BUYUK SARKARDA VA SHOIR ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR
61

Tarixdan ma’lumki, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan ko’plab ajdodlarimiz bo’lgan. Bulardan biri sohibqiron Amir Temurning avlodlaridan Zahiriddin Muhammad Boburdir. Bugun buyuk shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludiga 542 yil to’ldi. Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat temuriylar sulolasining, balki jahon adabiyoti va tarixida chuqur iz qoldirgan shaxsdir. U Sulton Abu Said Mirzoning nabirasi bo’lib, 1483-yilning 14-fevralida Andijon shahrida tug’ildi. Bolalik va yoshlik yillari Andijon va Axsi shaharlarida o’tadi. Bobosi Abu Said Mirzo otasi Umarshayx Mirzoni Kobul viloyatiga, keyinchalik Farg’ona viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Akasi Sulton Ahmad hukmronligi davrida Toshkent va Sayram ham Umarshayx Mirzo qo’liga o’tadi. Biroq 1494-yilda Umarshayx Mirzo to’satdan vafot etadi. Butun hokimiyat 12 yoshli Bobur Mirzo qo’liga o’tadi. Davlatni boshqarish davomida Bobur Mirzoga onasi Qutlug’ Nigorxonim va Umarshayx Mirzoning ishonchli beklarida Hojiqozi yordam beradi.
Bobur Mirzo taxtga o’tirgan paytda shayboniylar shiddat bilan Movarounnahr shaharlarini ketma-ket egallayotgan bu esa zaiflashib borayotgan Amir Temur saltanatining yanada chuqur jarlik tomon yetaklayotgan edi. Mana shunday og’ir siyosiy vaziyatda Bobur Mirzo bobosi Amir Temur davlatini saqlab qolish uchun 1497-yilda imperiya poytaxti Samarqandga yurish qilib, uni egalladi. Lekin, bu paytda Bobur Mirzoning Farg’onada viloyatidagi hokimiyati zaiflashib borayotgan edi. Shu sababli Bobur Mirzo Samarqandda o’z noiblarini qoldirib o’zi Andijonga qaytdi. Sulton Ali Mirzo esa bu qulay fursatdan foydalanib Samarqandni egalladi. Biroq, Sulton Ali Mirzoning uzoqni o’ylab ish qilmaganligi va maishatga ruju’ qo’yishligi sababli Shayboniyxon Samarqandni jangsiz egallab, Sulton Ali Mirzoni qatl ettirdi. Samarqandni temuriylar sulolasi qo’lidan chiqib ketganligi Bobur Mirzoni ranjitdi. Keyinchalik 1500-yilda Shayboniyxonning shaharda emasligidan foydalanib Samarqandni ikkinchi marotaba egalladi. Ammo, kuchlar nisbati teng bo’lmaganligi sababli yana Samarqandni tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldi. Bobur Mirzoning Andijon, Toshkent, Hisor va boshqa shaharlarga yordam so’rab elchilar yuborishi hech qanday foyda bermadi. Shaybonixonning vafotidan keyin, 1511-yilda Bobur Mirzo Samaqand taxtini uchinchi marotaba egalladi. Lekin, Bobur Mirzoning ittifoqchisi safaviylarning qo’shini shayboniylar tomonidan tor-mor keltirilgandan so’ng, Bobur Mirzo qo’shini siyraklashib, zaiflashdi. Buning natijasida Bobur Mirzo yana Samarqand taxtini boy berdi. Mag’lubiyatdan so’ng Bobur Mirzo o’z yaqinlari bilan Kobul tomonga yo’l olishdi. Keyinchalik Bobur Mirzo Kobul orqali Shimoliy Hindistonni egalladi. Hindistonda Bobur Mirzo tomonidan tashkil etilgan Boburiylar imperiyasi taxminan 532 yil hukm surdi.
Bobur Mirzo hukmdor bo’lish bilan birga mohir ijodkor va shoir bo’lgan. Bobur Mirzoning “Boburnoma” asari esa uning ijodi ustunidir. Jahon adabiyoti va manbashunosligida muhim va noyob yodgorlik bo’lgan ushbu asar eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida yozilgan. Asarning “Boburiya”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Boburiy” kabi ko‘plab nomlari ham ma’lum. Bobur lirikasida yuksak va oliyjanob insoniy tuyg‘ular, adolatparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini madh etgan. Xalqda uning:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir ruboiysi mashhur bo’lgan.
Bobur Mirzo butun hayoti davomida yurt obodligi, adolatli davlat qurish va madaniyat rivojiga katta hissa qo’shgan.
SAIDOV IBROHIM 2-kurs talabasi
Xoja Buxoriy islom ta’lim muasasasi
