, universitetlar hech qachon bepul bo’lib qolmaydi. Pulingiz bo’lmasa, kasalxonalar sizni aslo kiritmaydi, ish doim qiyin bo’lib qolaveradi, muvaffaqiyat hamisha qiyin bo’ladi, savdo markazlari tovarlarini bepul tarqatmaydi, xonadonlarda doim kelishmovchiliklar bo’laveradi!

Uyining tomi buzilgan odam yomg’ir undan o’tib ketmasligini istaydi.

Bolalari bor odam ular abadiy yashashlarini istaydi.

Kimda-kim yengil mehnat, oson muvaffaqiyat, pul so’ramaydigan bozorlar istasa, u noto’g’ri sayyoraga tushib qolibdi. Bunday odam yo o’zini o’zgartirsin, yoki o’ziga boshqa sayyora izlasin!

 

Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»

Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi